Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: o‘n to‘rtinchi hafta

14-hafta — ushbu uzoq yo‘ldagi eng ijobiy bosqichlardan biri. Salomatligingiz joyida, “siringiz”ni ko‘pchilik hali bilmaydi, bola esa siz bilan muloqotga ehtiyoj seza boshlaydi. U onaning ovozini eshitadi, uning kayfiyatini his qiladi — bola bilan suhbatlashishni boshlash vaqti keldi. Ishtaha kuchayishi mumkin, organizmga ko‘proq oqsil zarur bo‘la boshlaydi. Ortiqcha yeb qo‘ymang, ammo to‘liq va sifatli ovqatlanishdan ham o‘zingizni tiymang.

14-haftadagi his-tuyg‘ular

Onaning qorni teparoqqa ko‘tariladi va sezilarli ravishda dumaloqlashadi. Ikkinchi farzandiga homilador bo‘lganlar bola qimirlaganini payqashi ehtimoldan xoli emas. Agar bu hozir sodir bo‘lmasa, u holda 18—20-haftaga kelib, siz homilaning silkinishlarini albatta sezasiz. Qorinda “jang” bo‘layotgandek his qilasiz. Shu tariqa, bola o‘zi haqida eslatib turadi, ota-onasi bilan aloqaga kirishadi.
Ayol vazn to‘play boshlaydi, biroq hozircha bunga aylanayotgan qon hajmining oshishi sabab bo‘ladi. Ayni paytda bo‘lajak ona semirayotganidan mamnun bo‘lishi mumkin, ammo ishtahani biroz tiyish ham kerak. Aks holda, vazn yig‘ish sizning foydangizga bo‘lmaydi.

14-haftada homilaning holati

Bu paytda homila juda tez o‘smoqda va shiddat bilan vazn to‘plamoqda. Uning ko‘rinishi chaqaloqqa juda o‘xshaydi. To‘g‘ri, hozircha u juda ozg‘in, ammo yog‘ to‘qimalarini to‘plash uchun hali ehtiyoj yo‘q: hozir asosiysi organlar va tizimlarning rivojlanishi va takomillashishidir.

Bolaning qosh va kipriklari paydo bo‘lgan, mimikasi ancha rivojlangan. U barmog‘ini so‘rishni boshlagan va bu unga juda yoqadi. Ona shirin narsa yeganida homilani o‘rab turadigan suvning ta’mi ham o‘zgaradi: bolaga bu yoqib tushadi va uni ko‘proq yuta boshlaydi. Homilaning hissiyotlari xilma-xillashadi. Teri qoplamasining ta’sirchanligi oshadi, shuningdek, ta’m bilish retseptorlari rivojlanadi.

14-haftada bolaning jinsini aniqlab bo‘lmaydi, biroq jinsiy organlar rivojlanish bosqichining yakuni arafasida turadi. Bu davrda bolaning bo‘yi 8—11 santimetrni, og‘irligi 25 grammni tashkil etadi. Hajmi bo‘yicha u olmani eslatadi.

Organizm loviya va mol go‘shtini talab qiladi

Bolaning muskul tizimi faol ravishda rivojlanayotgani uchun u ko‘proq harakatlanadi, ona organizmi esa ko‘proq oqsil talab qiladi. Qaynatilgan mol go‘shti, loviya — mana shu mahsulotlar dasturxoningizda bo‘lsin. Xuddi shuningdek, kletchatka haqida ham unutmang va meva-sabzavotlarni ko‘p-ko‘p yeng.
Shirinlik va xamirli taomlarni cheklagan ma’qul, ularni kamroq miqdorda tush paytigacha yeb oling. “Ikki kishi uchun yeyish” hech ham kerak emas: bu muddatda ortiqcha vazn umuman foyda keltirmaydi.
Aynan 14-haftada shifokor sizga vitamin kompleksini yozib berishi mumkin. Bugungi kunda busiz bo‘lmaydi: ovqatning o‘zi ona organizmini barcha zarur vitaminlar bilan to‘liq ta’minlay olmaydi.

Homiladorlikning 14-haftasida nimalar sodir bo‘ladi?

Xol va papillomalar ayol badanida aynan 14-haftada paydo bo‘lishi mumkin. U xavfli emas, shunday bo‘lsa-da, bunday o‘zgarishlar haqida shifokoringizni xabardor qiling. Qorin bu muddatda o‘sib bormoqda, demakki, teri to‘qimalari cho‘zilishi mumkin: maxsus krem sotib oling yoki hech bo‘lmaganda, qoringa zaytun yog‘i suring.

Qadam tashlashingiz o‘zgara boshlaydi, shu tufayli poshnali oyoq kiyimlarni olib qo‘yish vaqti keldi. Homiladorlik — chiroyli ko‘rinish istagidan voz kechish uchun sabab emas, aksincha, sizdagi ichki yorug‘lik sizga o‘ziga xos joziba beradi. Shuning uchun chiroyli soch turmagi, yengil makiyaj, qulay va shu bilan birga, zamonaviy kiyim-kechak bilan siz eng latofatli homilador ayol bo‘lasiz.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.