immunitetni oshirish
Kasalliklar

Immunitetni oshirish usullari

 Immunitetni oshirish sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, toʻgʻri va oʻz vaqtida yaʼni kun tartibiga tabiiy mahsulotlarni kiritgan holda ovqatlanish, jismoniy mashqlarni muntazam bajarish,  oʻz vaqtida 8 soat uxlashga rioya qilgan holda amalga oshirish mumkin. Chunki, organizmning immun tizimi salomatligimiz qalqoni sanaladi. Immunitet mustahkam boʻlsa, kishiga  kasallik yuqmaydi, ruhan va jismonan tetik yuradi.

Tabiiy neʼmatlar foydasi

Immunitetni mustahkamlashda yozda  sarxil va qishda kuritilgan meva-sabzavotlarning ahamiyati beqiyos. Konservantlardan tarkib topgan yeguliklar esa odam organizmini himoya qilishga qodir emas. Shu bilan birga doim bir xil tarkibdagi taomlarni yeyish ham immunitetni zaiflashtiradi.

Bodring barchaga birdek foydali. Uning tarkibida xolesterinni kamaytiruvchi moddalar mavjud. Shu bilan birga tanga quvvat ham boʻladi. Umuman, yashil rangli sabzavotlar, masalan, turli xil  koʻkatlar qonni kislorodga toʻyintirish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, organizmda azot almashinuvini kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Inson organizmida suyuqlik miqdori yetarli boʻlsa, uning himoya tizimi yanada faol ishlaydi. Agar oshqozon -ichak tizimida muntazam muammolar kuzatilsa, tez-tez shamollash yuzaga kelsa, teriga  toshmalar toshsa, demak, organizmga  kerakli miqdorda suyuqlik ichmayotganingizni bildiradi. Shu bois ham maʼdanli yoki qaynatib tindirilgan suv, hoʻl va quritilgan mevalardan sharbat tayyorlab ichish maqsadga muvofiqdir. Odam organizmidagi suyuqlik tanqisligini teri quruqshab qolishi, lab yorilishidan ham bilish mumkin.

Ushbu bo’lim orqali tabiiy mahsulotlar va ularning foydali xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin: Dorivor o’simliklar

Eng kuchli himoyachilar

Sarimsoq va lavlagi immunitetni koʻtaruvchi eng kuchli neʼmatlardir. Ular hatto rivojlanib kelayotgan saraton xoʻjayralarini yoʻq qilish va silning oldini olishga ham qodir. Antioksidantlar  turli kasalliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bu guruhga mansub mahsulotlarning eng foydalisi  maymunjon, qulupnay, qoragʻat, zanjabildir. Ular yurak qon-tomir kasalliklariga qarshi immunitet hosil qilishda muhim rol oʻynaydi. Shu bilan birga, karamning turli turlari, sabzi, selderey,  kabi sabzavotlar ham organizmning himoya tizimini ragʻbatlantirishi fanda isbotlangan.

Immunitetni oshirish amaliyotida oqsilning karomati 

Baliq, goʻsht, tuxum, dukkakli mahsulotlar oqsilga boy boʻlgani bois taomnomaga kiritilishi kerak. Turli xil goʻsht va turfa baliqdan tayyorlangan taomlarni almashtirib isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Shuningdek, loviyali salat, dimlama, moshkichiri, moshxoʻrda, yasmiqli  va  joʻxorili shoʻrvalar  kabi  taomlar oqsil zahirasini yanada boyitadi hamda immunitetni oshirish uchun xizmat qiladi.

Qish mavsumidagi nonushta – kunduzgi qalqon

Keksalarimiz nahorga bir siqim yongʻoqni mayiz bilan yeyish ming dardga davo, deya bejiz aytishmaydi. Mutaxassislar esa xuddi shu yeguliklarga tabiiy  sariyogʻni ham qoʻshishni tavsiya qilishadi. Chunki, nonga sariyogʻ surtib, ustiga  yongʻoq-mayiz qoʻyib yeyilsa, ushbu mahsulotlarning  foydasi yanada kuchayadi. Nonushtaga bir kichkina qoshiqda asal isteʼmol qilish ham koni foyda.  Asal saryogʻning ustidan nonga surtib  yeyilsa, bu ham immunitetni koʻtaradi. 

Shuningdekqish va kuz fasllarida sholgʻom va turpni koʻproq isteʼmol qilish kerak. Bu sabzavotlar organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi, tomirlarda tromb va shamollashlar  hosil boʻlishining oldini oladi. Shuningdek, ateroskleroz va semirishdan himoyalaydi.

Sogʻlom turmush tarzi

Immunitetni oshirish yoxud mustahkamlash uchun sogʻlom turmush tarzi qoidalariga qatʼiy amal qilish, yaʼni chilim, tamaki, nos chekish kabi zararli odatlardan  voz kechish kerak. Shuningdek, har kuni badantarbiya mashqlarini bajarish, uyquning yetarli boʻlishi ham immunitetni kuchaytiradi, kishining ruhiyatini koʻtarib, tetiklashtiradi.

Inson tinib, toʻyib orom olishi ham yaʼni  uyquning yetarli boʻlishi ham katta ahamiyatga ega. Har kuni tunda 7-8 soat uyqu salomatlik garovidir.  Momolarimiz uyquga ketishdan oldin bejizga “uxlaylik imon bilan turaylik azon bilan” deya, duoi fatiha qilishmagan. Tun uyqu uchun berilgan. Hamma narsaning oʻz vaqti soati  mavjud, shuningdek uyquning ham.

Oʻz vaqtida toʻgʻri  ovqatlanilsa, muntazam badantarbiya mashqlari bilan shugʻullanilsa, oʻz vaqtida uxlab saharlab turilsa organizmda kechadigan jarayonlarning bari tartibga tushadi. Kechkurun uyqu oldidan bir piyola yogʻsiz qatiq ichib yotish esa oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi,  immunitetni  yanada kuchaytiradi. Turli rangli ichimliklarni bolalar yaxshi koʻradi,  ularni ham cheklash kerak.  Yaxshisi  bolalar uchun qaynatib sovutilgan tabiiy suv, kattalar uchun esa maʼdanli suv bilan koʻk choy maʼqul usullardan biridir.

Immunitetni kuchaytiruvchi darmondorilarni mutaxassis maslahati bilan isteʼmol qilish kerak.

Tegishli maqola:

Shoira BEKCHANOVA, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach.
Gujum.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.