Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: 31-hafta

Tug‘ruq tobora yaqinlashmoqda. Bola kuniga o‘smoqda, vazn yig‘moqda, yangi odatlarni o‘zlashtirmoqda. Ona noqulayliklarni his qilmoqda. U uchun yurish va nafas olish qiyinlashib qolgan.

31-haftada bolaning og‘irligi

Kun sayin emas, soat sayin ulg‘aymoqdamiz. Bola faollik bilan muskul massasini yig‘moqda, 31-haftada uning og‘irligi 1,5—1,6 kg, bo‘yi 39—40 santimetrga yetadi. U barmog‘ini so‘rishni o‘rgangan.

Bolaning miyasi faollik bilan rivojlanishda davom etmoqda, asab tolalari atrofida himoya qobiqlari paydo bo‘ladi, shu tufayli endi bola o‘z impulslarini tezkorroq yetkaza oladi. Ushbu haftadan boshlab uning ko‘z qorachiqlari deyarli kattalarnikidek bo‘lib qoladi, homila yorug‘lik va qorong‘ilikka reaksiya ko‘rsata boshlaydi, teri ostida yog‘ to‘qimasi to‘planadi, chaqaloq esa pushti tusga kiradi.

Endi farzandingiz og‘riqni his qila oladi. Agar siz tasodifan qorningizga odatdagidan ko‘ra kuchliroq bosim o‘tkazsangiz, u o‘sha zahotiyoq javob ko‘rsatadi — qimirlay boshlaydi va shu tariqa, qarshilik bildiradi. Keskin tovushlardan bola cho‘chib tushadi, ya’ni 31-haftadan boshlab u tashqi dunyo signallariga nisbatan ancha ta’sirchanlashadi.

31-haftada qimirlashlar

Ushbu muddatda bola avvalgidek vaqti-vaqti bilan qo‘l va oyoqchalari yordamida tartibsiz harakatlar qilib turadi, faqat endi uning turtkilari ancha kuchli. Ona o‘z qorniga qarab ichkarida “hayot qaynayotgani”ni ko‘rishi mumkin.

Ushbu haftada bola uchun xos bo‘lgan harakatlar: qo‘l va oyoqlar mushaklari rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan qimirlashlar, keskin tovushdan cho‘chib tushish, hiqichoq tutib silkinish.

Agar u hozir tug‘ilsa…

O‘tgan haftadan buyon yetti kungina kechgan bo‘lsa-da, bu vaqt ichida u jiddiy o‘zgarishlarga uchragan.

Unda o‘pka to‘qimasi kundan-kunga yetiladi, alveola xaltachalarida epiteliy hujayralari — o‘ziga xos surfaktant moddasini ajratuvchi qatlam paydo bo‘ldi. Ushbu modda chaqaloqqa o‘pkalarni yozish va birinchi mustaqil nafasni olish imkonini beradi. 30-haftada bularning hech biri yo‘q edi. Agar bola 31-haftada tug‘ilsa, uning yashab ketish ehtimoli ancha yuqori bo‘lardi.

O‘z-o‘zini insulin bilan ta’minlaydi

Oshqozon osti bezida hujayralar soni ko‘payadi, uning massasi oshadi. Bez oqsillar, yog‘lar va uglevodlarni parchalash uchun fermentlar ishlab chiqarishga deyarli tayyor. Biroq bu tug‘ruqdan so‘ng amalga oshadi.

Hozir esa oshqozon osti bezi mustaqil ravishda bola organizmini qondagi qand miqdorini bir me’yorda saqlab turuvchi insulin bilan ta’minlash ila band.

Jigar takomillashishda davom etmoqda: aynan qonni toksinlardan tozalash uchun javobgar bo‘lgan bo‘laklar shakllanishni yakunlamoqda. Ushbu davrda bolaning buyraklari yaxshi ishlaydi, u siydikni o‘zini o‘rab turgan suyuqlikka chiqarishda davom etadi.

Ona o‘zini qanday his qilmoqda?

Siz sezilarli ravishda og‘irlashdingiz, taxminan 8,6 kilogrammga. Ushbu vazn  homila, yo‘ldosh, homila atrofidagi suv, kattalashgan bachadon va tomirlardagi qonning umumiy hajmidan tashkil topgan. Qorin kattalashishda davom etmoqda. Bachadon yanada ko‘tarilib, hozir kindikdan 11 santimetr balandlikda joylashgan.

Homila kattalashib, qorin bo‘shlig‘ida o‘zi uchun tobora ko‘proq joy talab qilmoqda, shu tufayli ko‘krak qafasi va tos suyagi qismida noqulaylik va yoqimsiz hissiyotlar yuzaga kelishi mumkin. Kattalashayotgan bachadon barcha organlarni o‘z joyidan siljitib, ularning ishlashida qiyinchilik keltirib chiqaradi. Ayniqsa, bu oshqozonga tegishli. Jig‘ildon qaynashi — buning isboti.

Ortiqcha yeb qo‘yishdan saqlaning!

Homiladorlikning 31—32-haftasida doimiy ravishda shiringina narsa yeb olishga bo‘lgan ehtiyoj kuchayadi . Albatta, turli-tuman mahsulotlarni iste’mol qilish bola uchun foydali, ammo ortiqcha vazn haqida ham unutib qo‘yish kerak emas. Aynan hozir ular eng keraksiz joylarda to‘planadi. Organizmning o‘zi shundoq ham homiladorlik oqibatida o‘ta katta og‘irlikni his qilmoqda, buning ustiga, u me’yoridan ortiq yeb qo‘yish bilan ham o‘z vaqtida kurashishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun shifokorlar to‘g‘ri ovqatlanishni va kam-kamdan yeyishni tavsiya etadi. Ovqatlanish kuniga taxminan 6 mahal bo‘lishi kerak. Aks holda, ortiqcha vazn ba’zi asoratlar va shishishlarga olib kelishi mumkin.

31-haftadagi muammolar

Bu haftada nafas qisishi va beldagi og‘riqlar kabi muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Hozir belning barcha mushaklari va paylari bo‘shashgan, ular keyinchalik tug‘ruq faoliyatida to‘liq qatnashish uchun ayni paytda “dam olmoqda”.

Ushbu haftada oyoqlarda venalar shishishi kuzatilishi mumkin. Bunday vaziyatdan sizni kompression ich kiyim qutqarishi mumkin.

Bundan tashqari, 31-haftada organizmda relaksin — tos suyak birikmalari susayishiga olib keladigan modda ishlab chiqarilishi kuchayadi. Tos halqasi qayishqoq va cho‘ziluvchan bo‘lib qoladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.