Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: Sakkizinchi hafta

Akusherlik hisob-kitoblari bo‘yicha homiladorlikning sakkizinchi haftasi oltinchi embrional haftaga to‘g‘ri keladi. Oddiy oy bilan hisoblaganda, bu ikkinchi oy oxiridir.

Homiladorlikning sakkizinchi haftasidagi his-tuyg‘ular

Avvalroq paydo bo‘lgan homiladorlik belgilari bu vaqtga kelib yanada sezilarliroq tus oladi. Gormonlar miqdori oshishda davom etadi — bu kayfiyatning doimiy tarzda o‘zgarib turishi, yig‘loqilik, uyquchilikda namoyon bo‘ladi. Bachadon ham kattalasha boshlaydi, buni ayol hozircha sezmasligi mumkin, ammo ichki organlarga  o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Chunonchi, bovul qilish tez-tez bo‘la boshlaydi, qabziyat yuzaga kelishi mumkin.

Sakkizinchi haftada ajralmalar ham kuchayadi, biroq bunda qichishish kuzatilmasa, bu normal holatdir. Ba’zilarda jigarrang ajralmalar ham bo‘lishi mumkin, agar belda og‘riq bo‘lmasa va o‘zingizni yaxshi his qilsangiz, unda bu — normal holat. Shunday bo‘lsa-da, bu haqda shifokoringizni xabardor qiling.

Homilaning rivojlanishi

Yo‘ldosh rivojlanadi, bachadon-yo‘ldosh qon aylanishi yaxshilanadi. Shu haftadan boshlab homila kindik orqali oziqlana boshlaydi. Bu davrda homila juda mitti bo‘lsa-da (bor-yo‘g‘i 1,5—2 sm), u odam kabi ko‘rinish oladi. Ultratovushli tekshiruvda uning qo‘l, oyoq va boshchasi aniq ko‘rinadi. Yuz belgilari paydo bo‘la boshlaydi.

Ichki organlar takomillashmoqda. Yurak to‘rtta kameraga ega bo‘ladi, o‘pkalarda bronxlar tarmoqlarga ajraladi, buyraklar vujudga keladi. Jinsiy organlar shakllanmoqda: o‘g‘il bolalarda — tuxum, qiz bolalarda — tuxumdon, ularda tuxumhujayralar ishlab chiqariladi. Biroq hozircha o‘g‘ilni qizdan farqlab bo‘lmaydi. Asab tizimi jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Bola faol harakatlana boshlaydi: qo‘l-oyoqlarini yopib-ochadi, chayqaladi. Biroq ona hali uning qimirlaganini sezmaydi, bunga yana bir necha oy vaqt kerak bo‘ladi.

Bu haftada barcha organlar shakllanadi, keyingilarida hech qanday yangi narsa paydo bo‘lmaydi. Shunchaki, barchasi mukammallashadi, homilaning o‘zi esa o‘sib, og‘irlasha boshlaydi.

Shifokor ko‘rigidan o‘tish

Agar ayol hali ro‘yxatga kirmagan bo‘lsa, hozir ayni payti. Shifokor tekshiruvdan o‘tkazib, bachadon homiladorligini tasdiqlash uchun tahlillarga yo‘llanma yozib beradi, qanday vitaminlar ichishni tavsiya qiladi va ultratovushli tekshiruvni buyuradi.

Ginekolog ko‘rigidan tashqari, ayol albatta terapevt, tish shifokori, venerolog huzurida bo‘lishi kerak.

Tavsiyalar

Agar ayolni nimadir alohida bezovta qilmayotgan bo‘lsa, u odatiy hayot tarzini olib borishda davom etishi mumkin. Sport bilan shug‘ullanish mumkin, ammo shiddatni biroz kamaytirish zarur. Jinsiy aloqa ham taqiqlanmaydi. Agar homila tushishi xavfi bo‘lsa, bularning barchasini vaqtincha istisno qilish kerak bo‘ladi.

Bu davrda ko‘pchilik ayollarda toliqish kuchayadi, tajanglik paydo bo‘ladi. Bunday yoqimsiz belgilarning oldini olish uchun toza havoda sayr qilish tavsiya etiladi. Ovqatlanishga alohida e’tibor berish zarur. Meva-sabzavotlar, oqsilli va qatiq mahsulotlari kundalik taomnomada albatta mavjud bo‘lishi kerak. Pishiriqlar, shirinliklar, qahva, shuningdek, allergiya chaqiruvchi har qanday mahsulotlardan esa voz kechish kerak.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.