vitamin yetishmasligi
Tabiiy maslahatlar

Avitaminoz sabablari va uni davolash usullari

Vitaminlar inson salomatligini mustahkamlashda o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ularning birortasi yetishmasa, vitamin yetishmasligi kuzatilsa, tanada turli xastaliklar paydo bo‘ladi. Masalan, vitamin C tanqisligida tog‘ay va suyak to‘qimalari tuzilmasi buziladi. Qon tomirlar devorining o‘zgaruvchanligi ortadi, zangila (singa) kasalligi ro‘y beradi.

B guruhdagi vitaminlar yetishmaganida esa kishi kamqonlikka uchraydi, ish qobiliyati pasayadi, ishtahasi yo‘qoladi. Vitamin A kam bo‘lgan hollarda teri quruqshab, soch to‘kiladi. Tananing vitamin E ga bo‘lgan talabi qondirilmasa, jinsiy bezlar va mushak faoliyati susaya boradi.

Vitamin K ozayganida turli a’zolardan qon oqishi hollari ro‘y beradi, xususan burun va milk tez-tez qonaydigan bo‘lib qoladi.

Demak, tanamizda barcha vitaminlar mutanosib bo‘lgandagina sog‘lom va tetik yuramiz, kasalliklar bizni chetlab o‘tadi.

Mundarija

Vitamin yetishmasligi sabablari

Ba’zan hazm faoliyatidagi nuqsonlar tufayli iste’mol qilinadigan ovqatlarning ichaklarda o‘zlashtirilishi buziladi. Ayrim hollarda ichak mikroorganizmlari tomonidan organizmda vitaminlar sintez qilinishi susayadi.

Doim bir xil yeguliklar (ayniqsa, rafinirlangan, quritilgan va konservalangan mahsulotlar)ni iste’mol qilish, kundalik ovqatlanishda yangi meva va ko‘katlar bo‘lmasligi, mahsulotlarni noto‘g‘ri saqlash, ovqat pishirganda sabzavotlardagi zarur vitaminlarning parchalanib ketishi, aqliy va jismoniy toliqish singarilar ham vitamin tanqisligini keltirib chiqaradi.

Shuningdek, me’da-ichak kasalliklari (gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi)da, hatto gijja kasalliklarida ham organizmda vitaminlar so‘rilishi buziladi. Bundan tashqari ayollarda homiladorlik va bola emizish davrida hamda kishi ayrim antibiotiklar – sulfanilamid preparatlarini uzoq vaqt ichib yurganda vitamin yetishmovchiligi kelib chiqadi.

Bahorning boshida vitaminlar ozayadi

Bahor fasli boshlarida bozorlarimizdagi ho‘l mevalar hamda ko‘katlarning tarkibida vitaminlar ozayadi. Ma’lumki, vitaminlar bilan to‘yingan tana baquvvat bo‘lib, kasallikka kamroq chalinadi. Qishda, ko‘klam chog‘larida bunday vitaminlarga ehtiyojimiz kuchayadi. Go‘shtli va sut qatiqli ovqatlar vitaminga boy ko‘katlar o‘rnini bosa olmaydi. Shunday ekan, tanamizdagi darmondorilarga bo‘lgan tanqislikni qanday bartaraf etish mumkin?

Vitamin yetishmasligi — Avitaminozni bartaraf etish

Qish bo‘yi va bahorning ilk kunlarida na’matak qoqisi qaynatib, ichib yurilsa, organizmda askorbat kislota tanqisligi ro‘y bermaydi.
Oshko‘klarni ko‘p xarid qilmang, chunki ular bir kundan ko‘p saqlansa tarkibidagi vitamin C ning 40-60 foizi yo‘qoladi.

Kartoshka va sabzavotlar sovuq suvga solib pishirilsa, tarkibidagi vitaminlarning 30 foizi nobud bo‘ladi. Agar qaynab turgan suvga solsangiz vitaminlari to‘la saqlanadi.

Bargli o‘simliklar (ismaloq, salat-kohu, shovul)ni qaynatib yo qovursangiz idish qopqog‘ini albatta yoping. Aks holda tarkibidagi 70 foiz vitamin yo‘qolib ketadi. Sabzavot mahsulotlarini zanglamaydigan metall yoki cho‘yan qozonlarda pishirsangiz tarkibidagi vitaminlar parchalanmaydi.

Yalpiz, ismaloq, jag‘-jag‘, otquloq, beda (yo‘ng‘ichqa) vitaminlarga juda boy bo‘lib, ko‘klamda odam quvvatini oshirib, tetiklashtiradi.

Ko‘katlardan ko‘k somsa (bir qavatli, qatlamali), ko‘katli balish (pirog), chuchvara, manti, xonim tayyorlanadi. Ko‘katlar turli kasalliklarda tavsiya etiladi.

Qandli diabeti bor, semirib ketgan va zaif kishilarga ko‘katlarni sariyog‘da qovurib berish maqsadga muvofiq.
Umuman bahoriy ko‘katlarni qo‘shib, ulardan turli taomlar tayyorlab iste’mol qilinsa, organizm faoliyati yaxshilanadi, moddalar almashinuvi me’yorga keladi, vujudga kuch-quvvat oqib kiradi.

Holsizlikka qarshi

Turli donlarni undirib (bu sprauts deyiladi) maysasini ilk ko‘klamda iste’mol qilish lozim. Chunki ungan maysalarda zarur vitaminlar miqdori donga nisbatan 25-40 martagacha ko‘p bo‘ladi.

Sprautslar bug‘doy, arpa, suli, javdar, mosh, soya, oshqovoq, sholg‘om, rediska, yo‘ng‘ichqa (beda), kungaboqar urug‘laridan tayyorlanadi. Bu urug‘lar kimyoviy moddalar ta’siridan holi bo‘lishi muhim.

Ular qisqa vaqtda bir tekis unib chiqadi va mazali ta’m beradi. Ajratib olingan urug‘lardan birortasi dastlab bir-ikki marta yuvilib quritiladi, keyin idishlarga solinadi.

Sprautslarni o‘stirishda shisha idishlardan foydalansa bo‘ladi. Tanlangan urug‘lar mayda bo‘lsa (masalan yo‘ng‘ichqa va sholg‘om urug‘lari) idishning tubini qoplagani kifoya. Yirik urug‘lar (no‘xat va boshqa dukkakli donlar) esa idishning to‘rtdan bir qismigacha solinadi.

Keyin yarmigacha suv quyib, bir necha soat davomida urug‘larning yaxshigina ivishi kutiladi. Shundan keyin qolgan suvni to‘kib, havo kirib turishi uchun ilma-teshik plastik qopqoq bilan yopiladi (buning uchun rezina qopqoqni mixcha bilan aylanasiga qator qilib teshish lozim). Idishni stol ustiga yonboshiga yotqizilib, urug‘lar uning devorlariga bir tekisda yopishib turishi uchun uyoq-buyoqqa aylantiriladi va shkafga yoki deraza oldiga qo‘yiladi.

Agar ishlatilayotgan urug‘lar dukkaklilardan bo‘lsa unga yorug‘lik tushmagani ma’qul. Aks holda o‘stirilgan maysa achqimtil bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham mosh, no‘xat, loviya yoki soya solingan idishlar qorong‘u joyda saqlangani maqsadga muvofiq. Unib chiqayotgan urug‘ ikki marta toza suv bilan yuvib tashlanadi.

vitamin yetishmasligi
Foto: zdorovie-vn.ru

Arzon va bebaho «dori»

Aslida sprautslar eng arzon va organizmga quvvat beruvchi eng bebaho doridir. Lekin ularni tayyorlashda tegishli qoidalarga rioya qilinmasa (ya’ni urug‘ning sifatsizligi, kam yuvilishi va suvning juda issiq bo‘lishi hamda idishdagi havo almashinuvining buzilishi tufayli) urug‘lar ko‘pincha chirib qoladi.

Issiq uylarda urug‘larning chirimasligi uchun toza suv bilan tez-tez yuvib turish, xonada shamollatgichlardan foydalanish lozim.

Sprautslarni alohida-alohida idishlarda tayyorlagan ma’qul, chunki ularning mazasi turlicha bo‘lib, har birining tarkibida yuqorida qayd qilingan foydali moddalar turlicha miqdorda bo‘ladi.

Ularning o‘zini iste’mol qilish bilan birga salatlar va ovqatlarga qo‘shib yeyilsa, tana biofaol moddalar bilan yanada yaxshi ta’minlanadi.

Tayyor sprautslar (ungan maysalar) shisha idishlar yoki plastik idishlarga solib, sovutgichlarga qo‘yiladi va o‘n kungacha saqlanadi va barcha oila a’zolari undan ehtiyojga yarasha foydalanaverishi mumkin.

Sprautslarga biroz shakar sepilsa yoki smetana, qaymoq, qatiq, mayonez aralashtirilsa yosh bolalar juda hush ko‘rib yeydigan taomga aylanadi.

Agar sprautslar alohida iste’mol qilinsa ovqatlanishdan 15-20 daqiqa oldingi vaqt qulay. Xullas, bahoriy ko‘katlar bilan birgalikda sprautslar tayyorlab iste’mol qilsangiz avitaminoz kasalligi sizni bezovta qilmaydi.

Ekspert: Shoniyoz Qurbonov, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Manba: Darakchi.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.