ona suti
Tabiiy maslahatlar

Ona suti tarkibi. Bolani emizish usullari va qoidalari

Barcha onalar farzandining sog‘lom va baquvvat bo‘lib, dard chekmay kamolga yetishini orzu qiladi, butun borlig‘ini berib, shunga intiladi… Aslida, ona va bola o‘rtasidagi mehr-muhabbat rishtasi homiladorlikning dastlabki kunlaridanoq boshlanadi. Bu holat fanda «ona — yo‘ldosh — homila tizimi» deya atalishidan xabardorsiz. Farzand dunyoga kelgach esa, muloqot jarayoni navbatdagi bosqichga o‘tib, endilikda u «ona — ko‘krak suti — bola» tushunchasi bilan emizish orqali davom etadi va rivojlanadi.

Zero, go‘dakni ko‘krak suti bilan oziqlantirish nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekani hech kimga sir emas. Shunday ekan, ushbu mavzuda har qancha so‘z yuritsak, arziydi.

Go‘dak uchun ona sutidan foydaliroq va yaxshiroq ozuqa yo‘q. Ko‘krak suti sifat jihatidan bosh­qa turdagi yeguliklardan ustundir. Uning tarkibida barcha zarur ozuqaviy moddalar hamda turli infeksiyalarga qarshi omillar mavjud.

Psixologlar ko‘p bor e’tirof etishganki, ona va bola o‘rtasida hissiy munosabatning yuzaga kelishi ko‘krak suti bilan emizish davriga chambarchas bog‘liq. Ayol suti orqali zurriyodiga mehr-muhabbatini, eng go‘zal tuyg‘ularni ulashadi.

Shu bois mutaxassislar emizayotgan mahalda chaqaloq bilan suhbatlashish, chiroyli iboralarni tez-tez aytib turish lozim, deyishadi.

Ona suti tarkibi

Ona sutining afzalliklari haqida so‘z borganda uning tarkibiga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.

Tug‘uruqdan keyingi ilk kunlarda ko‘krakdan sarg‘ish suyuqlik keladi. Bu og‘iz sutidir. Og‘iz suti bola uchun o‘ta foydalidir. Farzand kutayotgan ayolga hali ko‘zi yorimasidanoq uning ahamiyati haqida ko‘proq tushuncha berish zarur.

Bolaning tug‘uruqdan keyingi ilk nasibasi uning ichaklarini tozalaydi, infeksiyalar ta’siridan himoyalaydi va immunoglobulinga boy bo‘lgani bois, immun tizimini mustahkamlaydi. Tibbiyotda og‘iz suti birlamchi emlash, deb yuritilishi ham bejiz emas.

Keyinroq ko‘krak shishib, og‘irlashadi, sut miqdori ortadi. Bu yetilgan sutdir.
Emizish avvalida ajraladigan suyuqlik – oldingi sut, deyiladi. U kechki sutga nisbatan ko‘kimtir bo‘lib, ko‘p miqdorda ajralib chiqadi va go‘dakni yetarli miqdorda oqsil, laktoza kabi mineral komponentlar bilan ta’minlaydi.

Bola oldingi sutni ko‘p iste’mol qilishi sabab organizmiga kerakli miqdorda suv qabul qiladi.

Ayrim onalar bolani oxirigacha to‘liq emizmaydi. Shuning uchun ham, yosh onani emizish qoidalari bilan tanishtirayotganda orqa sut haqida, albatta, ma’lumot berish lozim.

Kechki sutlar ranggi jihatidan ertangi sutga nisbatan oqishroq bo‘ladi: uning tarkibida yog‘ miqdori ko‘pdir. Ma’lumki, yog‘lar organizm uchun asosiy quvvat manbai hisoblanadi. Shu bois bola emayotganda uni ko‘krakdan tez ajratmaslik kerak.

Olimlarning ilmiy tadqiqot xulosalari ona sutida organizm uchun zarur 100 dan ziyod ozuqa moddalari borligini ko‘rsatdi.

Ular nafaqat miqdor, balki sifatiga ko‘ra ham go‘dakning yoshi, sog‘lig‘iga to‘la mos keladi. Ya’ni bola ulg‘aygani sayin ona suti tarkibidagi vitamin va mineral moddalar o‘sayotgan organizm ehtiyojiga moslashib boraveradi.

Bolani emizish usullari va tavsiyalar

emizish usullari

Go‘dak hayotining birinchi olti oyligida ona suti bolaning ozuqa va suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlaydi. Hatto issiq kunlarda ham bolaga suv berishning zarurati yo‘q — tez-tez emizish kifoya. Emizish mahali quyidagilar muhim:

– bolani tez-tez, kunduzi va kechasi emizish lozim. Bir ko‘krak bo‘shamay turib, ikkinchisini tutish yoxud faqat bir ko‘krakdan emizish to‘g‘ri emas;

– ona ko‘krakni noto‘g‘ri bersa, bola noqulay joylashib qolsa, yupatish uchun so‘rg‘ich yo biror suyuqlik berilsa, chaqaloqning emish qobiliyati buziladi va u tez-tez bezovtalana boshlaydi. Bu keyinchalik emishdan umuman yuz o‘girishga olib kelishi mumkin;

– emizilayotgan paytda bola ko‘krak qorachig‘ining ko‘proq qismini tutib olishiga ­e’tibor berish lozim. Chunki ko‘krak qorachig‘ining yuzasigina tutilsa, bola to‘ymay qolishi mumkin;

– sut miqdori qisman onaning o‘y-xayollari, sezgi va hissiyotlariga bog‘liq. Agar u bot-bot asabiylashsa, bezovtalansa, sut kamayadi. Shuningdek, kichkintoy soatga qarab emizilsa, emizish oxiriga yetkazilmasa, sut ajralishi kamayadi, ko‘krak bezlari shishib, og‘riq yuzaga keladi.

Chaqaloqni ko‘krak suti bilan oziqlantirish uning aqliy, ruhiy va jismoniy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ona suti bilan parvarishlangan bolalarda harakatchanlik, sezish qobiliyati barvaqt shakllanadi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, diareya (ich ketishi) kasalligiga chalinish xavfi ko‘krak suti bilan boqilgan go‘daklarda sun’iy ozuqa bilan parvarishlangan bolalarga nisbatan 8 barobar kamroq ekan. Bundan tashqari, ko‘krak suti bilan oziqlangan o‘g‘il-qizlarda allergiya, qandli diabet, kariyes xavfi kam foizni tashkil qiladi.

Foto: pampers-gorodok.ru

Emizishning ayol uchun foydasi…

Avvalambor, ona sutidagi gormonlar faqat sutni ko‘paytiribgina qolmay, ayol organizmidagi fiziologik jarayonlarga, onaning jismoniy va ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Tug‘ruqdan so‘ng bachadon qisqarishi ko‘p jihatdan to‘g‘ri emizishga bog‘liq.

— Ayolning reproduktiv salomatligi, ko‘k­rak saratoni, osteoporoz (suyaklar mo‘rtlashuvi) xavfi kamayishi ham ko‘krak suti bilan oziqlantirish natijasidir.

Emizikli ayollarda moddalar almashinuvi jadal kechadi, bu esa ishtaha yaxshilanishi, kayfiyat ko‘tarilishini ta’minlaydi.
Go‘dakni kun davomida 10-12 martagacha, tunda esa 2-3 bor emizish lozim. Umumiy hisobda bola ikki yoshgacha ko‘krak suti bilan oziqlantiriladi.

Olti oylikdan boshlab, ona sutidan chiqarmagan holda bolaga qo‘shimcha ovqat berish mumkin.

Bolani qo’shimcha ovqatlanishga o’tkazish

Bolani qo‘shimcha ovqatga o‘tkazish ham o‘ziga yarasha mas’uliyat va e’tibor talab etadigan davr. Shunisi ham ahamiyatliki, qo‘shimcha ovqatni vaqtidan avval yoki kechiktirib berib bo‘lmaydi.

Erta (masalan, 4 va 5-oylarda) qo‘shimcha ovqatga o‘tish, bolaning ko‘krak sutidan bosh tortishi, ona suti kamayishiga olib keladi. Infeksiyalarning bola salomatligiga ta’siri ortadi, dispepsiya holati yuzaga kelishi mumkin.

Qo‘shimcha ovqat kech berilganda esa zarur vitamin va mikroelementlar tanqisligi yuz beradi. Qolaversa, bolada chaynash va yangi ta’mga o‘rganish qobiliyati sust rivojlanadi.

Qo‘shimcha ovqatga o‘tish nega aynan olti oylikda boshlanadi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Chunki bu paytda bolaning asab va mushak­lar koordinatsiyasi shakllangan bo‘lib, go‘dakning ilk tishlari chiqqan va u tana muvozanatini ushlay oladigan holatda bo‘ladi.

Kichkintoy kuniga 1-2 mahal, yarim choy qoshiqdan sabzavot, meva pyuresi hamda yoshiga mos bo‘tqalar bilan ovqatlantirib boriladi.

Hamida RAJABOVA, pediatr-shifokor.
Soglom.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.