Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: O‘n birinchi hafta

Birinchi uch oylik o‘z yakuniga yetmoqda, “toksikoz” chekinmoqda, bo‘lajak ona esa o‘sib borayotgan bachadonni his qilmoqda. Tashqi o‘zgarishlar hozircha sezilmaydi, ichki tomondan esa deyarli har bir ayol yangi holatga moslashib bo‘ldi. Homiladorlikning dastlabki xavotirli haftalari ortda qoldi, bo‘lajak ona endi his-tuyg‘u jihatidan bardoshliroq bo‘lganini sezadi.

11-haftadagi his-tuyg‘ular

Ushbu haftada ko‘pchilikni og‘ir toksikoz tark eta boshlaydi. Ammo bunday bo‘lmasa, xavotir olmang: u 14-haftagacha yoki, hatto, undan ham uzoqroq davom etishi mumkin. Baʼzan toksikoz o‘rnini jig‘ildon qaynashi yoki qabziyat ham egallashi mumkin, bunga gormonlar sabab bo‘ladi.

Bu davr hamon xavf hududida hisoblanadi, shu tufayli, qorin tortishsa yoki og‘risa, bel zirqirab og‘risa, ginekolog shifokoringizga murojaat qilganingiz maʼqul. Ajralmalar kelishi kuchayadi, biroq bundan qo‘rqish kerak emas, ular homiladorlik so‘ngiga qadar ham sizni tark etmasligi mumkin. Oq rangli Ajralmalar normal hisoblanadi. Ko‘krakdan ham biroz suyuqlik ajralishi mumkin, ammo unga tegmang va siqib chiqarishga urinmang — bu og‘iz sutidir.

Bola bilan nimalar sodir bo‘lmoqda?

Homiladorlikning 11-haftasida homilaning kattaligi taxminan 6 santimetrni, og‘irligi 8—10 grammni tashkil etadi. Hajmi bo‘yicha bolani yirik olxo‘ri bilan qiyoslash mumkin.

U juda tezkorlik bilan rivojlanmoqda:

  • u endi boshini ko‘tara oladi;
  • unda tutib olish reaksiyasi paydo bo‘ldi;
  • ovqat hazm qilish yo‘li rivojlanmoqda;
  • jinsiy organlari shakllanishni boshlamoqda;
  • tashqi taʼsir qiluvchi narsalarga javob ko‘rsata oladi;
  • bolaning harakatlari tobora aniq bo‘lib bormoqda.

11-haftaning o‘ziga xos jihatlari

Kayfiyatning keskin o‘zgarib turishi hamon kuzatilishi mumkin. Gormonlar o‘z ishini bajarmoqda, shu tufayli hissiy o‘zgarishlar ushbu muddatda g‘ayritabiiy hisoblanmaydi.

Biroq barchasini gormonlarga to‘nkayvermasdan, o‘z hissiyotlaringizni jilovlashga harakat qiling, sabr-bardoshli va mulohazali bo‘ling. O‘zingizni toliqtirmang, katta yuklanmalar — homilador ayol organizmi uchun stressni yuzaga keltiradi. Xotirjam bo‘lishni o‘rganing, bu sizga homiladorlikda ham, tug‘ruq chog‘ida ham qo‘l keladi.

Ovqatlanish

Sifatli va muvozanatlangan taomnoma — 11-haftada ushbu qoidaga rioya qilamiz. O‘z ratsioningizga albatta bo‘tqalar, tvorog, meva-sabzavotlar, mol go‘shti, ko‘katlar, yong‘oqlar va o‘simlik yog‘larini kiriting.

Meʼyoridan ortiqcha yeyish yaramaydi, aks holda jig‘ildon qaynashi va qabziyatdan qutula olmaysiz. Har 3—4 soatda kam-kamdan yeb turing. Yog‘li, achchiq, qovurilgan, dudlangan taomlardan nariroq yuring. Oddiy suv, yangi siqilgan sharbat yoki morslardan ichishingiz mumkin.

Skrining va boshqa tekshiruvlar

Ushbu muddatda sizni skriningga yuborishlari mumkin. Skrining — homiladorlik chog‘ida homilada kasalliklar rivojlanishi bo‘yicha xavflar guruhini aniqlashga qaratilgan tibbiy tekshiruvlar majmuasidir. Agar tekshiruv jarayonida xavf-xatarli omillar aniqlansa, bo‘lajak ona konsultatsiya uchun genetika mutaxassisiga yuboriladi. Birinchi skrining 11—12-haftada o‘tkaziladi, bu homiladorlikning aniq muddatini aniqlash uchun eng qulay vaqtdir.

Tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq o‘zgarishlar

  • Ushbu davrda tirnoqlaringiz sinuvchan bo‘lib qolgani, sochlaringiz ko‘p to‘kilayotganini sezasiz. Bularga qarshi kurashish deyarli foydasiz, tug‘ruqdan so‘ng barchasi joyiga tushadi.
  • Sochni bo‘yash tavsiya etilmaydi: organizmdagi gormonal o‘zgarishlar natijaga taʼsir qilish mumkin, va u haqda oldindan aytib bo‘lmaydi.
  • Teri cho‘zilishiga qarshi krem yoki yog‘lardan foydalanish vaqti keldi (masalan, zaytun yog‘i), aks holda, keyinroq vaqtni boy berganingizdan afsuslanishingiz mumkin.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.