Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: 21-hafta

Homiladorlikning beshinchi oyi deyarli yakuniga yetdi. Tug‘ruqqacha yana to‘rt oy qoldi. Bu paytga kelib, ko‘plab ayollar taxminan 4 kilogrammga semirib ulgurgan, bundan keyin vazn yanada tezkorlik bilan orta boshlaydi. Bo‘lajak onaning ko‘rinishi ajoyib: teri, soch va tirnoqlarning holati kishini mamnun qiladi. Bu muddatda sog‘liq ham joyida bo‘lishi, hech narsa bezovta qilmasligi kerak.

21-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Homiladorlik eng avjiga chiqqan desa ham bo‘ladi. Hozircha bel va tos suyagiga tushadigan og‘irlik tufayli charchoq hissi, nafas qisishi va uyqusizlik yo‘q. Biroq bunday qulay vaqtda ham ayol ba’zi noqulayliklarni his etishi mumkin, ammo bu ko‘pincha ortiqcha ta’sirchanlikdan kelib chiqadi.

Bu muddatda belda og‘riqlar paydo bo‘lishi mumkin, lekin bir xil yoki noqulay holatda o‘tirishni bas qilsangiz, bu muammo chekinadi. O‘zingizni bo‘sh qo‘ying va organizmingizga quloq tuting. Xuddi shu narsa uyquga ham taalluqli. Eng to‘g‘ri va qulay holat — o‘ng yonboshda yotish.

Bachadon kindikdan 1 sm tepada joylashgan, u ichki organlarni siqmoqda, ammo bu jiddiy muammolarni keltirib chiqarmasligi kerak. Bola endi baralla tepinmoqda, tashqaridan razm solib, u qorinning qaysi qismida o‘ynoqlayotganini aniqlash ham mumkin.

21-haftada homilaning rivojlanishi

Bu davrga kelib, homila tug‘iladigan vaqtdagi bo‘yining taxminan yarmiga yetgan bo‘ladi, biroq og‘irligi dunyoga keladigan paytidagidan hali ancha kam: atigi 360 g.

Ushbu haftada bolaning hazm qilish tizimi faol ravishda rivojlanadi. U amniotik suyuqlikni yutmoqda, shu tariqa, bola nafaqat o‘pkalarini, balki qizilo‘ngachni ham mashq qildiradi.

Bolaning endokrin bezlari ishlashni boshlagan, 21-haftaga kelib, unga taloq ham “yordamga keladi”. Homila kechalari juda faol bo‘lishi mumkin, uning uxlab qolishiga yordamlashish uchun, qorinni mehr bilan silash va, hatto, alla aytish ham mumkin. Bola allaqachon onaning ovoziga va kayfiyatiga reaksiya ko‘rsatishni o‘rgangan.

Onalik mehrini ko‘proq ko‘rsating

Ayol tobora o‘zini onadek his qilmoqda, axir u o‘z farzandini bevosita his qilib turibdi. Tarbiyalash jarayonini boshlash vaqti ham kelganini unutmang: bola bilan hoziroq gaplashishni boshlash mumkin va, hatto, zarur. O‘sib borayotgan odamchaga muloyimlik, xotirjamlik va mehr bilan murojaat qiling — u barchasini sezadi.

Ayolni jinsiy hayot bilan bog‘liq savollar qiziqtira boshlashi mumkin. Qomatingizning yangicha shakliga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi, bu tezda sodir bo‘lmasligi mumkin. Umidsizlikka tushmang, turmush o‘rtog‘ingiz bilan yaqinlikdan bosh tortmang (qorin og‘rimayotgan bo‘lsa va shifokor ruxsat bergan bo‘lsa, albatta). Sabr va e’tibor sizga ushbu nozik davrdan o‘tishda yordam beradi.

Yeyishni istaysizmi? Sxema tuzing

Ishtahani nazorat qilish qiyinlashib bormoqda. Ammo hozir o‘zingizga nisbatan talabchanlikni susaytirmang: bitta ortiqcha shirin kulcha va bir stakan gazli ichimlikning o‘ziyoq tezkorlik bilan vazn to‘plash jarayoniga start berib yuborishi mumkin.

Agar siz o‘zingizni ma’lum bir tartibga o‘rgatsangiz, tug‘ruq vaqtigacha ham qomatingizni yaxshi saqlab turish oson bo‘ladi. Buning uchun sxema bo‘yicha tanovul qilish kifoya: yaxshi to‘yimli nonushta+ikkinchi yengilroq nonushta+kichikroq porsiyali sifatli tushlik+foydali ikkinchi tushlik+yengil kechki ovqat.

21-haftadagi hissiyotlar

Bu homiladorlikning eng gullab-yashnagan davri: hozircha vazn kuchli ravishda ortgani yo‘q, ammo bo‘lg‘usi onaning qomati, ixchamgina kichik qorni ko‘zni yashnatadi. Teri va soch ham bu vaqtda sog‘lom ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Yagona nyuans — dog‘lar bo‘lishi mumkin. Biroq bunday o‘zgarishlar barcha homiladorlarda ham kuzatilmasligi mumkin, shu tufayli bu haqda oldindan qayg‘urish kerak emas.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.