zafaron
Dorivor o'simliklar

Zafaron foydali xususiyatlari va ichish tartibi haqida umumiy ma’lumot

Zafaron – sapsarguldoshlarga mansub ko‘p yillik o‘tsimon tuganak piyozli o‘simlik. Yovvoyi holda uchramaydi. Hindiston, Pokiston, Xitoy, Janubiy Yevropa, Ozarbayjonda katta maydonlarda ekiladi. Piyozining diametri 1-2 santimetr. Bargi 5-15 ta, och sariq rangda; eni 2 mm, tuksiz. Guli 1-4 ta, gultoji oqish, pastki qismi (tashqi tomondan) binafsha rang, uzunligi 2-4 sm. Changchilari gulqo‘rg‘ondan qisqa. Ko‘sagi cho‘ziq, eni 6-7 mm. Fevral-iyulda gullaydi, aprel—avgustda meva beradi. Tarkibida efir moyi bo‘lgani uchun hidi juda o‘tkir va yoqimli. 90-100 ming dona za’faron gulidan 1 kg qurigan gul tumshuqchalari olinadi. Za’faron gulining quritilgan tumshuqchalari murabbo, tortlar rangi va ta’mini yaxshilash, oziq-ovqat (pishloq, sariyog‘, likyor va boshqalarda rang berish uchun), parfyumeriya (atir-upa) sanoatida ishlatiladi. Tabobatda dori-darmon sifatida qo‘llaniladi.

Zafaron o‘rta asrlardan beri bahosi va qadri tushmay kelayotgan yagona ziravordir. O‘rta asrlarda bir qadoq (450 g) za’faronni zotli arab chopqir otiga ayirboshlash mumkin bo‘lgan.

Zafaron haqida ma’lumot

Bu ziravorning nomi deyarli hamma tillarda arabcha “sariq” ma’nosini beradigan “za’faron” so‘zidan olingan bo‘lib, qadimda mazkur noyob o‘simlik-dan bo‘yoqlash moddasi sifatida foydalanilganidan dalolat beradi. Hozirgi davrda za’faron o‘zining azaliy ahamiyatini yo‘qotib, asosan pazandalikda ishlatiladi va oltin bilan teng baholanadi. Yer yuzida bugungi kunda yiliga faqat uch yuz tonna za’faron yetishtiriladi.

Ma’lumki, za’faron insoniyatga ziravorsifatida iste’mol qilinishi to‘rt ming yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lib, bo‘yoq sifatida neolit davrida tog‘larda qoya toshlariga rasm chizishda ishlatilgan. Qadimgi Mesopotamiyada uni taomda ishlatilgan izlari arxeologlar tomonidan aniqlangan. Yozuvlarda u haqda birinchi eslatmalar Shumer sivilizatsiyasi qoldiqlarida kuzatiladi. Eronda eramizdan avvalgi X asrda za’faron tolalarini qurbonlik o‘raladigan matolarni bo‘yashda ishlatilgan, undan shuningdek kuchli tomizg‘i sifatida foydalanib, attorlik mollari va lazzatli yog‘lar tayyorlashgan. Iskandar Zulqarnayn armiyasida jarohatlarni davolashda ishlatilgan.

Qadimgi Ahdda (Tavrotda) za’faron qurbonlik qilishda yordamchi vosita, bo‘yoqchilik va attorlik moddasi sifatida ishlatilishi haqida bitilgan. Qadimgi Xitoy manbalarida shifobaxsh dori vositasi sifatida eslatilgan. Sharqda budda monaxlari liboslarini bo‘yash uchun ishlatilgan. Yevropada uni ishlatgan boylar jamiyatda kiborlar tabaqasiga mansubligini ifodalagan. Rim arkoni davlati za’faronni dori sifatida, teri va matolarga bo‘yoq, attorlik moddasi sifatida ishlatgan. U – eng mazali ziravor, sifatli tabiiy bo‘yoq moddasi va qimmatbaho attorlik vositasi, hamma dardlarga davo bo‘luvchi moddadir.

Qizil oltin — zafaron

Sharqda ilgarilari u “qizil oltin” deb nomlangan. Zafaron qim-matbaholigining sababi ikkita: birinchidan, uni yetishtirish juda mashaq-qatli ish, ikkinchidan, xushbo‘yligi, ta’mi va davolash xususiyatlari bo‘yicha za’faron ziravorlar orasida tengsizdir. Za’faron – yiliga bir marta 10-15 kun ommaviy gullaydigan, har bir gul ochilishining davomiyligi faqat 2-3 kun bo‘lgan qirmizi “krokus” (lotincha nomi) onalik guli tumshuqlari-ning quritilganidir.Za’faron gullari va xususan onalik gullarini qayta ishlash faqat qo‘l mehnati bilan amalga oshiriladi. Onalik gullari tum-shug‘i faqat gullarning birinchi ochilgan kuni qirqib olinishi lozim. Uning sifati terim va uni quritishning tezligi bilan bog‘liqdir. Bir kilogramm za’faron yig‘ish uchun tongda quyosh hali onalik gullarini quritib ulgurmasidan, 150 ming dona atrofidagi guli terib olinishi lozim. Bir gektar yer maydonidan terimchilarning mahorati va ob-havoning munosib sharoitiga qarab 8-12 kilogramm za’faron yig‘ib olish mumkin.

Zafaronning kimyoviy tarkibi 10-12 % suv, 5-7 % mineral moddalar, 5-8 % moy va mo‘m , 12-13 % oqsil va eng oz miqdorda yog‘ ekstraktidan iborat o‘ziga xos va xushbo‘y yoqimli moddalardan tarkib topgan.

Qadimgi zamonlardan ma’lumki, u nodir va bemisl xususiyatlarga ega. U og‘riqni qoldiruvchi, quvonch va xursandchilik baxsh etuvchi, tushkunlikdan chiqaruvchi, quvonch gormoni – serotonin ishlab chiqarish xususiyatiga egadir. Shunday qilib, za’faron – inson doimiy iste’mol qilishga o‘rganib qolmaydigan, yengil psixotrop moddadir. Hakim Ayurveda za’faronni hazm taomni yaxshilashga, sezgi va nafas olish organlarini mustahkamlashga, jigar, buyraklar, limfa bezlarini tozalashga, titroqni bosishga, tomirlarda to‘xtagan qonni yurgizishga, yuz rangini tiniqlashga, jinsiy quvvatni faollashtirishga ham xizmat qilishini ta’kidlagan. Qadimda kiborlar jamiyatiga mansub ayollar tug‘ish oldidan og‘riqni yengillashtirish maqsadida zafaron eritilgan suvni ichishgan.

Zafaronning foydali xususiyatlari

Zamonaviy tibbiyotda u ko‘zga tomiziladigan dori tayyorlashda va umumiy quvvatlantiruvchi turli dori-darmonlar tayyorlashda ishlatiladi. Zafaronning antikanserogen va antimutagen xususiyatlarga egaligi isbotlangan. Uni qaynoq sut bilan ichilsa, bosh miya faoliyatini mustahkamlab, xotirani kuchaytiradi. Agar asal bilan iste’mol qilinsa, buyrakdagi toshlarni maydalanishiga yordam beradi. Za’faron guli tumshuqlari eritmasi inson organizmiga zarur bo‘lgan karotin, tiamin, riboflamin, flavonoidlar, kalsiy, fosfor kabi moddalarga va turli vitaminlarga boy.To‘rt ming yillik ishlatish tarixida uning to‘qson xil turli kasalliklarni davolashda qo‘llanishi aniqlangan.

Za’faronning xushbo‘y hidini hidlash insonni nafas olish organlariga ijobiy ta’sir qilib tinchlantiradi va uyqusizlikdan qutilishga yordam beradi. Kuchli bosh og‘rig‘ida va quloq shamollaganida za’faron suvida paxta yoki yumshoq matoni ho‘llab kasal a’zoga bosilsa, og‘riqni qoldiradi. Bundan tashqari u qorin ochish hissini ham kamaytiradi. Za’faron me’yoridan oshirib ishlatilsa, sezgi organlarini qattiq zo‘riqishiga olib kelishi mumkin. Me’yordan ko‘p ovqatga qo‘shilgan za’faron taomni buzishdan tashqari insonni zaharlanishga olib kelishi mumkin. Bir necha gram yangi uzilgan sifatli za’faron iste’mol qilinsa, o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin. Mutaxassis maslahatisiz homilador ayollarga tinchlantiruvchi vosita sifatida iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

Zafaron sanoatda…

Zafaron sanoatda ipak, to‘qilgan tolalar, gilamlarni bo‘yashda, sariq rangli siyoh tayyorlashda, qimmatbaho qog‘oz ishlab chiqarishda, rassomlikda, teriga yozuv ishlash va boshqalarda ham ishlatiladi.

U pazandachilikda mislsiz vositadir. Uning kichkina tolasini qo‘shib pishirilsa, taom yoqimli oltin rangida tovlanib, o‘ziga xos xushbo‘y ta’mga ega bo‘ladi va oson hazm bo‘ladi.

Zafaron to‘q qizil va jigar rang-qizil, mayin ingichka ipga o‘xshash bo‘-lib, orasida sariq rangli bir nechta tolalar bir-biriga o‘ralib, chirmashib turgan o‘simlik guli onaliklaridir. Taomni o‘ziga xos mayin, xushta’mlik va noyob aralash o‘tkir achchiq-shirin mazali qilishga za’faronning bitta ingichka tolasi ham yetarli bo‘ladi. Nozik didli xo‘randalar zafaron qo‘shilgan taom mazasini yangi o‘rilgan o‘t, temir-asal ta’mini berishini ta’kidlashadi.

Pazandachilikda za’faron suyuq ovqatlar, baliq, go‘shtli, sabzavotli taomlar va shirinliklar pishirishda ularga nozik ta’m, dorivor mazasi, chiroyli oltin rang berish uchun ishlatiladi. Za’faronni choy, kofe va alkogolsiz ichimliklarga qo‘shilsa, insonni tinchlantirib, osoyishtalik bag‘ishlaydi. Odatda za’faronning suvdagi eritmasi taom tayyor bo‘lishi oldidan qo‘shiladi. Har 1 litr tayyor taomga za’faron eritmasidan 5-6 tomchidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qo‘shish kifoya qiladi. Bunday eritma tayyorlash uchun maydalab upa holiga keltirilgan za’farondan chorak choy qoshig‘i miqdorida 50 g qaynatilgan suvga qo‘shib xuddi choy damlaganga o‘xshash uslubda 30 daqiqa tindirib, damlanma tayyorlanadi.

Za’faron xarid qilishda yanchilib maydalanganini emas, balki butun tolali gullarini olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan ikki ming yil avval Pliniy yanchilgan za’faron qalbaki bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlan-tirgan. O‘rta asrlarda za’faronni soxtalashtirgan kishi gulxan o‘tida yoqilgan. Haqiqiy za’faron hech qachon arzon narxda sotilmagan. Uni uzoq saqlab bo‘lmaydi, shuning uchun oldindan olib qo‘yib bo‘lmaydi

Zafaronning xalq tabobatidagi o’rni

Zafaron ovqat hazm qilishni yaxshilab, ishtahani ochadi, organizmning hayotiy faolligini yaxshilaydi, kishilar undan oshqozon, yurak, jigar nafas olish a’zolari va asab tizimini mustahkamlashda, buyraklarni tozalashda, og‘riqni qoldirishda, tinchlantiruvchi, peshob, o‘t va ter haydovchi vosita sifatida foydalanishadi. Lekin homiladorlikda uni iste’mol qilib bo‘lmaydi, chunki u homilani muddatidan oldin tushishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Za’faron dorishunoslik sanoatida keng ishlatiladi, u sharq tabobatining 300 dan ortiq dori-darmonlari tarkibiga kiradi. Uning damlamasi bilan qadimda kataraktani davolashgan, hozirgi vaqtda ham u ko‘zga tomiziladigan dorilar tarkibiga qo‘shiladi.

Zafaron butun organizm hujayralarini oziqlantiradi, terini silliq qiladi, rangni tiniqlashtiradi, xotira va aqliy faoliyatni yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi. Zafaron 100 dan ortiq xastaliklarni davolovchi shifobaxsh xossalarga ega. Amalda har qandalik xastalik, u boshlanish bosqichidami yoki rivojlangan oxirgi bosqichidami, bundan qat’iy nazar, zafaron yordamida 85-87 % ga shifo topadi. Tadqiqotlar buni qayta-qayta isbotlagan. Zafaronning shifobaxsh xossalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Onkologik kasalliklarni davolashda (hatto kasallikning oxirgi bosqichida saraton o‘simtalariga qarshilik ko‘rsatadi va ularning hujayralari o‘sishini to‘xtatadi);
  • Qonni tozalashda (uni yangilaydi va tozalaydi, demak yurak qon tomir tizimini mustahkamlaydi, organizmning barcha hujayralarini oziqlantiradi);
  • Miya faoliyati aktivligini yaxshilaydi (bosh miya to‘qimalarini o‘stiradi, xotirani yaxshilaydi);
  • Nevrozdan forig‘ qiladi;
  • Bosh og‘rig‘i va uyqusizlikdan xalos etadi;
  • Oshqozon-ichak faoliyatini me’yorga keltiradi;
  • Ortiqcha o‘tdan xalos etadi;
  • Buyrak va qovuqni davolaydi (asal aralashtirilgan za’faron buyrak va qovuqdagi toshlarni maydalaydi);
  • Antioksidant ta’sirga ega (energetik modda almashinuvini yaxshilaydi, zararli moddalarni chiqarib yuboradi);
  • Organizmni quvvatlaydi;
  • Ko‘rish qobiliyatini tiklaydi, ko‘z to‘rpardasidagi illatlarni davolaydi;
  • Ereksiyani yaxshilaydi;
  • Hayz siklida og‘riqni yengillashtiradi;
  • Terining kuygan va shish paydo bo‘lish holatlarida ularni davolaydi;
  • Allergiyadan xalos etadi;
  • Ichkilikbozlik illatidan xalos etadi;
  • Shamol va spazmalarni chiqarib yuboradi;
  • Butun organizmni yoshartiradi;
  • Organizmdagi radiatsiya darajasini pasaytiradi.

Za’faronni iste’mol qilish universal retsepti

Ta’siri: organizmni umumiy mustahkamlash va faollashtirish. Qonni yaxshi tozalaydi. Immunitetni mustahkamlaydi. Onkologik kasalliklarning oldini oladi.

Tarkibi: Za’faronning 2-3 gul otaligi va 10 dona mayiz olib, yarim stakan sovuq suvga solinadi, tun davomida tindiriladi— suv qo‘ng‘ir-tilla rang tus oladi.Ertalab nahorga ichiladi, xuddi shu yo‘sinda kechqurun ichishga keyingi me’yordagi dori ertalab tayyorlab qo‘yiladi.Muolaja davomiyligi – 2 oy. Bu dorini ichish uchun eng munosib vaqt bahor va yoz fasllari.

Zafaron ichish tartibi

Jigar faoliyatini me’yoriga keltirish va uni davolash maqsadida za’faron un kabi yanchilib, maydalanadi va ovqatlangandan 20 minut o‘tkazib iste’mol qilinadi.Uslubi: choy qoshig‘i uchidan til bilan yalab iste’mol qilinadi.
Erkaklar quvvatini oshirish uchun za’faron, zanjabil dorivorlarini va qora muruchni sabzavotli, go‘shtli yoki baliqli taomlar pishirilib tayyor bo‘lgach, qo‘shiladi.

Yurak, buyrak, jigar kasalliklarini davolashda, kon’yunktivit, keratit va yiringli jarohatlarni davolashda za’faronning suvdagi aralashmasidan foydalaniladi. Buning uchun bir choy qoshig‘i za’faron tolalari ustidan qaynab turgan bir stakan suv quyiladi, 20 minut tindiradi, 3 qavat dokadan o‘tkazib, sovutiladi va kuniga uch mahal ovqatdan oldin 15 gramdan ichiladi yoki bu suvga doka ho‘llab jarohatga qo‘yiladi.

Tomirlar xastaliklari, kataraktada, glaukomada, yurak qon tomir kasalliklarida va oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda, buyrak toshlarini maydalashda za’faronning quritib maydalangan va asalga aralashtirilgan tolalari til tagiga qo‘yib shimib iste’mol qilinadi.

Za’faronni qaynoq sutga qo‘shib ichish bosh miya to‘qimalarining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu xotirani yaxshilaydi, aqliy faoliyat va sezgi organlari faoliyatini yaxshilaydi.

Asablarni tinchlantirish va uyquni yaxshilash, shuningdek, peshob ajralishini yaxshilash uchun za’faron yog‘ini iste’mol qilish yaxshi natija beradi.

Bosh og‘rig‘idan forig‘ bo‘lish uchun za’faronning 3 dona tolasini olib, 3-4 tomchi eritilgan (topleniy) yog‘ga aralashtiramiz. Yaxshilab aralashtirib burun kataklari ustidan surtamiz, qolganini burun ichiga tortamiz.
Ichki qon ketishini davolashda.Bir choy qoshiq zarchavani 6-7 ta za’faron tolasi bilan aralashtirib, aralashmani qaynoq sutga solib ichamiz.

Hayz siklini me’yoriga keltirish va og‘riqni pasaytirish uchun kuniga 5-10 ta tola za’faron iste’mol qilinadi. Bunda tolalarni asta-sekin yalash yoki olmaga, asalga va choyga qo‘shib iste’mol qilish mumkin.

Jigar xastaliklarini va qonga oid kasalliklarni davolash maqsadida 10 dona mayiz, 3 ta tola za’faron va oqar suvdan olib tindirilgan 100 g suvdan foydalanamiz. Bu aralashmani 8-9 soat davomida tindiriladi. Bir yarim oy davomida har safar mazkur yo‘sinda yangi tayyorlanib tindirilgan aralashmani ichiladi.

Immun tizimini me’yoriga keltirish uchun choyga za’faron tolalarini qo‘shib ichiladi. Buning uchun choynakka 7-15 ta tola za’faron solinadi va ustidan 200 g qaynoq suv quyiladi, olovga qo‘yib yana 5 minut davomida qaynatiladi, yana 400 g qaynab turgan suv qo‘shiladi, qaynab chiqishi bilan olovdan olinadi. Tolalar choynak tagiga cho‘kkunicha tindirib, so‘ng ichiladi. Bunday choy ikki oy davomida kuniga uch mahal ovqatlanishdan oldin ichiladi. Bitta damlangan za’faron tolalaridan ikki marta bunday choy damlanadi.

Ko‘zni davolash uchun maydalab un holiga keltirilgan 5 ta za’faron tolasini olib, shunga teng miqdorda atirgul suvi (gulob) aralashtirib, ko‘zga surtiladi.

Buyrakdagi toshlarni tushirish uchun unday yanchilgan 50 ta za’faron tolasini 100 g toza tabiiy asal bilan aralashtiriladi. Bu aralashmani ovqatlanishdan oldin kuniga 2 mahal yarim desert (choy qoshiq emas!) qoshiqdan iste’mol qilinadi.
Bronxitni davolashda za’farondan 1 desert qoshiq olib, ustidan 1 stakan qaynoq suv quyib damlama tayyorlanadi. Damlamadan kuniga 3 mahal 30 g dan ichiladi.

Peshob yo‘llaridagi tosh kasalligini davolash uchun 1 desert qoshig‘ida za’faron olib, ustidan 250-300 g qaynoq suv quyiladi. Damlama to‘liq tindiriladi. Kuniga uch mahal ovqatdan oldin 15 g dan ichiladi.

Salomatlikni umumiy mustahkamlovchi dori-vosita:buning uchun 7-15 dona za’faron ip tolasi olinib, qaynoq suvda chayiladi, so‘ng ustidan 250 ml qaynoq suv quyiladi va past olovdagi konforkaga qo‘yiladi. 3-5 minut o‘tgach, ustidan 500 ml qaynoq suv quyib, qaynay deganda olinadi (dori qaynashi kerak emas). Sutkasiga 3 mahal 250 ml dan ovqatlanishdan yarim soat oldin ichiladi. Bu dorini tayyorlashda ishlatilgan za’faron tolalarini xuddi shu yo‘sinda ikkinchi marta dori tayyorlash uchun ishlatish mumkin.

Xotirani yaxshilash uchun: za’faronning yanchib maydalangan 3 dona tolasini 250 ml sutga aralashtirib ichiladi.
Allergik reaksiyada:5 g maydalangan za’faron tolalari choy qoshig‘ining 1/3 ida olingan yanchilgan zanjabil aralashtirib ustidan 500 ml qaynoq suv quyiladi. Sutkasiga 3-4 mahal 125 ml dan ichiladi. Davolanish muddati 1 oy, so‘ng zarur bo‘lsa, bir necha kun tanaffus qilib, muolaja yana takrorlanadi.

Tushkunlikka tushish, xafaqonlikdan, zaiflashgan ko‘rish qobiliyatini tiklash, qonni tozalash uchun shirin dori: 3-4 ta za’faron tolasiga2-3 dona yanchilmagan qora muruch va 15 dona mayiz olinadi, ustidan 1 stakan qaynoq suv quyiladi va nahorga ichiladi.

Bronxitni davolash uchun 2 choy qoshiq za’faron tolalari 1 stakan qaynagan suvga aralashtirib, 15 minut davomida (manti qasqonda) bug‘lanadi. Tayyor bo‘lgan dorini dokadan o‘tkazib, 2 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichiladi.
Ichki qon ketishini to‘xtatish uchun: 5-7 ta za’faron tolasi 1 stakan iliq sutga solib ichiladi. Bu dori ichdan qon ketishini to‘xtatadi.

Tegishli maqolalar:

Manba: Muslim.uz