Peshona og'rishi
Kasalliklar

Peshona og’rishi sabablari

— Ko‘pincha boshimda qattiq og‘riq turadi, boshning turli qismlaridagi og‘riqlar turli kasalliklardan darak deb eshitganman. Shu rostmi?

Farhod Toshboyev, Surxondaryo viloyati

Bosh og‘rig‘i bir qancha kasalliklar darakchisi bo‘lishi mumkin. Masalan, tish bilan bog‘liq kasalliklar, allergiya, migren, stresslar.

Quyida peshona og’rishi, peshonada paydo bo‘ladigan og‘riqlar sabablarini ko‘rib chiqamiz:

Mundarija

Asabiylashish va charchash oqibati

Qattiq asabiylashganda va qattiq charchashdan kelib chiqadigan og‘riq. Bu og‘riq boshning orqa bo‘yin qismidan yuzning ikki chakka qismiga o‘tib ko‘z sohasiga tarqaladi.

Bunaqa og‘riq kishi muvozanatining buzilishi, bosh aylanishi va ko‘ngil aynashi bilan kuzatiladi. Og‘riqni paypaslab boshning orqa bo‘yin qismida sezish mumkin. Bu og‘riq bostiruvchi, siquvchan yoki yoyiluvchan bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik bu og‘riqni xuddi “tor bosh kiyim kiygandek” sezishadi.

Bu kabi peshona atrofidagi og‘riq bo‘yin mushaklarini va bosh chanoq mushaklarini zo‘riqtiradi. Og‘riq kuchli va davomli asabiylashish va ruhiy zo‘riqishlardan kelib chiqadi. Peshonam og‘riyapti deb shikoyat qilgan bemorlar qattiq tashvish yoki og‘ir ruhiy siqilish holatini boshidan o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

Peshona og’rishi va gaymorit

Gaymorit ham boshning peshona qismi og‘rishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunda bemor nafas olishi qiyinlashganidan va burun bo‘shlig‘ida zo‘riqish hosil bo‘lganidan shikoyat qiladi.

Bemorda yorug‘likdan qo‘rqish, ko‘z yoshi va burun oqishi va hid sezish qobiliyatining yo‘qolishi kuzatiladi. Og‘riq yoyiluvchi, kengayuvchi yoki bir joyda masalan, peshonada yoki chakkalarda to‘planib bir xil soatda takrorlanuvchi bo‘lishi mumkin.

Bosh miya ichki bosimining oshishi

Bosh og‘rig‘ining yana bir sababi ichki bosh chanoq qon bosimining ko‘tarilishidir. Odatda bunday og‘riq qon bosimi ko‘tariladigan yoki tushadigan kishilarda ko‘p uchraydi.

Og‘riq bu holatda turlicha bo‘lib, peshonaning atrofida, chakkalarda, boshning orqa qismida yoki butun bosh atrofida kuzatilishi mumkin. Bu kabi og‘riqlar ob-havoning o‘zgarishida, kuchli ruhiy zo‘riqishda va charchoqda paydo bo‘ladi.

Frontit kasalligida peshona og’rishi

Ertalabdan paydo bo‘ladigan peshona atrofidagi og‘riq – frontit bilan kasallanganda kuzatiladi, bunda burundan nafas olish qiyinlashadi, burundan ajralmalar keladi.

Og‘riq ko‘pincha kuchli bo‘lib nevralgiya kabi kechadi. Ba’zi bir holatlarda frontit yorug‘likdan qo‘rqish va ko‘z og‘rig‘i va hid sezish qobiliyatining yo‘qolishi bilan kechadi.

Bemorlar burun bo‘shlig‘ining tozalanganida og‘riqning kamayishini va aksincha burundagi ajralmalarning qiyin chiqishida og‘riqning kuchayishini aytishadi.

O‘tkir virusli grippli frontit tana haroratining ko‘tarilishi, burun bo‘shlig‘i atrofi rangining o‘zgarishi, peshona va qovoqlar oldining shishishi bilan kuzatilib, qon aylanishining buzilishidan kelib chiqadi.

Burun bo‘shlig‘ining shamollashi

Aksariyat hollarda bemorlar boshning peshona atrofidagi og‘riqlari burun bo‘shlig‘ining shamollashi, nevralgiya (asab tizimining yallig‘lanishi), yoki uch shoxli nervning shamollashi natijasida yallig‘lanish nevritga sabab bo‘ladi.

Og‘riq tez-tez xuruj qiladi, ko‘zdan yosh oqishi, peshonaning qizarishi, qoshlarning og‘irligi bilan kuzatiladi.

Infeksiyalar oqibati

Turli infeksiyalar (kasal tarqatuvchi bakteriyaning, virusning odam organizmiga tushishi) turli xil og‘riqlarga sabab bo‘la oladi. Bunday og‘riq intoksikatsiya va tana harorati ko‘tarilganda yuzaga keladi. Kasallanganlar peshona atrofidagi og‘riqdan shikoyat qilishadi.

Chekish oqibati

Kuchli, bir tomonlama urib turuvchi, peshonaga va ko‘zga yoyiluvchan og‘riq bog‘lamli, tutamli og‘riq deyiladi va ko‘z qizarishi, yosh oqishi bilan kuzatiladi. Odatda 30 yoshdan oshgan, chekuvchi erkaklarda uchraydi.

Kasallik boshlanishiga tamaki, spirtli ichimlik yoki iqlimni o‘zgartirish sabab bo‘ladi. Tutamli og‘riqlar juda og‘ir kechadi, ular odamni kechayu-kunduz azoblab, og‘riqni qoldiruvchi dorilar esa oz fursatga yordam beradi. Bu holatni yuzaga kelishida odam qon tomirlaridagi muammolar sabab bo‘ladi.

Migren

Vaqti –vaqti bilan tutib turadigan bosh og‘rig‘i (migren) bexosdan, urib turuvchi, bir tomonlama peshonada va chakkalarda paydo bulib, boshning orqa qismiga va ko‘z atrofiga yoyiladi. Xuruj tez-tez takrorlanib, ko‘ngil aynashi va qusish bilan kuzatiladi.

Faqatgina tajribali shifokorgina peshonadagi og‘riq sababini aniqlashi mumkin. Bunda umumiy amaliyot shifokori, stomatolog, otolaringolog va nevropatolog shifokorlar birgalikda tashxis qo‘yishsagina dardning sababini aniqlash mumkin.

Tegishli maqola: Bosh og’rig’i — sabablari, turlar va uy sharoitida davolash usullari

Savolga oliy toifali shifokor otorinolaringolog Gulnora Po‘latova javob berdi.
Darakachi.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.