tomir tortishi
Kasalliklar

Tomir tortishi — sabablari va davolash usullari

Tibbiyotda mushaklar tonusining oshishi oyoq tomir tortishi deyiladi. Bu noxush holat beixtiyor yuz beradi va 10-15 soniya davom etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzi aholisining 80 foizi oyoq tomir tortishishining u yoki bu turidan qiynaladi. Bu holat mutlaqo sog‘lom insonlarda ham kuzatiladi. Xo‘sh tomir tortishi biror kasallikdan darak beradimi? Bu holatning kelib chiqish sababi va oqibatlari qanday?

Tomir tortishi sabablari nima?

– Ushbu tasodifiy og‘riqlar mushaklar zo‘riqishi bilan bog‘liq bo‘lib, organizmda minerallarning, birinchi navbatda, kaliy, kalsiy, magniy hamda bir qator vitaminlar yetishmasligidan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar tomir tortishishini asab zo‘riqishi, kamharakatlilik, muntazam o‘tirib ishlash, uzoq muddat tik oyoqda turish yoki suvda suzish, organizmning suvsizlanishi va turli xil kasalliklar bilan ham bog‘lashadi.

Tomir tortishi insult yoki infarktni keltirib chiqarishi mumkinmi?

– Tomir tortishishi, asosan, 40-50 yoshdagi insonlarda ko‘proq kuzatiladi. Ular tanasidagi xolesterin miqdorini tez-tez tekshirtirib turishi kerak. Chunki qon tomirlari devorida xolesterin moddasining ko‘payib ketishi oqibatida qon yurishi birmuncha qiyinlashadi. Shundan keyin tez-tez qo‘l va oyoq uvushishi kuzatiladi.
Agar vaqtida oldi olinmasa, insult yoki infarkt kelib chiqishi mumkin. Yoshlarda bu holat, asosan, tanada qon yaxshi aylanmasligi sababli yuzaga keladi. Turli jismoniy mashqlar yordamida bu muammoni hal qilish mumkin.
Tomir tortishishining ikki xil ko‘rinishi farqlanadi. Birinchisi, keskin va qisqa fursat davom etib, tibbiyotda klonik tomir tortishishi deyiladi. Ikkinchisi esa buning aksi, bezovtalik dabdurustdan boshlansa-da, spazm bir necha daqiqalarga cho‘zilishi mumkin. Shifokorlar bu holatni tomir tortishishining tonik turi, deya tasniflaydilar.
Har ikkala holatning kelib chiqishi infeksion kasalliklar, oziq mahsulotlari, (dori vositalari)dan zaharlanish, bosh miya jarohatlari, nevroz, moddalar almashinuvining buzilishi, yurak va qon xastaliklariga bog‘liq.

Infeksiyalarning ham ta’siri bormi?

– Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tana harorati ko‘tarilganida oyoq-qo‘llarda yengil titroq yuzaga keladi. Termometr ko‘rsatkichlari +39 +40 C darajaga yetganida esa oyoq va qo‘l tomirlarida tortishish kelib chiqishi mumkin. Bunga kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning «qo‘li baland» kelayotgani sabab bo‘ladi.
Negaki, isitma tushiruvchi preparat qabul qilingach, mushaklar asta bo‘shashadi.
Shuningdek, inson biror voqea-hodisadan qattiq ta’sirlansa, qonda adrenalin miqdorining ortishi nafas olish maromining tezlashishiga olib keladi. Organizmga kislorod kelib tushishi o‘zgargach, karbonat angidrid darajasi ham pasayadi va oyoq tomirida spazm kelib chiqadi.

Tomir tortishi yana qanday kasallik­lar alomati hisoblanadi?

– Oyoq tortishishi ba’zi surunkali kasalliklar belgisi ham bo‘lishi mumkin. Tibbiyot amaliyotida kuzatilishicha, ba’zi bir qon tomir kasalliklari, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlarida tuz yig‘ilganda, asab tizimi, tayanch-harakat muammolari va shunga o‘xshash xastaliklarda tomir tortishishi kuzatiladi.
E’tibor berish kerakki, barcha mushak­larning birdan qisqarishi nihoyatda xavfli holatdir! Bunda tanadagi barcha mushaklar bir vaqtning o‘zida tortishib, hushdan ketish holatini keltirib chiqaradi. O‘z vaqtida birinchi yordam ko‘rsatilmasa, oqibati fojiali yakun topishi ham mumkin.

Sovuq kunlarda sog‘lom odamning ham tomir tortishi mumkin. Bunday hollarda nima qilish kerak?

– Salqin havoda oyoq tomirlari tortishsa, qalinroq paypoq kiying yoki oyoq uchun issiq vanna qabul qiling. Agar odam o‘tirganda, yurganda tomiri tortishib qolsa, bir qo‘l bilan oyoq panjasini yozib, boldir mushaklarini asta-sekin pastga tomon silash tavsiya etiladi.
Agar oyoq og‘rib, uvishib tomir tortishishi doim takrorlanaversa, qon tomirlar va asab kasalliklari shifokorlariga murojaat qilish lozim.
Kunning issiq paytlarida oyoq boldiriga va panjaga vaqti-vaqti bilan parafin, ozokerit, balchiq qo‘yish foyda beradi. Tunda oyoq va tovon mushaklari tortishmasligi uchun bir hafta davomida ovqatlanishdan oldin kuniga 3 mahal ikki choy qoshiqdan asal iste’mol qiling.

Tomir toritishishi qanday davolanadi?

– Ba’zilar oyoq tomirida spazm yuzaga kelayotganini oldindan his etadi. Siz ham ular safida bo‘lsangiz, og‘riq qo‘zg‘alayotganini sezgan zahotingiz oyoq mushaklarini bo‘shashtiring.
Shunda ham tomir tortishishi kelib chiqsa, o‘tirgan holatda oyoq uchini o‘zingizga qaratib, 2-3 daqiqa ushlab turing. Bezovtalik o‘tib ketmadimi? O‘rningizdan turingda, asta harakatlaning. Iloji bo‘lsa, oyoqyalang, pol ustida yuring.
Avvaliga terapevt-shifokor ko‘rigidan o‘tishingiz tavsiya etiladi. Shikoyatlaringizdan kelib chiqib, endokrinolog, kardio­log, nefrolog va nevrolog mutaxassislar ko‘rigini maslahat beradi.
Bezovtalik sababi somatik patologiyalar bilan bog‘liq bo‘lsa, to‘g‘ri tanlangan davo choralari tez fursatda muammodan forig‘ etadi. Mabodo tomir tortishishi jiddiy xastaliklar belgisi sifatida aniqlansa, tashxisdan kelib chiqqan holda muolaja qilinadi.

Yoqutxon Majidova, tibbiyot fanlari doktori, professor.
SSV Matbuot xizmati.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.