nefrolog maslahati
Kasalliklar

Nefrolog maslahati: O’tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi

Yurtimizning tabiiy sharoiti, odamlarning turmush tarzi va boshqa bir qancha omillar sabab aholi orasida buyrak kasalliklaridan aziyat chekish holati ko‘p uchramoqda, natijada, bu borada alohida tadbirlar olinishiga to‘g‘ri kelyapti. Buyrak xastaliklari bilan og‘rigan bemorlarning davolanishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

SSV Matbuot xizmati buyrak yetishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev bilan «Nefrolog maslahati» rukni doirasida suhbatlashdi.

O’tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi

— O‘tkir buyrak yetishmovchiligi va surunkali buyrak yetishmovchiligining farqi nimada?

— Buyrak yetishmovchiligi xastaligi buyrak faoliyatining pasayish sindromi hisoblanadi. U to‘satdan yoki sekinlik bilan ro‘y berishi mumkin. Shunga qarab o‘tkir hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi kabi turlarga bo‘linadi.

Bemorlarning ko‘pchiligi o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekishadi. Unda organizmda qon aylanishining buyrakka bog‘liq qismi keskin buzilishiga olib keladi. Xastalik turli sabablarga ko‘ra rivojlanishi mumkin.

Uning buyrakka bog‘liq sabablari sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin:

  • autoimmun kasalliklar,
  • buyrakning turli moddalar ta’sirida o‘tkir va tez shikastlanishi,
  • buyrak qon tomirlarida tromblarning hosil bo‘lishi,
  • tomirlarning yaxlit organizm miqyosida yallig‘lanishi kabilar hisoblanadi.

Bu dardning buyrakka bog‘liq bo‘lmagan sabablari ko‘p:

  • qon yo‘qotish,
  • shok,
  • qon bosimining keskin pasayib ketishi,
  • peshob yo‘llarining jiddiy yoki to‘liq berkilishi kabi holatlarni sanashimiz mumkin.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi esa birdaniga sodir bo‘lmaydi, balki buyrak nefronlari, ya’ni qilnaychalarining zararlanish darajasi oshib borishi va faol nefronlar miqdorining kamayib ketishi natijasida yuzaga kelib, sekin-astalik bilan rivojlanadi.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi sabablari

— Surunkali buyrak yetishmovchiligi qanday sharoitda yoki nima sababdan kelib chiqadi?

— Xastalik siydik yo‘lining uzoq davom etadigan kasalliklari, buyrakning sildan keyingi zararlanishi, buyrak tosh kasalligi va boshqalar oqibati bo‘lib, buyrak to‘qimasining bujmayishi yoki xaltasimon kengayishi bilan davom yetadi.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi sindromining dastlabki belgilari faol nefronlar miqdorining 50 foizgacha kamayganida paydo bo‘la boshlaydi. Bu miqdor 30 foizga tushganda kasallik belgilari bemorning o‘ziga ham yaqqol sezila boshlaydi.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi asosiy kasallikning asorati hisoblanadi, kattalarda ham, bolalarda ham uchrashi mumkin.

Surunkali buyrak yetishmovchiligi belgilari

— Surunkali buyrak yetishmovchiligining belgilari qanday bo‘ladi?

— Buyrak anchagina zararlanishga ulgurgan bosqichida kasallikning belgilari bemorning o‘ziga bilina boshlaydi.

Uning tashqi belgilari sifatida shularni aytishimiz mumkin:

  • tez-tez chanqash, og‘iz qurishi;
  • terining quruqlashib, qichishishi;
  • qusish, kamqonlik;
  • nafas a’zolari, yurak tomirlari va meda ichak faoliyatining buzilishi alomatlari;
  • kechki peshobning kunduzgidan ko‘payishi holatlari.

Laboratoriya sharoitida peshobning nisbiy zichligi kamayib, miqdorining ortishi ham aniqlanadi.

Nefrolog maslahati

— Buyrak kasalliklari qaysi jins vakillarida ko‘proq uchraydi va nima sababdan?

— Buyrak xastaliklari erkaklarga nisbatan ayollarda ko‘p uchraydi. Inson tanasida o‘ng buyrak jigarning hisobiga chap buyrakdan pastroq joylashgan bo‘ladi. Ayollarning homiladorlik davrida homilaning buyrakni ezishi, uning normal faoliyatiga ta’sir qiladi.

Ellik yoshdan oshganda, ko‘proq erkaklarda buyrak kasalliklariga chalinish kuzatiladi. Chunki bu yoshdan keyin erkaklarda prostata bezining giperplaziyasi va shuning oqibatida kelib chiqadigan peshob dimlanishi, buyrak tosh kasalliklari va metabolik o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

Farhod Xadjibayev, tibbiyot fanlari doktori, professor.
SSV Matbuot xizmati

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.