Homiladorlik

Homiladorlik kalendari: O‘ninchi hafta

Homiladorlikning o‘ninchi haftasi homila rivojlanishining eng murakkab va nozik davrlaridan birini yakunlab beradi. Aynan daslabki 8—10 hafta davomida onaning stressga, yoki o‘tkir respirator kasalliklariga uchrashi, shuningdek, turli dori preparatlarini qabul qilish kabi har qanday salbiy ta’sir qiluvchi omillar  eng xavfli tus olishi mumkin. Bularning barchasi bola ichki organlarining poydevori paydo bo‘lishi va ularning shakllanishiga halokatli ta’sir etishi mumkin.

Endi, homiladorlikning dastlabki to‘qqiz haftasi o‘tgach, hayotiy muhim organlarga poydevor qo‘yib bo‘lindi, bundan tashqari, ular yanada rivojlanishni va takomillashishni boshladi. Shuningdek, bu muddatga kelib, yo‘ldosh to‘liq shakllanib bo‘ldi va o‘z faoliyatini boshladi. Endi u barcha almashinuv jarayonlari uchun javob beradi hamda embrionga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli moddalar tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Demak, rivojlanishning nozik davri ortda qoldi. Biroq ogohlikni yo‘qotmang, oldinda sizni yana o‘ttiz hafta kutmoqda, ular homilador ayolga yoqimli syurprizlar bilan birga, yoqimsizlarini ham keltirishi mumkin.

O‘ninchi haftadagi his-tuyg‘ular

Bu davrda sizni hamon barvaqt toksikoz xurujlari bezovta qilishi mumkin. Bu yoqimsiz holat hatto birmuncha kuchayishi ham mumkin. Ko‘ngil aynishi va qayt qilishga jig‘ildon qaynashi ham qo‘shilishi mumkin. Qizilo‘ngachni oshqozondan ajratib turadigan muskullar qisqarib, shu tariqa, uning ichidagilar qizilo‘ngachga ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, oshqozon kislotasi qizilo‘ngachning ta’sirchan shilliq qavatiga ta’sir qiladi, natijada ayol ko‘ksi lovullab achiyotgandek his qiladi, ba’zan kuchli og‘riq ham seziladi. Bu yoqimsiz belgilarning barchasi homilador ayolga tulg‘oq vaqtigacha ham azob berishi mumkin.

Bundan tashqari, hojatxonaga serqatnov bo‘lib qolishingiz mumkin. Bu kattalashib borayotgan bachadon siydik pufagiga o‘tkazayotgan bosim bilan bog‘liq. Ba’zan esa yo‘talganda, kulganda yoki aksa urganda bovulni ushlab tura olmaslik hollari ham kuzatiladi.

Homiladorlikning o‘ninchi haftasida nimalar sodir bo‘ladi?

Ushbu muddatda bachadon asta-sekinlik bilan kattalashadi. Endi u qov suyagidan sal teparoqda joylashadi.

Bundan tashqari, ayol terisida dog‘lar paydo bo‘lganini sezishi mumkin. Shuningdek, tanada sochlar o‘sishi kuchayadi, bularning barchasi gormonal jihatdan qayta qurilishning qo‘shimcha ta’siridan boshqa narsa emas. Tug‘ishdan so‘ng ushbu nuqsonlar ikki—to‘rt oy ichida o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.

O‘ninchi haftada bola bilan nimalar sodir bo‘ladi?

Bola bu davrda faol rivojlanishda davom etadi. Uning avvalroq nozik va yumshoq tog‘aylardan iborat bo‘lgan skeleti tuzilmasi endi ancha qattiq suyak to‘qimalariga aylana boshlaydi. Bu esa shuni bildiradiki, homilador ayolning organizmida kalsiy o‘ta zarur va hatto tanqis elementga aylanadi.

Embrionning yuzi va pastki jag‘i shakllanib bo‘lgan, biroq yuz muskullari endi-endi rivojlanmoqda. Ushbu bosqichda yuqori labning faol rivojlanish jarayoni boradi. Homilaning burni shilliq qavat bilan qoplangan, u to‘liq shakllanganicha yo‘q, ammo hid sezish retseptorlari paydo bo‘lgan.

Og‘iz bo‘shlig‘ining muskul to‘qimalari paydo bo‘la boshlaydi. Bolaning tili ta’m bilish g‘uddachalari bilan qoplanadi. Asta-sekinlik bilan chaynash mushaklari rivojlanmoqda. Bo‘yin va bo‘g‘iz muskullari tizimi shakllanadi.

Homilaning oshqozoni qorin bo‘shlig‘i pastida joylashadi va o‘z o‘rnini egallaydi. Asab tugallanmalari shakllanishni boshlaydi. Homila yuragi favqulodda tezlik bilan uradi, yurak urishi daqiqasiga 160—170 zarbani tashkil etadi. O‘ninchi haftada homilaning kattaligi 28—33 millimetrga, og‘irligi 3—4 grammga yetadi.

Tavsiyalar

Bu davrda ona ehtiyotkorlikka rioya qilgan holda, asabiy zo‘riqish va toliqishlardan nari yurishi kerak. Ko‘proq dam olish va kuch to‘plash lozim.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.