МАҚОЛАЛАР

Soch ekish usullari va unga qarshi koʻrsatmalar

Soch toʻkilishi hozirgi kunda nafaqat erkaklarda balki ayollarda ham koʻp uchramoqda. Bu muammo insonlarda tashqi koʻrinishdagi kamchilik bilan namoyon boʻlibgina qolmay, balki ayrim shaxslarda ruhiyatiga ham salbiy taʼsir etadi. Xoʻsh, soch toʻkilishini soch ekish orqali qayta tiklash imkoniyati bormi? 

Zamonaviy tibbiyotda hozirgi davrda soch toʻkilishining eng samarali yechimi soch ekishdir. Soch ekish qanday amalga oshiriladi, kimlarga soch ektirish mumkin, kimlarda qarshi koʻrsatmalar mavjud, soch ekishda qanday instrumental qurilmalardan foydalaniladi? Shu kabi savollarga quyidagi maqola orqali javob topishingiz mumin.

Soch ekish amaliyoti ilk bor amalga oshirilganiga ham yarim asrdan ortiq vaqt oʻtdi. Soch ekish birinchi marotaba 1930-yilda Yaponiyada amalga oshirilgan. Bu kabi amaliyotning qoʻllanilishi tibbiyot va kosmetologiya sohasida juda katta ahamiyatga ega boʻldi, chunki millonlab insonlar oʻzlaridagi “kamchilik”dan xalos boʻlish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Soch ekish faqatgina tashqi koʻrinishdagi kamchiliklarni bartaraf etibgina qolmay balki, chandiqlar, kuygan sohalar terisi, oʻtkazilgan jarohatlar oʻrnini ham berkilishiga yordam beradi. Hozirgi kunda soch ekishning ikki usuli mavjud: operatsion va nooperatsion. Ular haqida batafsil maʼlumot beramiz.

Soch ekish yoki koʻchirib oʻtkazish (transplantatsiya) oʻzi nima? Koʻpchilik bu haqida eshitgan ammo, hamma ham jarayonning mohiyatini tushunavermaydi. Har ikki usulda ham operatsion va nooperatsion boʻlishidan qatʼiy nazar soch ekish mavjud boʻlgan soch tolalaridan olib (donor) sochlar toʻkilgan qismga koʻchirib oʻtkazishdan iborat. Usullarning farqi soch tolalarini olish va ularni ekishdadir.

soch ekish

Soch ekishning operatsion usuli

Bu usulda kesib oluvchi instrumentlardan foydalaniladi. Skalpel yordamida donor sohadan sochli teri kesib olinadi. Aynan mana shu sohadan soch tolalari sugʻurib olinadi va ekish uchun foydalaniladi. Ushbu transplantlar sochlar toʻkilgan sohaga oldindan skalpel yordamida kesib, tayyorlab qoʻyilgan joylarga skalpel yordamida oʻtqaziladi. Donorlik sohasida doimo saqlanib qoluvchi chandiq qolib ketadi. Albatta, bu usul bilan sochlarni qalin holatga keltirish imkoniyati mavjud emas.

Soch ekishning operatsiyasiz usuli

Soch ekishning operatsiyasiz usuli ilk marotaba 90 yillarda amalga oshirilgan. Usul FUE machin (rus tilida TFI) deb nomlanadi, olinayotgan donorlik soch tolalari operatsiyasiz sugʻurib olinadi.

Soch tolalari aylanib turuvchi maxsus qurilma yordamida (diametri 1,8-5mm) sugʻurib olinadi, olingan soch tolalari oʻrnida doimo saqlanib qoluvchi kichik chandiqlar qoladi, chunki qurilma diametrik soch tolasi diametridan ancha katta. Olingan soch tolalari esa oldindan tayyorlangan skalpel yordamida hosil qilingan joylarga oʻtqaziladi. Sochlarning qalinligi operatsion usuldagi kabi boʻladi, yaʼni 1 sm2 sohada 50 dona soch tolalari. Bu usuldan ikki marotaba foydalanishning imkoni yoʻq. Bunga sabab donorlik uchun olinadigan soch tolalari oʻrnida koʻplab chandiqlar hosil boʻlishidir.

Soch ekishning zamonaviy operatsiyasiz usuli

Zamonaviy usul 2000-yillarda ilk bora qoʻllanildi. Olimlar aniqlashicha, soch tolalari bir follikulada 3-5 donagacha oʻsar ekan. Shunga asoslangan holda soch ekishda revolyutsiya roʻy berdi. Operatsiyasiz qoʻlda olib boriladigan jarayon (FUE hand) va operatsiyasiz (FUI) usuli. Bizning mintaqada ushbu usul ham keng tarqalgan boʻlib, Handfolliculextraction (HFE) deb yuritiladi, yaʼni soch tolalari shifokor qoʻllari yordami bilan pinsetda ekiladi. 

Soch tolalari esa maxsus mikropanchlar yordamida donorlik sohasidan sugʻurib olinadi. Mikropanchning diametri 0,5-0,9 ni tashkil etadi. Soch tolalari follikulalar bilan birgalikda ekiladi, bu esa bosh terisi jarohatlanish darajasini kamaytiradi. Soch tolalari olinayotgan vaqtda teri jarohati kam boʻlishi sababi yuza sohalardagi sochlar tanlanadi, yaʼni nerv oxirlari zararlanmaydi. 

Sugʻurib olingan soch tolalari maxsus moslama – ChoiImplanter yordamida ekiladi. Bu moslama terida kesmalar hosil qilmaydi. Soch follikulalari soch tolasi oʻsgan burchak boʻylab ehtiyotkorlik bilan teri orasiga kirgʻ​aziladi. Bu esa sochlarning yanada qalinroq koʻrinishga kelishiga imkoniyat yaratadi (1 sm2-maydonda 80 donagacha soch tolalari 1-bosqichda, 2-bosqichda esa 1 sm2 sohada 120-140 dona soch tolalari). Muolaja 8 soatgacha davom etishi mumkin, ogʻriqsizlantirish mahalliy tarzda amalga oshiriladi. 

Operatsiyasiz usul muolajadan keyingi asoratlar hosil boʻlmasligiga olib keladi, jarayondan soʻng shish, koʻkarishlar ,qizarishlar, chandiqlar, terining maʼlum bir muddatgacha sezuvchanligning yoʻqolishiga olib kelmaydi. 

Soch ekiladigan sohada shunchaki, oddiy mushak orasiga qilinadigan inyeksiya kabi kichik jarohatchalar hosil boʻladi va ular ham 3-5 kun davomida bitib ketadi. Bir yil ichida ekilgan soch tolalari toʻliq oʻsishni boshlaydi va uzoq muddat toʻkilib ketmaydi. Sochlar toʻkilmasligi uchun salbiy omillardan qochish kerak boʻladi:  nurlanishidan, nerv tolalari zaralanishidan, mikroelementlar yetishmovchiligi, vitaminlar tanqisligi kabi holatlardan.

Soch ekishga qarshi koʻrsatmalar

Soch ekishga absolyut qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmasa ham ayrim holatlarda soch ekish mumkin emas: masalan, qon ivish tizimidagi kasalliklar, anestetiklarga boʻlgan allergik reaksiyalar.

Yoshning ahamiyati. 15 yoshdan kichik boʻlgan oʻsmirlarda soch ekish amaliyotini oʻtkazish mumkin emas. Kichik yoshdagi bolalarda soch toʻkilishi bosh terisining keng sohasida kuzatiladi.

Ruhiy kasalliklar. Soch ekish amaliyoti ayrim ruhiy kasalliklardan aziyat chekadigan insonlarda amalga oshirilmaydi.

  • Trixotillomaniya – bunda bemorlar oʻzlari xohlamagan holda sochlarini yulishga harakat qiladilar;
  • Dismorfofobiya – oʻz tanasi haqida doimo salbiy fikrda boʻladigan ruhiy holat.

Qandli diabet. Qandli diabetdan aziyat chekadigan bemorlar operatsiyadan keying infeksion kasalliklar rivojlanib ketishga moyil boʻladilar. Shu sababli bunday bemorlarda soch ekish kichik maydonga ega boʻlgan sohalardagina oʻtkaziladi.

Bosh terisida oʻtkir infeksion kasalliklar xuruj qilish davrida ham soch koʻchirib oʻtkazish mumkin emas. Yurak qon tomir tizimidagi kasalliklardan aziyat chekuvchi insonlar, onkologik kasalliklar holatida ham davolovchi shifokor bilan maslahatlashish kerak boʻladi.

Soch ekish amaliyotidan soʻng asorat kuzatilishi mumkinmi?

Soch ekish jarayonidan soʻng juda kam holatlarda kuzatiladigan quyidagi asoratlar yuzaga chiqishi mumkin:

  • Operatsiyadan keyingi sezgining kamayishi – nerv oxirlarining zararlanishi natijasida donorlik sohasida kuzatiladigan vaqtinchalik holat.
  • Terida chandiqlar hosil boʻlishi – sugʻirib olingan soch tolalari oʻrnida chandiqlar hosil boʻlishi va uning oʻlchami jarrohning qobiliyatiga va bemor terisining oʻziga xos tuzilganligiga bogʻliq.
  • Ekilgan sochlarning toʻkilib ketishi – har bir organizm oʻziga xos tuzilganligini hisobga olib, ekilgan soch tolalarini bosh terisi qabul qilmasligi mumkin.

Soch ekish juda ham nozik ish va malakali mutaxassisni talab etadi, agar soch ekishdan keyingi asoratlardan ximoyalanishni istasangiz malakali mutaxassisni tanlang.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.