Prostatit kasalligi
Kasalliklar

Prostatit kasalligi — sabablari, turlari, belgilari va davosi

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra dunyo bo‘yicha 50 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning 70 foizida o‘tkir yoki surunkali prostatit kasalligi kuzatiladi.

Aksariyat hollarda kasallik rivojlanish davridan o‘tib bo‘lgach, ya’ni bezovtaliklar zo‘raygach mutaxassisga murojaat qilinadi. Mazkur urologik kasallik asoratlari erkakning sog‘lom turmush tarzi, jinsiy hayot sifatiga ham ta’sir qilgani bois bugun uni davolashning bir qancha usullari joriy qilingan.

Prostatit sabablari nima?

Prostatit – prostata bezining yallig‘lanishi bo‘lib, asosan 30-50 yoshlardagi erkaklar orasida ko‘proq kuzatiladi. Kasallik kechishiga ko‘ra o‘tkir yoki (3 oydan ko‘p bo‘lsa) surunkali turlarda bo‘linadi.

Prostatit rivojlanishining sabablari – kichik tosning venoz tomirlarida qon aylanishining buzilishi, ich qotishi, kamharakatlilik, uzoq vaqt jinsiy aloqadan tiyilish, sovqatish, spirtli ichimliklar kabilar bo‘lishi mumkin.

Kasallik turlari

Xastalik tasniflanishiga ko‘ra infeksion (yuqumli) va noinfeksion (yuqumli bo‘lmagan, prostata bezini oziqlantiruvchi qon tomirlarining dimlanishi natijasida yuzaga keladi) turlarga bo‘linadi. Infeksion prostatitda prostat beziga mikroblar, virus, bakteriya va zamburug‘lar daxl qiladi. Noinfeksion prostatit esa infeksiya qo‘zg‘atuvchilarsiz yuzaga keladi.

Prostatit kasalligi belgilari

Xastalik xuruj qilganida bemor o‘zida turli bezovtaliklarni sezishi mumkin. Xususan, tos a’zolarida og‘riq, peshob chiqarish, eakulyatsiya (qovushish paytida urug‘ ajralib chiqishi) jarayonida turli muammolar kelib chiqadi.

Yanada aniqroq aytganda peshobning uzuq-yuluq ajralishi, qovuq to‘liq bo‘shamasligi, bu paytda og‘riq hissining yuzaga kelishi, eakulyatsiya payti va undan keyin ham og‘riq paydo bo‘lishi, gemospermiya (shaxvat suyuqligining qon aralash kelishi) kasallikning asosiy belgilari sanaladi.

Tashxislash

Prostatit bilan kasallangan bemorlar uchun quyidagi tekshiruvlar ketma-ketligi belgilanadi:
– Bemorning umumiy shikoyatlari;
– Fizikal tekshiruv;
– Peshobning umumiy tahlili;
– Venerik kasalliklarni istino qilish bo‘yicha tahlil;
– Infeksiyaga oid tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Shu bilan birga mutaxassis qo‘shimcha tarzda boshqa turdagi tekshiruvlarni ham buyurishi mumkin. Muolajadan ko‘zlangan asosiy maqsad xastalik sababini aniqlab, davolash choralarini to‘g‘ri yo‘naltirish.

Prostatit kasalligi qanday davolanadi?

Hozirgi kunda prostatit bilan og‘rigan bemorlar uchun urologik markazlar va poliklinikalarda bir qator muolaja usullari tadbiq etilmoqda.

Shifokor bemorning yoshi va holatiga qarab, antibakterial preparatlar va yallig‘lanishga qarshi dori vositalari, immun tizimini rag‘batlantiruvchi, so‘rdiruvchi terapiya, prostata bezini massaj qilish, magnit va lazer terapiyasi kabi muolajalarni buyuradi.

Har bir bemor organizmi individual ekanligini hisobga olib, davolash muddati ham turlicha bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda prostatitni davolashda gipertermiya (yuqori harorat ta’sirida davolash) muolajasi ham qo‘llanilmoqda.

Shu bilan birga urologik markazlarda, gipertermiya, massaj va magnit terapiya usullarining birgalikdagi jamlanmasi ham foydalanilmoqda.

Kasallik yana qaytalanadimi?

Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Haqiqatan ham davolangandan so‘ng xastalik yana qaytanalanishi mumkinmi? Mutaxassislar fikrich agar sog‘ligingizning ehtiyotini qilib, to‘liq davolansangiz va sog‘lom turmush tarziga rioya etsangiz xastalik takrorlanishining oldini olish mumkin. Aksi bo‘lganda esa …

Qo’shimcha tavsiyalar

– Davolanish davomida spirtli ichimliklarni iste’mol qilmang;
– Tananinng sovqotishiga yo‘l qo‘ymang. Qisqa muddatli sovqotish ham kasallikning zo‘rayishiga olib kelishi mumkin;
– Jismoniy mehnat va sport (suzish va velosportdan tashqari) ijobiy ta’sirga ega;
– Surunkali ich qotish (qabziyat) prostata bezida qon aylanishi buzadi. Shu bois ichaklar yurgazuvchanligiga jiddiy e’tibor qarating;
– Kamharakatlilikka yo‘l qo‘ymang.

E’lonlarga chalg’imang!

Bugun oynaijahon orqali namoyish etilayotgan reklama e’lonlarida prostatitning oson va samarali usullari haqida ko‘p gapiriladi. Yodda tuting, reklama qilingan har qaysi dori vositasi ham kasallikni davolashda qo‘llanilavermaydi.

Shu bilan birga bilib-bilmay dori preparatini qabul qilish turli asoratlarga olib kelishi, kasallik zo‘rayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Faqat malakali urolog shifokorgina to‘g‘ri muolaja va kerakli dori vositalarini buyurishi mumkin.

Oliy toifali shifokor, urolog-androlog Zarifjon MURODOV ma’lumot berdi.
Darakchi.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.