travmatolog maslahati
Kasalliklar

Travmatolog maslahati: suyak sinishi, osteoporoz va ko‘krak deformatsiyasi

– Bugungi kunda bolalar o‘rtasida tirsak bo‘g‘in jarohatlari ko‘p uchrayapti. Ushbu jarohatlarni davolash borasida tibbiyotimiz qanday salohiyatga ega?

– To‘g‘ri, tirsak bo‘g‘in jarohati bolalar o‘rtasida boshqa jarohatlarga qaraganda ko‘p uchramoqda. Bunday bemor zudlik bilan bolalar travmatologi ko‘rigidan o‘tib, tibbiy standartlar bo‘yicha muolaja olishi kerak. Aks holda, bemor nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Hozirgi kunda bunday jarohatlar bosqichma-bosqich davolanadi. Bu jarayonda Ilizarov apparatidan foydalanib, jarohat joyi kesilmay, tortib to‘g‘rilanadi. Bu bemor vujudida deyarli og‘ir asorat qoldirmaydi.

– Bolalarda shifoxona sharoitida bunday davolanish kursi tugagach, uni uy sharoitida patronaj qilishda nimalarga asosiy e’tibor qaratilishi lozim?

– Patronaj hamshira bemor bolaning jarohat joyini ko‘zdan kechirib, yiringli holat bor-yo‘qligini kuzatib borishi kerak. Agar jarohatdan qon yoki yiring chiqayotgan bo‘lsa, zudlik bilan mahalliy shifokor ko‘rigiga yo‘llash lozim.

Mundarija

Bolalarda osteoporoz sabablari

– Bolalarda osteoporoz kasalligini keltirib chiqaruvchi omillar haqida ma’lumot bersangiz?

– Bola organizmida minerallar kamayishi, tug‘ma displastik kasallik­lar, ba’zi suyak bo‘g‘im kasalliklarning noto‘g‘ri davolanishi keyinchalik bolaning suyagi mo‘rtlashishiga olib keladi. Shu o‘rinda yana bir muammoni ham aytib o‘tishni istardim. Hamshiralarimiz yaxshi biladi, ilgari tibbiyotda suyakdagi kichik sinishlar uch haftada bitadi, degan qarash bor edi. Bugungi tibbiy kuzatuvlar bu qarash u qadar to‘g‘ri emasligini ko‘rsatayapti.

Aksariyat shunday jarohat olgan bemorlarning tuzalishi ancha cho‘zilayapti. Jarohatlangan a’zoni ko‘proq vaqt gipsda saqlashga zarurat tug‘ilayapti..
Uzoq vaqt gipsda turib harakatlanishdan qolgan a’zoda modda almashinuv va boshqa jarayonlarga zarar yetadi.

Natijada ikkilamchi kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Bu muammo tibbiyotimiz oldiga yangi vazifa qo‘ymoqda. ­Ya’ni, jarohatni kam muddatga gipslash va davolashni takomillashtirish vazifasini. Albatta, ilm-fanimiz bu borada muayyan natijalarga erishmoqda. Tibbiyotimizning bu yutuqlaridan barchani bahramand etishda hamshiralar ham faol bo‘lishi bugungi kunning muhim talabidir.

O’qing: Osteomiyelit kasalligi haqida umumiy ma’lumot

Suyak jarohati va asab tolalari shikastlanishi

– Suyagi jarohatlangan bemorlarda asab tolalariga ham shikast yetishi mumkinmi?

– Inson vujudi shunday mukammal yaratilganki, har bir a’zoning o‘z o‘rni, o‘z vazifasi bor. Jumladan, suyaklarimiz bizga uzoq yillar xizmat qilishi uchun butun vujudimizdagi, ayniqsa, suyaklarga tutashgan asab tolalari ham sog‘lom bo‘lishi kerak.

Agar suyakka jarohat yetsa, jarohat joyiga yaqin joylashgan asab tolalari ham bundan zarar ko‘rmay qolmaydi. Shu bois suyak jarohatlarini to‘laqonli davolash ishlari ko‘p holatlarda neyrojarroh, nevropatolog shifokorlar bilan hamkorlikda olib boriladi.

Hozirgi kunda tibbiyotimizda bu yo‘nalishda elektroneyromiografiya usuli kirib kelishi kasallikka aniq tashxis qo‘yish va bemorni sog‘lom hayotga qaytarishda katta imkoniyat bo‘lmoqda.

Travmatolog maslahati: Suyak chiqishi va tabiblar

– Suyak chiqqan yoki singan holatlarda tabiblarga murojaat qilish holatlari ko‘p uchraydi. Bu to‘g‘rimi?

– Bu noto‘g‘ri, chunki suyak jarohatlari juda murakkab xususiyatlarga ega. Bunday holatda jarohat organizmning qaysi a’zolariga qay darajada zarar yetkazganiga aniq tashxis qo‘ymasdan biror natijaga erishish qiyin. Hozir ko‘pgina tabiblarimiz bu masalaga ancha jiddiy yondashadi.

Ya’ni, bemorga shifoxonaga borishni tavsiya etadilar. Biroq, ko‘pgina ota-onalar bu tavsiyalarga rioya qilmaydi. Natijada bolaning suyagi chiqqan joyida kuchli og‘riq boshlanadi. Ba’zida jiddiy kasalliklar ham rivojlangan bo‘ladi. Bunday vaziyatda bemorni davolash uzoq cho‘zilishi mumkin.

Oilalarga borganingizda bu haqda ota-onalarga takror-takror tushuncha berishingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ko‘krak deformatsiyasi

– Ko‘krak deformatsiyalari qanday kasallik?

– Bu genetik kasallik sanaladi. Uning bir necha turlari bor. Bizda asosan girdobsimon deformatsiya ko‘p uchraydi. Bunda ko‘krak ichkariga kirgan bo‘ladi.

– Chaqaloqlar ko‘rigida bu kasallikning ilk belgilarini aniqlash mumkinmi?

– Bu kasallik bola o‘sishi bilan rivojlana boradi. Agar bolaning ko‘kragini paypaslab ko‘rsangiz, u ichkariga kirib ketayotgani ayon bo‘ladi. Bunday holatda darhol bolani ortoped ko‘rigiga yo‘llang. Kasallik qancha erta aniqlansa, samarali davolanadi.

– Ko‘krak qafasida operatsiya o‘tkazgan bemor bolalar bilan uy sharoitida qanday sog‘lomlashtirish muolajalarini o‘tkazish mumkin?

– Avvalo, ularning to‘g‘ri ovqatlanishi, toza havoda sayr qilishi, yuk ko‘tarmasligini nazorat qilish kerak. Ular bilan nafas mashqlarini o‘tkazishingiz mumkin. Bir kunda 3-4, hatto, olti martagacha 15-40 daqiqa davomida nafas mashqi o‘tkazish tavsiya etiladi. Chuqur nafas olinib chiqariladi.

– Bolalar ko‘proq qayerda jarohat oladi?

– Maishiy, ya’ni uyda, ko‘chalarda, bolalar maydonchalarida bolalar ko‘p jarohat oladi. Ayniqsa, yoz mavsumida bunday muammolar ko‘payadi. Bunga bolalarning yozda uyda ota-ona tomonidan qarovsiz qoldirilishi ham sabab bo‘ladi. Doimiy ravishda aholi orasida, xonadonlarda tibbiy targ‘ibot yurituvchi patronaj hamshiralar oilalarga borganda ota-onalarni bu masalada ogohlikka chorlab, bolalar o‘rtasida jarohatlanish­larning kamayishiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.

– Ko‘p hollarda bola jarohatlansa, qisqa vaqtda og‘riq o‘tib ketadi va ota-­ona bundan xabarsiz qolishi mumkin. Qanday o‘zgarish­lar bola vujudi jarohat tufayli qiynalayotganini ang­latadi.

– Shikastlangan a’zoni qimirlatib bo‘lmaydi. Suyagi singan a’zo, qo‘l-­oyoqning shakli va uzunligi o‘zgaradi. Ko‘pincha, to‘liq bo‘lmagan suyak sinishlari darhol sezilmaydi, uning belgilari asta-sekin namoyon bo‘ladi. Shu sababli suyak sinishini lat yeyish, et uzilishidan ajratish qiyin. Buni faqat maxsus tekshiruvdan keyin bilish mumkin.

Suyak singanda birinchi yordam ko‘rsatish

– Suyak singanda birinchi yordam ko‘rsatish tartibi qanday?

– Suyak sinishida ko‘rsatiladigan birinchi yordam singan joyni taxtakachlab qo‘yishdan iborat. Birinchi yordam berilayotganda shikastlangan a’zoni butunlay to‘g‘rilash uchun harakat qilish yaramaydi. Bunday urinishlar qattiq og‘riqqa sabab bo‘lishi, asab va tomirlarni jarohatlashi mumkin. Har qanday ochiq yoki yopiq sinishlar kasalxonada davolanadi.

Suyaklar mustahkam bo’lishi uchun…

– Suyaklar sog‘lom va baquvvat bo‘lishi hamda insonga uzoq xizmat qilishi uchun nimalarga e’tibor qaratishni tavsiya etasiz?

– Avvalo inson o‘zini ham, yaqinlarini ham, ayniqsa, farzandlarni shikastlanishdan ehtiyotlash kerak. Uyda bolalar bemalol harakatlanishi, keksalar uyga kirib chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratish lozim. Qolaversa, sog‘lom turmush tarzi yuritish, zararli odatlardan uzoq bo‘lish, surunkali kasalliklarni o‘z vaqtida davolash va yaxshi hazm bo‘ladigan, kaloriyali va vitaminlarga boy ovqatlar iste’mol qilish salomatlikning muhim omilidir.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor Iskandar XO‘JANOV.
SSV matbuot xizmati.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.