Qovun
Dorivor o'simliklar

Qovun — tarkibi, shifobaxshligi, foydasi va zarari

Qovun tabiatning g‘aroyib ne’mati minglab dardga davo va vitaminlarga boy mahsulot hisoblanadi. Ushbu poliz ekinini glyukoza hamda vitaminlarning sarchashmasi desa bo‘ladi. Qovunning kimyoviy tarkibi asosan uning naviga bog‘liq. Uning mag‘zida 16-20 foyiz qand, karotin, B9, C, PP vitaminlari, A provitamini, katta miqdorda foliy kislotalari va temir moddasi, pektin moddalari, turli yog‘lar va mineral tuzlar mavjudligi uning shifobaxshligiga sabab bo‘lgan omillardandir.

Mag‘zida ham, urug‘ida ham iste’mol qilish uchun to‘liq yaroqli bo‘lgan 30 foyizgacha yog‘ moddalari mavjud. Qovun ovqat hazm qilish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, undagi foliy kislotasi qon hosil qilishda ishtirok etadi. Qovun aterosklerozda, kamqonlikda, yurak, qon – tomir kasalliklarida juda foydalidir.

Qovun kremnniyga boy

Olimlar inson hayoti va salomatligi, organizmdagi fiziologik jarayonlar me’yorida kechishi bevosita kremniy moddasi bilan bog‘liq deb hisoblashadi. U inson organizmining qattiq to‘qimalari, terisi va sochining holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Kremniy miya po‘stlog‘iga, asab tizimiga, ichak devorlariga, oshqozon-hazm yo‘llariga va barcha ichki a’zolar tizimiga ta’sir ko‘rsatadi.

C vitamin manbasi

Qovunda boshqa poliz mahsulotlaridan farqli o‘laroq C vitamini ko‘proq. Undagi biriktiruvchi to‘qima moddasi ichaklar mikroflorasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, organizmdan xolesterin moddasini chiqarib yuborishga sabab bo‘ladi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.

Qovunlar chanqoqni bosib, asab tizimini tinchlantiradi. Uning shifobaxsh xususiyatlari tarkibida B9 va C vitaminlari, temir moddasi va kaliy tuziga boyligi bilan bog‘liq. Shu sababdan ham mutaxassislar bemorlarda kamqonlik, yurak, qon – tomir kasalliklarida, aterosklerozda, buyrak va jigar kasalliklarini davolashda qovun iste’mol qilishni buyurishadi.

Qovunning shifobaxsh xususiyatlari

Qovunning shifobaxsh xususiyatlari uning yetilib, yaxshi pishganligi bilan bog‘liq. Masalan, yetilib pishmagan qovunlarni yeyish oshqozon yarasi yoki gastrit kasali bor kishilarga tavsiya etilmaydi. Och qoringa ham qovunni tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Uni xatarsiz tanovul qilishning tartibi ovqat tanovul qilish orasida bo‘lishi yaxshidir, bunda u boshqa tanovul qilingan oziq-ovqat mahsulotlari bilan aralashishib hazmi yaxshiroqdir.

Bugungi kunda diyetologlar qovun iste’mol qilishni ovqat hazm qilishni yaxshilash maqsadida tavsiya etishadi. Bundan tashqari u ajoyib gijja haydovchi vositadir. Bu albatta bolalar uchun foydali.

Sharqda tabiblar qadimdan qovundan shifobaxsh vosita – dori sifatida foydalanishgan. Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino o‘ziga murojaat qilgan yurak, qon – tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni qovun urug‘i va po‘sti bilan davolagan. Shuningdek, u buyraklarda paydo bo‘lgan toshlarni chiqarib yubora oladigan xususiyatlarga ega ekanligini ta’kidlagan. U qadimdan bronxit, sil, bosh og‘rig‘ini davolashda va nafas yo‘llarini tozalashda undan tayyorlangan dori-darmonlar keng ishlatilgan. Masalan, bod kasalligini davolashda qaynatilgan qovun shirasi surkash, zahm kasalligida esa qovunning urug‘i javharini iste’mol qilish tavsiya etilgan.

Alloma Ibn Sino: o‘z asarlarida qovunning urug‘i va po‘sti tomirlarni kengaytiradi, terini tozalaydi deya yozib qoldirgan. Shuningdek, yana tabiblar sultonining ta’kidlashicha, qovunning urug‘i oftob urishidan saqlaydi, sepkil va bosh qazg‘og‘ini yo‘qotadi. Uning obdan pishgani ham, hatto sapchasi ham siydik xaydash xususiyatiga ega. Buyrak, qovuq va jigardagi xiltlarni, toshlarni yo‘qotadi. Xalq tabobatida kamqon kasallarga ham qovun is’temol qilishni tavsiya qilishadi.

Yevropada keyingi yillarda organizmni qovunning sharbati yordamida tozalash keng tus oldi. Har xil ortiqcha yoqimsiz moddalar va xiltlardan organizmni tozalash uchun 20 kun davomida nahorga, kishi ta’biga qarab, qovun sharbatiga xohlagan mevasini qo‘shib iste’mol qilinadi. Bu davolash usulini albatta mutaxassis shifokor maslahati bilan qo‘llaniladi. O‘zimizda esa”qovun yesang sahar yer, sahar yemasang zahar ye” degan matal mavjud. Bobolarimiz, momolarimiz saharga qovun bilan issiq non yeyishni xush ko‘rishardi. Xorazmda esa gurvak qovunni non bilan yeyish ana’anasi hamon davom etadi.

Ayollar sog’ligi uchun qovun foydasi

Qovunning ayollar sog‘lig‘i uchun foydasi katta qovunda mavjud bo‘lgan foliy kislotasi ayollar uchungina muhim va zarur bo‘lgan moddadir. Zero, foliy kislotasiz bo‘lajak ona sog‘lom bo‘lish me’yorida kechmaydi. Chunki u suyaklarni mustahkamlaydigan vositalardan biridir. Qovunda mavjud bo‘lgan kremniy suyak, soch va terining sog‘lom bo‘lish muvozanatini ham ta’minlaydi. C vitamini usti-ustiga davom etgan shamollashdan zaiflashgan kishilar organizmida immunitetni mustahkamlaydi.

Ortiqcha semirishning oldini oladi

Uning past kaloriyaliligi ortiqcha vazndan qutilishda yordam beradi. Lekin qand kasalligi bor kishilar qovun tarkibida qand moddasi ko‘p bo‘lganligidan, uni ehtiyot bo‘lib iste’mol qilishlari zarur. Qovun mag‘zida serotonin ya’ni – “quvonch gormoni” bo‘lgan modda ishlab chiqarishga sabab bo‘ladigan, asablarni mustahkamlaydigan moddalar bor. Ma’yus bo‘lib qolgan kishi ikki karj qovun yeb olsa, kayfiyati yaxshilanadi. Organizmni mustahkamlab, immunitetni ko‘taradi Xalq tabobati tavsiyalarida qovunning urug‘i yanchib iste’mol qilinsa, organizm mustahkamlanib, immunitet kuchayadi.

Qovun yoshartiruvchi effektga ega. Sharqda: “Qovun sochni baquvvat qilib, yaltiratadi, ko‘zni o‘tkir qiladi, lablarni tarang qilib, insonga kuch quvvat beradi”, deyishadi.

Yuzga sepkil va husnbuzarlar toshganda, dog‘ tushganida 15 minut davomida yuzga qovun po‘chog‘i bilan niqob qilinadi.

Qovunni kimlar iste’mol qilishi mumkin emas?

Biroq ba’zi kasalliklarda tavsiya qilinmaydi. Masalan, toksikozi bor ayolga homiladorlikning birinchi yarmida bola tushishining oldini olish maqsadida uni iste’mol etish mumkin emas. Ammo ayol sog‘lom bo‘lsa, homiladorlik davri davomida ham qovun iste’mol qilishi mumkin.

Qovunni iste’mol qandli diabet xastaligiga chalingan, oshqozon, o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, ichburug‘, allergiya xastaligi bor bemorlarga ham tavsiya etilmaydi. Zaiflashgan ayol homiladorligining birinchi yarmida, shuningdek, emizikli ayollar qovun iste’mol qilishi zararli. U issiq mijozli kishilarning boshini og‘ritishi mumkin. Shuningdek, allergiya, kandli diabet va boshqa kasalliklarda qovun iste’mol qilishni cheklash kerak.

Eslatma: poliz ekinlarini yetishtirishda unga beriladigan ortiqcha azotli o‘g‘itlar qovun-tarvuzlarning ozuqaviylik va shifobaxsh xususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Savdoga chiqariladigan tarvuzlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari tomonidan kimyoviy tahlildan o‘tkaziladi. Shuning uchun poliz mahsulotlarini xarid qilayotganda sotuvchilardan tegishli sertifikat bor-yo‘qligini so‘rang.

Fazilat Sa’dullayeva,
1-respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi.
Gujum.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.