qizilcha, qizamiq
Bolalar salomatligi

Qizamiq va qizilcha kasalligi belgilari hamda asoratlari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda qizamiq va qizilcha kasalligi bo‘yicha epidemiologik holat murakkablashmoqda. Yevropa davlatlarida 77 holatda o‘lim qayd etilgan. Ushbu davlatlarda epidemik vaziyat murakkablashishiga aholining qizamiqqa qarshi emlashdan bosh tortishi natijasida emlanish darajasining pastligi sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda o‘tgan yilda 4071 nafar qizamiq kasalligiga gumon qilinganlar ro‘yxatga olindi. Joylarda qizamiq profilaktikasi va epidemiyasiga qarshi tadbirlarning olib borilishi jarayoni o‘rganilganda bir qator jiddiy muammolar aniqlandi.

Masalan, kasallik o‘choqlarida muloqotdagi shaxslarni tibbiy kuzatuvdan o‘tkazish, profilaktik emlash tadbirlari kech muddatda o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi. Qizamiqqa gumon qilingan bemorlar haqidagi ma’lumotlar, kasallikning manbasi, yuqish joyi aniq tahlil etilmayotir.

Uyushgan jamoa­larda qizamiqqa gumon etilgan bemor aniqlanganda, muloqotdagi shaxslarni tibbiy kuzatuvga olish, ularni emlash tadbirlari ham kechiktirilyapti.

Qizamiqqa qarshi tuzilgan shtab a’zolari tomonidan kasallik ro‘yxatga olinishi bo‘­yicha vaziyat to‘liq tahlil etilmayapti, epidemiya­ga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazilishi sust olib borilyapti. Bunday kamchiliklar yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik barqarorlikka jiddiy ta’sir etmoqda.

Ushbu muammolarning oldini olishda tibbiyot xodimlarning faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, aholi orasida, xonadonlarda tibbiy targ‘ibot yurituvchi patronaj hamshiralar yuqumli kasalliklar klinikasi, diagnos­tikasi, davolash usullari, epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni samarali tashkil etish borasida bilim va salohiyati yetarli bo‘lishi lozim.

Shu maqsadda joylarda yetakchi olimlar va malakali mutaxassislar tomonidan mahalliy tibbiyot xodimlari ishtirokida yuqumli kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolash bo‘yicha mahorat darslari, seminar-treninglar tashkil etilyapti.

Xastalikning tarqalish yo‘llarini bilasizmi?

Qizamiq o‘tkir yuqumli virusli kasallikdir. U ayniqsa emlanmagan bolalar salomatligi va hayoti uchun katta xavf tug‘diradi. Kasallik bemor aksa urishi va yo‘talishi natijasida havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Virus havoda va tashqi muhitda ikki soat davomida faol va zararli bo‘lib turadi.

Shu bois, qizamiqqa chalingan bemorlardan kasallik belgilari bosh­langunicha va undan so‘ng bir necha kun davomida boshqalarga yuqish xavfi yuqori bo‘ladi. Xususan, bemorga toshmalar toshishidan 4 kun oldin va toshma paydo bo‘lgandan so‘ng 4 kun davomida tarqalishi mumkin.

Muammoning oldini olish uchun, avvalo, jamoat joylari, jumladan, bolalar bog‘chalari, maktablar va tibbiyot muassasalarida epidemiyaga qarshi tadbirlarni to‘g‘ri va oqilona tashkil etish, bolalar salomatligini jiddiy e’tiborga olish lozim.

Kasallik belgilari

Kasallikning birinchi belgisi kasallik yuqqanidan so‘ng 10 – 12-kundan boshlab harorat ko‘tariladi, bir haftagacha harorat tushmaydi va quyidagi belgilar bilan kechadi:
tana haroratini baland ko‘tarilishi;
– ko‘z qizarishi (konyunk­tivit);
yo‘tal;
– toshma toshishi;
– burun bitishi va holsizlik;
– og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatida oq mayda dog‘lar.

Odatda qizil toshmalar avval yuz va bo‘yin sohasida paydo bo‘ladi, so‘ngra, tepadan pastga qarab tarqaladi, keyin qo‘l va oyoqlarga chiqadi.

Toshma tosha boshlaganidan beshinchi kundan boshlab bemor atrof uchun zararsiz hisoblanadi. Tuzalish jarayoni kasallikdan so‘ng 2-3 hafta kechadi.

Zotiljam, ensefalit, o‘tkir diareya…

Qizamiqqa qarshi emlanmagan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, ayniqsa, chaqaloqlar, immuniteti past bemorlar, homilador ayollarda bunday yuqumli kasallik og‘ir asorat qoldirishi mumkin. Xususan, kasallikdan keyin quyidagilar kuzatiladi:

  • zotiljam;
  • ko‘rlik;
  • ensefalit (bosh miya shishiga olib keluvchi yallig‘lanish);
  • o‘tkir diareya;
  • o‘rta quloq yallig‘lanishi.

Davolash mumkinmi?

Shuni aytish mumkinki, tibbiyot rivojlangan bugungi asrimizda ham hali-hamon qizamiqning maxsus davosi yaratilmagan. Quloq bakterial infeksiyasi va zotiljam kabi kasallik asoratlari yuzaga kelganda antibiotiklar vositasida muolaja tavsiya kilinadi. Qizamiqqa chalingan bolalar, eng avvalo, to‘laqonli ovqatlanishi va diareya holatida regidratatsion davo olishi zarur.

Shu bilan birga, A vitamin iste’mol qilish kasallikning og‘ir asoratlari oldini olish mumkin. Sutkasiga A vitaminini ikki dozada qabul qilish bolalar o‘rtasida qizamiqdan o‘lim holatlarini 50 foizga kamaytiradi. Qizamiqqa chalingan bemorlarda butun hayot davomida immunitet hosil bo‘ladi. Ularni kasallikka qarshi emlash shart emas.

Emlash – eng samarali kurash yo‘li

Garchi, tibbiyotimiz qizamiqni davolash bo‘yicha katta natijaga erishmagan bo‘lsa-da, uning oldini olishdagi yutuqlar bilan quvonish mumkin. 1963 yilda tibbiyotga qizamiqqa qarshi vaksina joriy etilishi tufayli millionlab bolalarni bu kasallikdan asrash, nogironlik va bir qator og‘ir kasalliklarning oldini olishga erishilmoqda.

Masalan, 2000 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda yer yuzida qizamiqqa qarshi emlash natijasida o‘lim holati sakson foizga kamaygan, ya’ni 21,1 million o‘lim holatining oldi olingan.

Qizamiqqa qarshi vaksina mamlakatimiz tibbiyotiga ham joriy etilgan va bolalar bir va olti yoshida bu kasallikka qarshi reja asosida emlanadi. Bu vaksina kombinirlangan bo‘lib, u bolada qizamiq bilan bir qatorda, qizilcha va parotitga qarshi ham immunitet hosil qiladi. Maktabga chiqishdan oldin bolalar o‘rtasida qizamiqqa qarshi emlanganlik skriningi o‘tkaziladi. Shu taxlit, bolalar ikki marotaba emlash bilan ta’minlanadi.

O‘zbekistonda emlash dasturi doirasida ishlatiladigan vaksinalarning barchasi xavfsiz va samarali. Emlashdan keyingi jiddiy nojo‘ya holatlar deyarli qayd etilmaydi.

Tavsiyalar

Tibbiyot xodimlari aholi orasida, xonadonlarda patronaj ishlarini tashkil etishda yuqumli kasallik­larning oldini olish bilan bog‘liq targ‘ibot ishlarini kuchaytirishi lozim. Xususan, qizamiq va qizilcha kasalligi kelib chiqishi sabab­lari, ilk belgilari, oldini olish choralari xususida aholi bilan uzluksiz muloqotni yo‘lga qo‘yish kerak.

Bolalarni o‘z vaqtida emlashga jalb etishga erishish, ota-onalarga emlashning foydali jihatlarini doimiy tushuntirish, bu masalada tushunmovchilik bo‘lganda mahalla faollari, joylardagi xotin-qizlar tuzilmalari va boshqa jamoat tashkilotlarini ko‘makka chaqirish lozim.

Harorati baland bemorlar bo‘lsa, ularning holatiga jiddiy e’tibor berib, qizamiqning belgilarini shamollash va gripp bilan adashtirmaslik kerak. Biror oilada qizamiqqa chalingan bemor aniqlansa, uning o‘z vaqtida davolanishini nazorat qilish bilan birga, oilaning boshqa a’zolarini immunizatsiya, ya’ni emlashga jalb etish shart.

Umuman olganda, kasallik aniqlangan oilalar va jamoalarda tibbiy-profilaktika va epidemiyaga qarshi kurash ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish orqali yuqumli kasallikni zudlik bilan jilovlashga erishish mumkin!

Dilorom TURSUNOVA,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisi.

Soglom.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.