Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: o‘n beshinchi hafta

15-haftada hech qayeringiz og‘rimaydi, hech narsa bezovta qilmaydi, ishtaha a’lo darajada bo‘ladi, ammo ba’zi homiladorlar teri quruq, tirnoqlar sinuvchan bo‘lib, soch ham ko‘p to‘kilishidan shikoyat qilishi mumkin. Bola esa juda yaxshi rivojlanmoqda, “onadan tashqaridagi” hayotga shiddat bilan tayyorlanmoqda.

15-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Ayol organizmining kalsiy va boshqa oziq moddalarga ehtiyoji ancha kuchayadi. Faqat vitaminlargagina umid qilmang: ovqat ham sizni bunday zarur elementlar bilan ta’minlashi kerak. Agar kechalari bo‘lajak onaning boldirida tomir tortishi bezovta qilsa, bu kalsiy yetishmasligidan darak beradi.
Bachadon yanada kattalashmoqda, u qorin bo‘shlig‘iga ko‘chib o‘tgan, shu tufayli siydik pufagiga bosim kamaygan. Tez-tez bovul qilishlar ortda qoldi, biroq bachadon ichaklarga bosim tushirishi mumkin: qabziyat yuzaga kelishi istisno qilinmaydi. Buning oldini olish uchun o‘z ratsioningizni qayta ko‘rib chiqing.
Aylanayotgan qon miqdorining ko‘payishi bevosita organizmning temirga ehtiyoji bilan bog‘liq. Ushbu element tanqisligi homiladorda kamqonlikni yuzaga keltirishi mumkin, bunda bosh aylanishi, lohaslik, ko‘z oldi qorong‘ilashishi kuzatilishi mumkin.

15-haftada homilaning rivojlanishi

Homilaning tashqi jinsiy organlari farqlangan, demak 15-haftadagi ultratovushli tekshiruv bolaning jinsini aniqlay oladi.
Oyoqlar o‘sishda ortda qolmaydi, ular, hatto, qo‘llardan ham uzunroq bo‘lgan. Bolaning ko‘zlari bir-biriga yaqinlashmoqda, quloq suprasi deyarli to‘liq rivojlangan. Badanida tuklar chiqishda davom etmoqda. Gipofiz, ter va yog‘ bezlari faol tarzda ishlashni boshlagan.
Hozircha homilaning rangi qizg‘ish, biroq teri avvalgidek shaffof emas. Bola faolroq bo‘la boshlagan, tez orada ona uning ilk qimirlashlarini sezadi.
Bu muddatda bolaning bo‘yi 9,3—10,3 santimetrni, og‘irligi 50 grammni tashkil etadi. Hajmiga ko‘ra uni apelsinga qiyoslash mumkin.

Faollashasiz yoki parishonxotir bo‘lib qolasiz

Ayol unutuvchan va parishonxotirroq bo‘lib qolganini sezadi — xavotir olmang, ushbu davr uchun bunday belgilar normal hisoblanadi. Biroq aqliy mehnatdan voz kechish kerak emas, aksincha, bu muddatda o‘qilgan va o‘rganilgan narsalarning ko‘pchiligi uzoq vaqt esda qoladi.
Ushbu bosqichda kim uchundir, aksincha — kuch quyilib keladi va o‘ta faollik davri boshlanadi, va bu ham normal holatdir. Ammo jismoniy zo‘riqishlarni kuchaytirib yubormang, uyqu va dam olish rejimini esda tuting.

Albatta tvorog iste’mol qiling

Bu muddatda asosiy fiziologik muammo — qabziyat. Uni to‘g‘ri ovqatlanish orqali yengish mumkin: meva va sabzavotlar, qora non, yormalar, qatiq mahsulotlarini albatta iste’mol qiling.
Kalsiy tanqisligini yengish uchun nonushtaga tvorog iste’mol qiling. Qiyom bilan qoplangan sirok yoki shirali tvorogli massa emas, aynan tvorog bo‘lsin. Kuniga 2 litrgacha suv iching, yilning sovuq davrida rezavor mevali morslardan ichib turing, bu shamollash kasalliklari uchun profilaktika ham bo‘ladi.

Tish shifokoriga boring

Bu muddatda maxsus tahlillar tayinlanmaydi (agar homiladorlik normal holatda kechayotgan bo‘lsa). Bu vaqtdan tish shifokoriga borish uchun foydalanib qoling: toksikoz endi xalal bermaydi, anesteziya xavfli emas, tishlar esa himoyaga ayni muhtojdir. Tish bilan bog‘liq muammolarning barchasini ikkinchi uch oylik davrida hal qilishga intiling.

15-haftadagi hissiyotlar

Ko‘krak uchining atrofi, odatda, yanada qorayadi. Ko‘krak to‘lishadi, avvalgi ich kiyimlarni yangisiga, kattarog‘iga almashtirish kerak.
Agar ayolni kechalari nafas qisishi bezovta qilsa, xavotir olish kerak emas, bu normal holat. Burundan qon kelishi ehtimoli ham mavjud, bunga ona organizmida qon miqdori ko‘payayotgani sababchidir.
15-haftada qorin o‘smoqda, tor kiyim kiyish kerak emas. Qorin hududida hech qanday noqulaylik bo‘lishi kerak emas. O‘z holatingizning rohatini ko‘ring, shu jumladan, homiladorlar uchun kiyim-kechaklar do‘koniga borib, o‘zingizni xursand qiling.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.