lor maslahati
Kasalliklar

LOR maslahati: Angina, traxeit, yo’lat va laringit kasalliklari

Tomog‘ingiz og‘risa nima qilasiz? «Asal qo‘shilgan issiq sut yoki moychechakli damlama bilan g‘arg‘ara qilaman…» deysizmi? Albatta, bu kabi usullarni barchamiz yaxshi bilamiz. Ammo qay biri haqiqatan ham bezovtalikni yengillashtirishi mumkin? Ana shunisi o‘ylantiradi. Zero biz bilgan sutli «muolaja» larning barchasi ham tomoq og‘riqlarida tavsiya etilavermaydi. Anglaganingizdek, bugun «LOR maslahati» rukni ostida shu haqda suhbatlashamiz.

Anginada ko’p suyuqlik ichish

— Angina bilan og‘rigan bemorlarga ko‘proq suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Bu qanday ichimliklar bo‘lishi mumkin? Masalan, meva sharbatlaridan ham foydalansa bo‘ladimi?

Omina Arslonova, Toshkent viloyati

— Nafaqat angina, balki boshqa tomoq og‘riqlari hamda gripp alomatlarida ko‘proq suyuqlik ichish tavsiya etilishi rost. Ammo barcha turdagi suyuqlik ham qo‘llanilavermaydi. Masalan, qaynoq sut, tanani qizdirgani bilan tomoqning shilliq qavatini zararlantiradi. Bu esa tomoqdagi og‘riqni yanada kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, gazli ichimliklar, nordon ta’mli sharbat va damlamalar ham angina bilan kasallangan bemorlar uchun man etiladi. Ayrimlar angina holatida sarimsoq qo‘shilgan sut yoki limonli choyni tavsiya etishadi. To‘g‘ri, ikkisi ham infeksiya bilan kurashuvchi mahsulot. Ammo tomoqning bodomcha bezlari yallig‘lanishida aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Anginada har qanday suyuqlik iliq holatda bo‘lishi kerak.

Traxeit qanday kasallik?

— Bir necha kundan beri quruq yo‘tal bezovta qilayotgandi. Ammo nafas yo‘llarida yallig‘lanish borligini xayolimga ham keltirmagandim. Yo‘tal xurujlari kuchayib, kamiga ko‘krak qafasida og‘riq paydo bo‘lgach, shifokorga murojaat qildim. Menga traxeit tashhisini qo‘yishdi. Hozir davolanayapman. Ilgari bu kasallik haqida eshitmagandim.

Nodir Samadov, Sirdaryo viloyati

— Traxeit – traxeya va uning shilliq qavatida yallig‘lanish jarayonining sodir bo‘lishi bilan izohlanadi. Xastalik nafas yo‘llarining infeksion kasalliklari, streptokokk, stafilakokk, viruslar ta’sirida yuzaga keladi. Shu bilan birga traxeit, rinit, faringit va laringit asoratida ham paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu kasallikda yo‘tal kuchli, quruq va quvvatsizlantiruvchi bo‘ladi. Yo‘tal xurujlarida bemor o‘zini bo‘g‘ilib qolayotgandek sezishi, ko‘krak qafasida og‘riq bo‘lishi mumkin. Traxeit albatta, shifokor nazoratida davolanishi kerak. Mazkur kasallikda ichimlik va yeguliklarni qaynoq holda iste’mol qilish man etiladi. Mutaxassis tavsiyasi bilan ingalyatsiya (bug‘ yordamidagi muolaja) usullariga ham murojaat qilish mumkin.

Og‘riqli yo‘talda ingalyatsiya usuli yordam beradimi?

Anora Sobirova, Samarqand viloyati

— Ingalyatsiya muolajasi laringit, rinit, faringit, traxeit kasalliklarida qo‘llaniladi. Ammo muolaja o‘tkazilishi va takroriyligi shifokor ko‘rigidan so‘ng bemorning umumiy ahvoli va xastalik darajasiga ko‘ra belgilanadi. Qolaversa, muolaja statsionar sharoitda ingalyator apparati yordamida bajarilishi lozim.

Sizni bezova qilayotgan og‘riqli yo‘tal sababini aniqlab, lozim topilsa ingalyatsiyaga murojaat qilish mumkin. Uy sharoitida efir moylari, qaynatilgan kartoshka suvi, iste’mol sodasi aralashmasida hosil bo‘lgan bug‘da ham ingalyatsiya o‘tkazish mumkin. Biroq buning ham o‘z tartib-qoidalari bor.

Masalan, agar tomoq og‘rig‘i tumov bilan birga kechayotgan bo‘lsa, bug‘li muolaja burun orqali nafas olish bilan bajariladi. Agar muammo faqat tomoqda bo‘lsa, og‘iz orqali nafas olish kifoya. Ingalyatsiyadan so‘ng yarim soat tanovul qilmaslik, 15-20 daqiqa tashqariga chiqmaslik va tomoq sohasini issiq tutish lozim.

Tana haroratining ko‘tarilishi, burun qonashi yoki bodomcha bezlarining yiringli yallig‘lanishida ingalyatsiya tavsiya etilmaydi.

Muzqaymoq yesang, tomog‘ing tuzaladi!

— «Tomog‘ing og‘riyotganida muzqaymoq yesang, bezovtalikdan tezda forig‘ bo‘lasan». Haqiqatan ham shundaymikan deb o‘ylab qoldim. Aslida tomoq og‘rig‘iga muzqaymoqning qanday aloqasi bor?

Sevara Yo‘ldosheva, Namangan viloyati

— Muzqaymoq og‘riq berayotgan tomoqqa huddi anesteziyadek ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni ma’lum vaqt og‘riqni «muzlatadi». Shirinlikning sovuqlik darajasi tomirlarni toraytirgani hisobiga bezovtalik o‘tib ketgandek bo‘ladiyu, ammo ta’siri tarqagach og‘riq yanada kuchayishi, yallig‘lanish esa faollashishi mumkin. Qolaversa, bu tariqa tajriba o‘tkazish immunitet uchun ham xavflidir. Tomoqdagi og‘riqda yalpiz yoki evkaliptli shimiladigan vositalardan foydalanish mumkin. Ular ham tomoqni muzlatgandek bo‘ladi-yu, biroq kasallikning avj olishiga yo‘l bermaydi.

Laringitda tomoqni chayqash mumkinmi?

— Tomog‘im og‘risa, iste’mol sodasi va osh tuzi qo‘shilgan suvda g‘arg‘ara qilaman. Ammo bu kabi muolaja laringitda mumkin emas deyishdi. O‘g‘limning laringiti bor, rostdan ham tuzli suvda tomoqni chayqab bo‘lmaydimi?

Saida Mansurova, Qibray tumani

— Farzandingizda laringit aniqlangan bo‘lsa, chindan ham osh tuzi aralashtirilgan suvda tomoqni chayqash mumkin emas. Ushbu kasallikda sho‘r, achchiq va nordon ta’mli mahsulotlar ham man etiladi. Sitrus mevalar, limon, yong‘oq, qotirilgan non, gazli ichimliklar va qaynoq yeguliklar ham cheklanishi lozim. Laringit asosiy muolaja bilan birga parhezni ham talab etadi. Agar ikkisi birgalikda olib borilsa, xastalik qaytalanishining oldini olish mumkin.

Mutaxassis: Timur MADAZIMOV, otoloringolog.
Jurnalist: N.Ilyosova tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.