Ba’zi odamlar muloqot vaqtida og‘zidan noxush hid kelayotganini o‘zi sezib, hijolat bo‘ladi. Halovati yo‘qoladi, uni bartaraf etishga intiladi. Izlanadi. Og’iz hidlanishi kabi muammo bilan to’qnash keladi. Chunki ushbu muammo ko’pincha o’ziga bo’lgan ishonchi yo’qotishga sabab bo’ladi va muloqot qilishga to’sqinlik qiladi. Muammo doimiy ravishda mavjud bo’lishi yoki vaqti-vaqti bilan paydo bo’lishi mumkin, masalan, och qoringa.
Darhaqiqat, og‘iz hidlanishi xastalikmi? Uning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat?
Og‘izdan noxush hid kelishining sabablari ko‘p.
Galitoz?
Ulardan biri — galitoz holatidir. Ayniqsa, katta yoshdagilarda galitoz doimiy tarzda kuzatiladi. Stomatologik nuqtai nazardan olib qarasak, noxush hidga, asosan, tish toshlari, kariyes, tish chirishi, tish qoplamalarining eskirishi va yaxshi o‘rnatilmasligi sabab bo‘ladi. Tish va qoplama orasida ovqat qoldiqlarining qolishi, milkning yiringli kasalliklari va ovqat qoldiqlarining yig‘ilishi badbo‘y hid kelishiga zamin yaratadi
Og‘izda noxush hid paydo bo‘ldimi, zudlik bilan uning sababini aniqlash va davo choralarini qo‘llash lozim.
Ba’zi dorilarni ichish so‘lak bezlarining kasallanishiga sabab bo‘ladi, buning oqibatida esa og‘iz qurishi yuzaga keladi. Bunda og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak yetishmaydi, qarabsizki, og‘izdan yoqimsiz hid anqiydi.
Ba’zi mahsulotlar sabab og‘izdan noxush hid kelishi ham mumkin. Bunga tanovul qilingan oziq-ovqatlar sabab bo‘lishi mumkin.
Piyoz, sarimsoq kabi kuchli hidga ega ozuqalar iste’mol qilinsa, 72 soatgacha ularning hidi inson nafasida seziladi. Kofe kabi ichimliklar ham noxush hidlarga sabab bo‘ladi. Shuningdek, tamaki chekish noxush hid va og‘iz qurishiga olib keladi. O‘tkir hidli ne’matlardan keyin yalpiz yoki ukrop ko‘katini chaynash noxush hidni yo‘qotadi.
Bundan tashqari, nonushta qilmaslik, qorin ochligida ham vaqtinchalik yomon hid kuzatilishi mumkin. Ammo bu kasallik jarayoni bo‘lmay, ovqatlangach, o‘tib ketadi.
Og’iz hidlanishi sabablari
Agar og‘zingizdan bot-bot noxush hid kelayotgan bo‘lsa, odatda u biror xastalikning belgisi ham bo‘lishi mumkin. Masalan, oshqozon va ichak mikroflorasining buzilishi, qabziyat, pankreatit — oshqozon osti bezi faoliyatining buzilishi, jig‘ildon qaynashi, me’da yallig‘lanishi kabi dardlarda ham bad hid kelishi mumkin.
Ichak mikroflorasi buzilsa, ovqat hazmi qiyinlashadi. Oqibatda taomdan paydo bo‘luvchi badbo‘y hid ichak yo‘llari orqali og‘izdan kela boshlaydi.
Muammoning yana bir sababi — oshqozon osti bezi faoliyatining buzilishi. Oshqozon osti bezi taomning hazm bo‘lishida katta ahamiyatga ega. Bezning yaxshi ishlamasligi qabziyatga, ichaklar faoliyatining buzilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z o‘rnida og‘izda yomon hid paydo qiladi.
Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, patologik holat bilan bog‘liq hidlar bir-biridan farq qiladi. Tajribali shifokor pankreatit bilan bog‘liq hid va tish kasalliklarida paydo bo‘luvchi hidni farqlay oladi. Bu holatni tashxis qo‘yishda kasallik belgisi sifatida ishlatadi.
Jig‘ildon qaynashining oldini olish uchun taom tarkibiga ahamiyat berish kerak: har xil ovqatlarni aralashtirib yemaslik, taomni shirin ichimliklar bilan emas, oddiy qaynoq suv bilan iste’mol qilish va yog‘li ovqatlardan oldin shirinlik yemaslik, ochlikni his qilgachgina taomlanish lozim. Ovqat hazmi yomonlashsa, taomni ko‘katlar, karamli salat, qatiq bilan yoki kam miqdorda olma sirkasi bilan iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Xom sabzavot va mevalar nafaqat hazmni osonlashtiradi, balki ichak mikroflorasini ham tiklash xususiyatiga ega. Shuning uchun ovqatlar bilan salatlar is’temoli koni foydadir. Tushlikdan keyin 15 daqiqa toza havoda sayr qilish maqsadga muvofiq. Agar sizda ovqatlanish tartibi, ich kelishi bir me’yorda bo‘lsa, hazmi taom bilan bog‘liq bezovtalik kuzatilmasa, demak, og‘izdagi yomon hidning sababi boshqa a’zolarga bog‘liq.
Agar bemor vaqtida shifokorga murojaat qilsa, tish toshlari terilib, muammo oson hal etiladi. Ba’zan shifokorning tajribasizligi oqibatida kasallangan tish to‘liq davolanmay, qoplama o‘rnatiladi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan qoplama tagidagi tishning chirishi va hidlanishiga sabab bo‘ladi.
Og‘iz bo‘shlig‘ida hid bo‘lmasligi uchun tishlarni vaqti-vaqti bilan tuzli suvda chayib turish kerak. Namakobni og‘izda bir necha daqiqa ushlab turish uning samarasini yanada oshiradi. Bundan tashqari, moychechak bug‘iga og‘izni tutish va ushbu damlama bilan tishlarni chayish ham og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanishining oldini oladi. Eng muhimi, bir kunda ikki mahal ya’ni ovqatlangach, tishlarni yuvishni odat qiling.
Foydali maqola: Yuzni oqartirish va yoshartirish uchun uy sharoitida sinalgan usullar
Og’izdan noxush hid kelishini davolash
Quyida og‘izdan badbo‘y hid kelishida samara beradigan usullar haqida ma’lumot beramiz.
Yoga bilan shug‘ullaning: Nafas mashqlarini bajarish burun-halqumdagi badbo‘y hidlardan qutulishga yordam beradi.
Sodali suv iching: Bir stakan suvga yarim choy qoshiq soda qo‘shib iching.
Qanday uxlashingizga e’tibor bering
Og‘izni ochib uxlash yoki xurrak otish so‘lak ishlab chiqarilishini kamaytirishi sabab sog‘lom nafas olishga xalaqit beradi. Shu sabab yonboshlab yoki qorin bilan uxlash tavsiya qilinadi. Ertalablari qiynalib nafas olish uyqu apnoesidan darak berishi mumkin va bu holatda shifokorga borish tavsiya qilinadi.
Aloe sharbatini iste’mol qiling: Mazkur sharbat tish orasidagi va og‘iz bo‘shlig‘idagi ovqat qoldiqlarini tozalashga yordam beradi.
Chekishni tashlang: Chekish og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalarni ko‘paytiradi, bu esa badbo‘y hidlanishga olib keladi.
Ko‘proq suyuqlik iching: Organizmga suv yetishmaganda kam miqdorda so‘lak ajraladi, bu esa og‘iz hidlanishiga sabab bo‘ladi.
Olma yeyishni kanda qilmang: Meva tarkibidagi C vitamini mikroblarni o‘ldiradi. Bu esa og‘iz bo‘shlig‘idagi noxush hiddan qutulishga yordam beradi.
Saqich chaynang: Badbo‘y hiddan qutulishning eng oson va eng ko‘p tarqalgan usuli saqich chaynash hisoblanadi. Saqich og‘izdagi qoldiq va bakteriyalardan qutulishga yordam beradi.
Choy iching: Tushlikdan keyin qahva o‘rniga bir finjon qora yoki ko‘k choy iching. Choy tarkibidagi polifenollar sabab kutilgan natijaga erishishingiz mumkin.
Maslahatlar uchun katta rahmat