Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: Oltinchi hafta

Homiladorlikning akusherlik hisob-kitoblari bo‘yicha oltinchi haftasi — bo‘yida bo‘lish vaqtidan buyon to‘rtinchi haftadir. U mittigina yurakchaning urishidan boshlanadi, buni stetoskop bilan hali eshitib bo‘lmaydi, ammo homilaning tepib turgan tomirini ultratovushli apparatda ko‘rish mumkin. U daqiqasiga 150 marta uradi, bu katta odamning yurak urishidan ikki marta tezroq demakdir. Ona organizmida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y beradi, bunga gormonlar sababchidir.

Ona organizmidagi gormonal o‘zgarishlar

Organizmni turli infeksiyalardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan progesteron gormoni juda ko‘p ishlab chiqariladi. U bachadon shilliq devorini mustahkamlab, homila qon bilan yaxshi ta’minlanishi uchun sharoit yaratadi. Shu bilan birga, uning ko‘p miqdorda ajratilishi ovqat hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: hazm qilish jarayoni sekinlashadi, natijada ko‘ngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi, bu bir so‘z bilan toksikoz deb ataladi.

Oltinchi haftadagi belgilar

Bola kutayotgan ayollarning hammasi ham bu davrda o‘zida qandaydir o‘zgarishlarni sezmasligi mumkin. Bo‘lajak onalarning qariyb uchdan biri umuman hech qanday o‘zgarishni payqamaydi. Biroq qolganlar quyidagi belgilarni qayd etishi mumkin:

  • so‘lak ajralishining kuchayishi;
  • toliqish;
  • tez-tez bovul qilish;
  • kayfiyatning tez o‘zgarishi;
  • ertalablari qayt qilish;
  • ba’zan qorin og‘rishi;
  • mushaklarning bo‘shashishi;
  • sut bezlarining og‘irlashishi.

Oltinchi haftadagi his-tuyg‘ular

Gormonlar yangi hissiyotlarni keltirib chiqaradi. Ayol hidlarga nisbatan o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoladi, ularning ba’zilari toksikoz yoki bezovtalikni keltirib chiqaradi. Shuningdek, ovqat masalasida oldindan bilib bo‘lmaydigan xohish-istaklar yuzaga kelishi mumkin. Ba’zan lohaslik va bosh aylanishi kuzatiladi, tana harorati oshadi. Gormonlar tufayli sodir bo‘ladigan bunday o‘zgarishlar 10—14-haftaga kelib, o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.

Oltinchi haftada homila bilan nimalar sodir bo‘ladi?

Homiladorlikning oltinchi haftasida embrion no‘xat donasidek kattalikda bo‘ladi, biroq allaqachon bolaning asab tizimi poydevori yuzaga keladi, bosh miya shakllana boshlaydi. Qo‘l va oyoqchalar murtaklari paydo bo‘ladi, hafta oxiriga kelib esa, barmoqchalarning ham “kurtak”lari hosil bo‘ladi.

Homilaning yuzchasi ba’zi belgilarga ega bo‘la boshlaydi: ko‘z o‘rnida chuqurchalar hosil bo‘ladi, burun va quloq sohasida burmalarni ko‘rish mumkin. Asab tizimi bilan bir qatorda, muskul to‘qimasi ham rivojlana boshlaydi, shu tufayli, embrionda ta’sirchanlik paydo bo‘ladi — u tashqi qo‘zg‘ovchilarni sezadi.

Tana bo‘ylab qon aylana boshlaydi. Bo‘lajak o‘pka, taloq organlari shakllana boshlaydi, ilik va tog‘aylar murtaklarini ko‘rish mumkin. Uchta halqadan iborat ichak tuzilmasi sezila boshlaydi, shuningdek, qizilo‘ngach va oshqozon o‘rni ham paydo bo‘ladi.

UTT tekshiruvidan o‘tish

Oltinchi haftada ultratovushli tekshiruv barcha ayollarda homiladorlikni tasdiqlaydi, bachadon kattalashgan, yurak urishi yaxshi eshitiladi va ko‘rinadi, homila hajmi taxminan 5 mm, urug‘langan tuxum esa 25 millimetrgacha bo‘ladi.

Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak?

Ayol homiladorlikning oltinchi haftasiga xos bo‘lmagan ajralmalardan ogoh bo‘lishi, uni sezishi bilan ginekologga murojaat qilishi zarur. Shamollash kasalliklari, baland harorat, yiqilish, issiq vanna qabul qilish — homiladorlik uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Ushbu davrda kam-kamdan yeyish tavsiya etiladi. Ovqat oqsil va vitaminlar, dengiz va sut mahsulotlaridan tarkib topishi kerak. Ba’zan paydo bo‘ladigan xohish-istaklarni rad etmang, ular organizmingizda qandaydir komponent yetishmasligidan kelib chiqadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.