Homiladorlikda nimalar iste'mol qilish kerak?
Kasalliklar

Homiladorlikda nimalar iste’mol qilish kerak?

Homiladorlik nafaqat quvonch, balki katta mas’uliyatdir. Hech kimga sir emaski, tug‘ilmagan bolaning salomatligi ko‘p jihatdan onaning nimalar tanovul qilayotgani va qanday ovqatlanishiga bog‘liq. Shu bilan birga, buvijonlar va boshqa keksa qarindoshlar homilador ayolni ikki kishi uchun ovqatlanishi kerakligiga ishontirishadi. Biroq ginekolog-shifokorlar aksincha, ovqatlanish rejimiga rioya etishni tavsiya qiladi.

Nima qilish kerak? Bo‘lg‘usi ona qanday mahsulotlarni taomnomasiga kiritgani ma’qul? Homiladorlikda nimalar iste’mol qilish kerak?

Albatta, ovqatlanish rejimiga rioya qilish va ortiqcha taom yemaslik kerak. Bu muvaffaqiyatli tug‘ruq uchun sog‘lom homiladorlikning birinchi qoidasidir. Shuningdek, barcha homilador ayollar uchun foydali bo‘lgan quyidagi mahsulotlarni taomnomalariga kiritsalar ayni muddao bo‘ladi.

OLMA

Temir, magniy, marganets, fosfor va kaliy — bular homila rivojlanishiga yordam beradigan minerallardir. Kun mobaynida 5 dona olma iste’mol qilish zarur. Aynan shu miqdordagi meva tarkibida yodning kunlik me’yori ham mavjud bo‘lib, bu bola uchun juda muhimdir. Ona uchun esa olma yeyish oshqozon-ichak trakti normal ishlashining kafolati va ko‘ngil aynish bilan kurashishning samarali usuli hisoblanadi. Agar xom olma oshqozonning kislotaliligini oshirib, «tanaga yoqmasa», ularni pechda yoki mikroto‘lqinli pechda pishirish mumkin. Pishirilgan olmaning homilador ayollar uchun foydali jihatlari ko‘p.

YOGURT

Yogurt tarkibidagi kalsiy va oqsil bola suyaklari va mushaklarini shakllantirish uchun zarurdir. Yogurtga turli mevali qo‘shimchalar qo‘shilmagani ma’qul. Chunki bugungi kunda ushbu yegulikka qo‘shiladigan turli bo‘yoqlar, stabilizatorlar nafaqat ona, balki chaqaloqqa ham zarar keltiradi. Yogurtni uyda tayyorlasa ham bo‘ladi. Agar siz ularning shirin bo‘lishini istasangiz, stakanga yangi to‘g‘ralgan mevalarni (banan, kivi, qulupnay va boshqalar) yoki bir hovuch quritilgan mevalarni (mayiz, turshak va boshqalar) qo‘shing.

Bundan tashqari, yogurtni muntazam iste’mol qilish ko‘pchilik homilador ayollarga ich qotishining oldini olishda yordam beradi.

BALIQ

Baliq — bu Omega-3 yog‘ kislotalari, shuningdek, oqsil va fosfor manbai bo‘lib, ular bola miyasining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois baliqni homilador ayolning taomnomasiga haftasiga kamida ikki marta qo‘shish darkor. Uni yog‘da qovurish, dimlash, qasqonda pishirish mumkin. Tuzlangan baliqni iste’mol qilmaslik yaxshi, chunki u shishishni keltirib chiqarishi mumkin.

HOMILADORLIKDA TUXUM

Tuxum tarkibida mavjud bo‘lgan oqsillar, B vitaminlari, rux, selen, bolaning yurak-qon tomir tizimini shakllantirishga yordam beradi. Ammo tuxumni qovurib, quymoq qilib yoki suvda pishirib yeyish lozim. Chunki u xom holida yoki ilitilganda zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.

JIGARRANG GURUCH

Guruchda mavjud bo‘lgan aminokislotalar bolaning zarur hujayralarini yaratishda ishtirok etadi. Bu tozalanmagan guruch oq guruchga qaraganda hazm qilish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi va ayolda to‘qlik hissi uzoq davom etadi. Natijada ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.

BULG‘OR QALAMPIRI

Qalampir tarkibidagi foydali moddalar homilador ayolning suyaklarini mustahkamlaydi va chaqaloq suyaklarini shakllantirishda qo‘l keladi. Bundan tashqari, homilador ayol taomlar bilan birga qalampir iste’mol qilish orqali vitaminlar, efir moylari, oqsil va beta-karotinga ega bo‘ladi va ular onaning immunitetini oshiradi.

TOFU

Ushbu pishloqni homilador ayol homiladorlikda ko‘ngli tusaganicha iste’mol qilishi mumkin! Chunki, birinchidan, bu soya mahsulotining kaloriya miqdori past. Bu ortiqcha semirib ketmaslik degan ma’noni anglatadi. Ikkinchidan, tarkibida kollagen ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yordam beradigan juda ko‘p miqdordagi aminokislotalar mavjud. Ya’ni, doimiy ravishda tofu tanovul qilish orqali qorinning cho‘zilib ketish xavfini kamaytirishi mumkin!

SALAT BARGI

Salat bargi (Sezar salat)ni ham ovqat ratsioniga kiritish foydali. Uning tarkibida foliy kislotasi ko‘p miqdorda mavjud. Foliy kislota homiladorlikning erta muddatida homilaga tashqi omil ta’sirini kamaytiradi.

DARVOQЕ…

Homiladorlikda kundalik suyuqlik ichishni ham nazorat qilish darkor. Suyuqlik, bu oddiy mineral suv,kompot, sharbat va sut mahsulotlari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Sut mahsulotlarini kechki oVqat ratsioniga kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, homilador ayollar ham juda mazali va foydali taomlar tanovul qilishlari mumkin.

Tegishli maqola: Homiladorlik kalendari (haftama-hafta o’zgarishlar)

Umidaxon ABDULLAYEVA, oliy toifali shifokor-ginekolog.
«Shifo-info» gazetasi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.