Homiladorlik

Homiladorlik kalendari (haftama-hafta o’zgarishlar)

Homiladorlik kalendari (taqvimi) sizga organizmingizda rivojlanayotgan bo’lajak farzandingizni yaxshiroq his qilishingizda ko’mak beradi.

Kichkintoyingizning birinchi “zarbasini” qachon his qila olishingizni yoki birinchi marta ultratovush tekshiruviga qachon borishni bilmoqchimisiz? Homiladorligingizning har haftasida boʻlajak chaqaloq bilan nima sodir boʻlishi mumkinligi haqida koʻproq maʼlumot olish uchun ushbu homiladorlik kalendaridan foydalanishingiz mumkin. Ularning har birida siz kutgan va kutmagan yangi voqealar hamda bosqichlar haqida maʼlumot berib oʻtilgan.

Homiladorlikda yoki homilador boʻlmoqchi boʻlganingizda koʻplab koʻnikma va bilimlarni egallashingiz, oʻrganishingiz kerak, jumladan:

  • sogʻlom ovqatlanish;
  • homiladorlikda organizm parvarishi;
  • umumiy homiladorlik bilan bogʻliq muammolarni yengish;
  • tugʻish haqida qaror qabul qilish.

Bularning barchasini bilib olishingiz va homiladorligingizning haftalik tarkibiy qismidan chaqalogʻingizning rivojlanishi haqida maʼlumotlarga ega boʻlishingiz maqsadga muvofiqdir.

Homiladorlik davrida asqatadigan bilimlarni “Lalu — Homiladorlik maktabi” kabi mobil ilovalardan ham olishingiz mumkin. Bu ilova orqali bilim olishdan tashqari, boshqa homilador ayollar bilan tajriba ham almashishingiz mumkin.

Agar siz homiladorlikni rejalashtirish bosqichida bo’lsangiz, bu ham sizga alohida ma’suliyat yuklaydi va homiladorlikka maqsadli ravishda tayyorlanishga undaydi. Homiladorlikni rejalashtirish – bu siz va juftingiz farzandli boʻlish istagi hamda homiladorlikni amalga oshirishda sababchi boʻluvchi har ikkala juftning bu jarayonga tayyorligi va tugʻilajak farzandning sogʻlom boʻlib dunyoga kelishini taʼminlab beruvchi holatdir.

Homiladorlik rejasini qoʻshilishdan kamida 3 oy oldin oʻylab koʻrish kerak. Bu muddat ichida siz va juftingiz barcha tibbiy tekshiruvlardan oʻtishlariga imkon boʻladi. Biror bir kasallik aniqlanadigan boʻlsa, ayniqsa jinsiy aʼzolarda infeksiyalar tashxislansa, davo muolajalarini olish maqsadga muvofiqdir. Bu esa ayol kishida homiladorlikning normal kechishini taʼminlab beradi.

Urug’lanish yuzaga kelib, homila rivojlansa, homiladorlik davri boshlanadi. Umuman olganda, akusherlikda homiladorlik muddati so‘nggi hayzning birinchi kunidan boshlab hisoblanadi. Bunday hisob turi ovulyasiyaning aniq kunini, demakki, bo‘yida bo‘lishning birinchi kunini aniqlash qiyin ekanligi tufayli qabul qilingan.

Xo’sh, homiladorligingiz tadiqlandimi? Unda sizni tabriklaymiz! Ma’suliyatli davri xush kelibsiz!

Homiladorlik urugʻlangan tuxum hujayraning ona organizmida rivojlanib, yetuk homilaga aylanishidan iborat fiziologik jarayon. Ayol tuxumdonida yetilib chiqqan tuxum hujayraning erkak jinsiy hujayrasi bilan qoʻshilishi (urugʻlanishi)dan boshlanadi va oʻrta hisobda 280 kun davom etadi.

Homiladorlik kalendari deya, ushbu kunlarda bo’ladigan ona va homiladagi o’zgarishlarni haftalar miqyosida ta’riflab chiqilishi nazarda tutiladi. Bundan tashqari, homiladorlik kalendari shartli ravsihda uchta uchoylikka ya’ni 3 trimestrga bo’linadi. 1-haftadan 13-haftagacha I trimestr, 14-haftadan 26-haftagacha II trimestr, 27-haftadan 40-haftagacha III trimestr.

Homiladorlik taqvimi

Quyida anons shaklida homiladorlik davrida yuzaga keladigan oʻzgarishlar haqida qisqacha maʼlumotlar berib oʻtilgan. Agar oʻzgarishlar haqida toʻliq maʼlumot olishni istasangiz, keltirilgan havolalar boʻyicha oʻting.

Homiladorlik kalendari: I trimest

Homiladorlikning birinchi trimestri ayolni xursand qiladigan bir davr. Homilador bo’lganini bilgan ayol ona bo’lishidan quvonadi. Lekin aynan 1-trimestrda homiladorlik davrida uchraydigan asosiy qiyinchiliklarning aksariyati ushbu davrda namoyon bo’ladi.

Birinchi trimestrning eng asosiy alomati bu toksikozdir. Deyarli 70% homiladorlar 1-trimestrda toksikozga uchraydi. Ko’ngil aynishi, qayt qilish, ayrim hidlarga nisbatan nafrat, ayrim yeguliklarni qumsash yoki aksincha, ma’lum yegulikdan bosh tortish kabi tuyg’ular toksikoz belgilaridir.

Homiladorlikning I trimestrida homilaning deyarli barcha a’zolari shakllanadi, shuning uchun bo’lajak bola sog’lom bo’lishi uchun ushbu davr juda muhim hisoblanadi. Bu davrda dori ichmaslikka harakat qiling. Gripp kabi virusli kasalliklardan saqlaning. Aynan bu davrda ona organizmidagi kasalliklar homila rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatish imkoniyati katta.

Homiladorlikning 1-haftasi

Bu sizga g’alati tuyulishi mumkin, ammo homiladorlikning birinchi va ikki haftasida siz aslida homilador emassiz. Ha, siz buni to’g’ri o’qidingiz!

Homiladorlik yuzaga keldi deb bo’lmaydi, lekin homiladorlikka jiddiy tayyorgarlik ketadi. Urug‘lanish va homilaning keyingi rivojlanishi uchun tayyorgarlik tuxum hujayra shakllanishi bosqichidayoq boshlanadi: ayolning gormonal holati, asab tizimi o‘zgarishi va boshqalar har bir sikl davomida kuzatiladi.

Birinchi haftada nimalar bo’lishi haqida ko’proq bilib oling >>>

Homiladorlik 2-haftasi

Yetilgan tuxum hujayra endi bachadon naychasiga tushadi, u ko‘pincha shu yerda urug‘lanadi. Agar ushbu hodisa yuz bersa, shu vaqtdan boshlab “haqiqiy” homiladorlik haqida gapirish mumkin.

Ikkinchi haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>

3-hafta: implantatsiya

Urugʻlangan tuxum hujayra bachadon boʻshligʻiga tushib, uning ichki qobigʻiga kirgach, embrion bachadon devoriga, aniqrogʻi, endometriy qavatiga singa boshlaydi. Ushbu jarayon implantatsiya deb ataladi. Agar barchasi muvaffaqiyatli kechsa, unda uchinchi hafta oxiriga kelib, embrion qulay va ozuqa bilan taʼminlab turuvchi muhitga — endometriy qatlamiga mustahkam joylashib oladi, shundan soʻng ona organizmi va homila oʻrtasida puxta va koʻp tomonlama aloqa oʻrnatiladi.

Uchinchi haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>

Homiladorlikning 4-haftasi

To‘rtinchi haftaga qadar homila qandaydir ko‘p qavatli yassi disk ko‘rinishida bo‘ladi. Ayni shu damdan boshlab esa u muayyan o‘zgarishlarga uchrab, embrionga aylanadi. Ushbu bosqichda yo‘ldosh va homila atrofidagi suv paydo bo‘ladi.

Bu davrda qorinning pastki qismi tortishib og‘rishi, ko‘krak sezuvchanligining oshishi, kayfiyat keskin o‘zgarib turishi mumkin, ba’zi hollarda esa toksikoz ham kuzatilishi mumkin. Biroq odatda bo‘lajak onalar bu davrda hech qanday o‘zgarishlarni payqamaydi.

4-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>

5-hafta

Bo‘lajak chaqaloqning ichki organlari “kurtaklari” shakllanishda davom etadi. Bu davrda nafas yo‘llari tizimi poydevori qo‘yiladi, shuningdek, asab tizimi shakllana boshlaydi.

5-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>

6-hafta

Homilaning yuzchasi ba’zi belgilarga ega bo‘la boshlaydi: ko‘z o‘rnida chuqurchalar hosil bo‘ladi, burun va quloq sohasida burmalarni ko‘rish mumkin. Asab tizimi bilan bir qatorda, muskul to‘qimasi ham rivojlana boshlaydi

6-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>

Homiladorlik kalendari: 7-hafta

Homiladorlikning yettinchi haftasida embrional davr tugab, embriofetal davr boshlanadi. Endi bolani homila deb atash mumkin. U barcha bichim va organlarga ega (asab va endokrin tizimidan tashqari) mitti odamchaga o‘xshab qolgan.

7-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>

8-hafta

Yo‘ldosh rivojlanadi, bachadon-yo‘ldosh qon aylanishi yaxshilanadi. Shu haftadan boshlab homila kindik orqali oziqlana boshlaydi. 

Ichki organlar takomillashmoqda. Yurak to‘rtta kameraga ega bo‘ladi, o‘pkalarda bronxlar tarmoqlarga ajraladi, buyraklar vujudga keladi.

8-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

9-hafta

Qo‘l barmoqlari uzunlashadi, bungacha ular orasida mavjud bo‘lgan pardalar yo‘qoladi. Kaftlar shakllanadi. To‘qqizinchi haftada homilaning qaddi sezilarli darajada rostlanadi va dumi yo‘qoladi.

9-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik taqvimi: 10-hafta

Homiladorlikning o‘ninchi haftasi homila rivojlanishining eng murakkab va nozik davrlaridan birini yakunlab beradi. Aynan daslabki 8—10 hafta davomida onaning stressga, yoki o‘tkir respirator kasalliklariga uchrashi, shuningdek, turli dori preparatlarini qabul qilish kabi har qanday salbiy ta’sir qiluvchi omillar  eng xavfli tus olishi mumkin. Bularning barchasi bola ichki organlarining poydevori paydo bo‘lishi va ularning shakllanishiga halokatli ta’sir etishi mumkin.

10-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

11-hafta

Homiladorlikning 11-haftasida homilaning kattaligi taxminan 6 santimetrni, og‘irligi 8—10 grammni tashkil etadi. Hajmi bo‘yicha bolani yirik olxo‘ri bilan qiyoslash mumkin.

11-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik kalendari: 12-hafta

Bola labini burishtirishni, qo‘llarini musht qilib siqishni, yuzini bujmaytirishni, og‘zini ochib-yopishni biladi. U bovul qilishni o‘rgandi, shuningdek, o‘zini o‘rab turgan suyuqlikni yuta oladi. Miyasi ikkita yarim sharga ajralgan.

12-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

13-hafta

Bu paytda homilaning suyak to‘qimasi va muskullari shakllanadi. Ovqat hazm qilish tizimida ham rivojlanish bormoqda: ovqatni qayta ishlashda qatnashadigan muhim qilchalar paydo bo‘ladi. 13-haftada bolaning tovush apparati uchun asos paydo bo‘ladi

13-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik kalendari: II trimest

Ikkinchi trimestr koʻpchilik ayollar uchun eng yengil va yoqimli davrdir. Bu davrga kelib toksikoz alomatlari deyarli yoʻqolgan boʻladi. Qorin kattalashgani bilinadi, birinchi bor tugʻayotganlarda aynan shu davrdan boshlab qorin chiqqani atrofdagilarga ayon boʻladi.

Ikkinchi trimestrning oʻrtalaridan bel ogʻrishini oldini olish, qorinda iz tushishini profilaktika qilish maqsadida bandaj taqib yurish tavsiya qilinadi.

Homiladorlikning 14-hafta

Bolaning qosh va kipriklari paydo bo‘lgan, mimikasi ancha rivojlangan. U barmog‘ini so‘rishni boshlagan va bu unga juda yoqadi.
14-haftada bolaning jinsini aniqlab bo‘lmaydi, biroq jinsiy organlar rivojlanish bosqichining yakuni arafasida turadi. 

14-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

15-hafta

Bolaning ko‘zlari bir-biriga yaqinlashmoqda, quloq suprasi deyarli to‘liq rivojlangan. Badanida tuklar chiqishda davom etmoqda.
Hozircha homilaning rangi qizg‘ish, biroq teri avvalgidek shaffof emas. Bola faolroq bo‘la boshlagan, tez orada ona uning ilk qimirlashlarini sezadi.

15-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik kalendari: 16-hafta

Normal ravishda rivojlanib kelayotgan homiladorlik bu vaqtda qandaydir og‘riqlar yoki lohasliklar bilan xiralashishi kerak emas. Jismoniy og‘irliklardan so‘ng biroz zaiflik va charchoq hissi bo‘lishi mumkin, biroq qorin pastining og‘rishi, o‘zini yaxshi his qilmaslik kuzatilsa, u holda shifokorga murojaat qilish zarur.

16-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

17-hafta

Ushbu haftada bolaning o‘z immun tizimi ishga tushadi, uning organizmi o‘z immunoglobulin va interferonini ishlab chiqarishni boshlaydi. Endi ona kasal bo‘lib qolgan taqdirda, bolaning o‘z himoyasi bo‘ladi.

17-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

Homiladorlik taqvimi: 18-hafta

Homiladorlikning 18-haftasiga kelib, ayol o‘z holatiga ko‘nikib bo‘ladi, barcha keraksiz qo‘rquvlar chetga surib qo‘yiladi, onalik instinkti ishga tushadi.
O‘zingizni chiroyli buyumlar bilan o‘rab oling, sevimli, romantik filmlarni tomosha qiling. Keskin, agressiv musiqalardan uzoq yuring, aksincha, quvonchli va yoqimli taronalarni tinglang. 

18-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

19-hafta

19-hafta bronx tarmoqlari shakllanadigan davr, uning nafas tizimi takomillashmoqda. Shuningdek, bolaning yog‘ bezlari faollik bilan oqish-kulrang yog‘ ishlab chiqarmoqda, u homilani uni o‘rab turgan suyuqlik ta’siridan hamda patogen mikroorganizmlardan himoya qiladi.

19-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

20-hafta

Bir necha haftadan so‘ng, nazariy jihatdan, homila yashashga qobil bo‘ladi. Deyarli barcha organlar va tizimlar shakllanib bo‘lgan, biroq ular mukammallashishi va ona qornidan tashqarida ishlashga tayyorlanishi kerak.
Bola eshita oladi, yorug‘likni farqlaydi, barmog‘ini so‘radi, boshini buradi. Vaqtning ko‘p qismini u uxlab o‘tkazadi.

20-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik kalendari: 21-hafta

Bolaning endokrin bezlari ishlashni boshlagan, 21-haftaga kelib, unga taloq ham “yordamga keladi”. Homila kechalari juda faol bo‘lishi mumkin, uning uxlab qolishiga yordamlashish uchun, qorinni mehr bilan silash va, hatto, alla aytish ham mumkin. Bola allaqachon onaning ovoziga va kayfiyatiga reaksiya ko‘rsatishni o‘rgangan.

21-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

22-hafta

22-hafta — bola sezgilar orqali bilishga intiladigan davr. U o‘z yuzini silab ko‘rishi, qo‘lchalari bilan tutish harakatlarini amalga oshirishi, bachadon devorini urishi mumkin.

22-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik taqvimi: 23-hafta

Ushbu muddatda ko‘pchilik onalar bolaning nafaqat qimirlaganini sezadi, balki uning tirsak va tovonlarini aniq-tiniq his qiladi. 23-haftaga kelib, ba’zan qimirlashlar shunchalik kuchayadiki, ular bo‘lajak onaga ba’zi noqulayliklarni tug‘dirishi mumkin. 

23-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

24-hafta

Ona qorni unga tobora torlik qila boshlaydi, shu tufayli uning harakatlari va siltanishlarini yanada aniqroq his qila boshlaysiz. Bularga e’tiborli bo‘ling: ba’zan bola o‘tirgan holatingiz yoki baland ovozda gapirayotganingizdan shikoyat qilib signal berayotgan bo‘ladi.

24-haftalik homilada oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

25-hafta

25-haftadan so‘ng homila tushishi xavfi ancha pasayadi, deb hisoblashadi. Shunday ekan, ushbu davrni bo‘lajak ona uchun psixologik ahamiyatga ega deyish mumkin. Muddatidan avvalgi tug‘ruq ham bolaga yashab ketish imkoniyatini beradi.

25-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

26-hafta

Bola ona qornida uning yurak urishini, qonning tomirlar bo‘ylab yurishini eshitadi, bular u uchun qadrdon tovushlardir. Buni esda tuting, bola tug‘ilganidan so‘ng injiqlik qilganida, uni bag‘ringizga bosib, shu tariqa tinchlantirishingiz mumkin.

Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari III trimestr

Homiladorlikning ushbu muddatida bachadon oʻlchamlari ancha kattalashgan boʻladi. Homila harakatlari koʻpayadi va kuchayadi. Endi toʻlgʻoqlar namoyon boʻlishi ham mumkin.

Uyqusizlik ham uchinchi trimestrda namoyon boʻladigan holat. Bunga sabab homilador ayolning kattalashgan qorni tufayli yotganda qulay holatni topa olmasligidir. Uyqusizlik shundoq ham koʻp charchayotgan homilador ayolni juda qiynaydi. Shuning uchun boʻlajak onaga qulay boʻlish maqsadida homiladorlar uchun mo’ljallangan maxsus yostiqlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

27-hafta

Siz homiladorlikning uchinchi uch oyligiga o‘tmoqdasiz, vujudingizdagi yangi hayotning yettinchi oyi boshlandi. Ushbu haftadan sizga katta og‘irlik tusha boshlaydi. Nafas olish ham, o‘tirish ham, uxlash ham, harakatlanish ham qiyinlashib boradi. 

27-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

28-hafta

U allaqachon katta bo‘lib qoldi, juda o‘zgardi — ko‘zini yumib-ochishni hamda shirin va nordon ta’mni sezishni o‘rgandi. Biroq bolada hozircha ta’m bo‘yicha ma’lum xohish-istaklar yo‘q. Ko‘p hollarda u o‘z onasi bilan hamfikr. 

28-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

29-hafta

Bola deyarli chaqaloq ko‘rinishini olgan. Homiladorlikning so‘nggi haftalarida uning asosiy vazifasi vazn yig‘ish va o‘pkalarni mustaqil ishlashga tayyorlashdan iborat.
Ushbu muddatda bolaning yurak urishini eshitish mumkin. Bola uning ichki organlarini diqqat bilan kuzatish va eshitib ko‘rish uchun yetarlicha kattalashgan. 

29-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik kalendari: 30-hafta

30-haftada bolaning miyasi massasi kattalashadi, undagi egat va burmalar soni ham ko‘payadi. Bosh miya qobig‘ining funksiyalari esa bolangizda u tug‘ilganidan so‘ng rivojlanadi.

30-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

31-hafta

Endi farzandingiz og‘riqni his qila oladi. Agar siz tasodifan qorningizga odatdagidan ko‘ra kuchliroq bosim o‘tkazsangiz, u o‘sha zahotiyoq javob ko‘rsatadi — qimirlay boshlaydi va shu tariqa, qarshilik bildiradi.

31-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

32-hafta

Homila kattalashib borgani sari, ona uchun ba’zi noqulayliklar yuzaga kela boshlaydi. Kindik yana cho‘zila boshlaydi va qorindagi qora chiziq yanada qorayishi mumkin. Bachadon kindikdan 12 santimetr, qovg‘a simfizidan 32 santimetr balandlikda joylashgan.

32-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

Homiladorlik taqvimi: 33-hafta

Uning yuragi takomillashishda davom etadi, to‘g‘ri yurak bo‘lmalari orasida kichik tirqish bor, ammo bola birinchi marta nafas olishi bilan, u yopiladi.
Tilda ta’m biluvchi g‘uddachalar shakllangan. Bolangiz nordon narsani shiralisidan to‘liq farqlay oladi.

33-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

34-hafta

Ushbu haftada qimirlashlar biroz o‘zgargan: bolaning harakatlarini yo‘ldosh devori cheklab qo‘yadi. Endi “sho‘x bolakay” ancha bosilib, ona uchun tinch davr boshlandi, deyish mumkin.

34-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

35-hafta

Bu davrda badandagi tuklar yo‘qoladi, yog‘ to‘qimalari ko‘payishda davom etadi. Endi ushbu to‘qima eng ko‘p yelka atrofida paydo bo‘la boshlaydi, natijada homilaning yelkachalari jajji bolakaylarga xos yoqimtoy ko‘rinish oladi.

35-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

36-hafta

Mittigina yurakcha to‘liq shakllangan, asab, immun va endokrin tizimlari deyarli tayyor, ular yana biroz “yetilishi” kerak. O‘zi uchun zarur kislorodni bola kindik orqali qabul qilishda davom etmoqda.

36-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

37-hafta

37—38-haftada bola tug‘ilishga tayyor holatga keladi. U bunga intiladi ham — uning organizmida barcha tizimlar ishga tushishga shay, o‘pkalar yetilishida yordam beruvchi kortizon gormoni ishlab chiqarilmoqda, ichakda biroz mekoniy (birinchi axlat) yig‘ilgan, bolaning qorni va boshi aylanasi deyarli bir xil.

37-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

38-hafta

Tug‘ruq hozir ham, ertaga ham boshlanib qolishi mumkin. Yoki yana bir oy sabr qilishi mumkin. Bularning barchasi — normal holat. 

Ona qorni o‘zining maksimal kattaligiga yetdi. Teri tarang tortilgan va vaqti-vaqti bilan qichishib turibdi.

38-haftadagi oʻzgarishlar haqida koʻproq bilib oling >>>​

39-hafta

39-haftada bachadon siydik pufagiga kuchliroq bosim o‘tkaza boshlaydi, shunda siz chot orasida sanchiqli og‘riqni his qilishingiz mumkin.Yolg‘on yoki haqiqiy dard boshlanishi mumkin. Tug‘ish payti kelgan-kelmaganini ayolning o‘zi yoki shifokor yordami bilan aniqlash mumkin. Asosiysi, dard vaqtida sarosimaga tushmang.

39-haftada yana qanday oʻzgarishlar kuzatilishi haqida batafsil oʻqing >>>

Homiladorlik kalendari: 40-hafta

Tug‘ruqni kutmoqdamiz va endi kun emas, soat sanamoqdamiz. Tug‘ruq har qanday lahzada boshlanib qolishi mumkin.

Bolaning tanasi bachadondagi butun bo‘shliqni egallagan, uning harakatlari sekinlashadi, faollik uchun unga joy yetishmaydi.

Homiladorlikning qirqinchi haftasi haqida batafsil oʻqing >>>

41-hafta

To‘qqiz oy o‘tib bo‘lsa-da, chaqaloq haligacha dunyoga kelmagan va tug‘ruq boshlanmagan bo‘lsa, bu xavotir uchun sabab bo‘la olmaydi. 42-haftadan keyingi homiladorlik muddatidan keyin tug‘ilgan hisoblanadi. Hali ixtiyoringizda ma’lum vaqt bor.

Homiladorlikning 41-haftasi haqida batafsil oʻqing >>>

42-hafta

Bu rekord muddat hisoblanadi. Homiladorlikning 42-haftasigacha ayollarning 10 foizigina yetib boradi. Agar siz ularning safidan joy olgan bo‘lsangiz, qo‘rqmang.
Birinchidan, 42-hafta — hali muddatidan ko‘p ko‘tarilgan homiladorlik emas, ikkinchidan esa, sizning homiladorlik muddatingiz shunchaki noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lishi ham mumkin.

Homiladorlikning 42-haftasi haqida batafsil oʻqing >>>

Quyidagi video lavha orqali urugʻlanish va homilaning shakllanishini hamda homilaning 9 oy davomida ultratovushda qanday koʻrinishini tomosha qilishingiz mumkin.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.