Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kalendari: 16-hafta

Barchasi o‘z navbati bilan sodir bo‘lmoqda, ikkinchi uch oylik toksikoz va kayfiyat o‘zgarishlarining yo‘qligi bilan sizni xursand qilishda davom etmoqda. Bola tez o‘smoqda, qorin yumaloqlashmoqda, bo‘lajak ona esa ushbu osoyishta davr rohatini ko‘rmoqda.

Ikkinchi farzandiga homiladorlarda homilaning ilk qimirlashini his qilish imoniyati bor. Ayolning ishtahasi juda ham yaxshi, hojatxonaga tez-tez borib turishga to‘g‘ri kelmaydi — bu ajoyib holat. Teri cho‘zilishi va ortiqcha vazn oldini olishning ayni payti.

16-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Normal ravishda rivojlanib kelayotgan homiladorlik bu vaqtda qandaydir og‘riqlar yoki lohasliklar bilan xiralashishi kerak emas. Jismoniy og‘irliklardan so‘ng biroz zaiflik va charchoq hissi bo‘lishi mumkin, biroq qorin pastining og‘rishi, o‘zini yaxshi his qilmaslik kuzatilsa, u holda shifokorga murojaat qilish zarur.

Ko‘krak kattalashadi, biroq uning og‘rishi kamayadi. Ba’zilarda bu paytda uzoq kutilgan hodisa sodir bo‘ladi — bola qimirlaydi. Ko‘pincha ayol bu aynan nima ekanligini anglamasligi mumkin. Bolaning qimirlashi qorningizda kapalak qanotlarini ochib-yopayotgandek hissiyot uyg‘otadi.

16-haftada homilaning holati

Bu muddatda homilaning og‘irligi 100—120 grammni, uzunligi 11 santimetrni tashkil qiladi. Bola bo‘ynini tik tutib tura oladi, boshini yon tomonga bura oladi. Uning yuragi qattiq ishlamoqda, jigari esa hazm qilish funksiyasini ham bajara boshladi. Buyraklar va siydik pufagi ham faol ishlashga kirishdi. Bola har 45 daqiqada bovul qiladi.

Bu davrda shifokor bolaning qon aylanish tizimida nimalar sodir bo‘layotganini aytib berishi mumkin. Bolaning qoni tarkibi to‘liq shakllanib bo‘ldi: endi qon guruhini ham, uning rezus faktorini ham aniqlash mumkin. Qonda hamon fetal (embrional) gemoglobin ishlab chiqarilmoqda. Bola tug‘ilganidan yarim yil o‘tibgina, fetal gemoglobin o‘rnini oddiy gemoglobin egallaydi.

Optimistga aylanamiz

Gormonal holat qaror topdi: ayol osoyishta va bezovtalikdan xoli. Ko‘pchilik onalar kuch quyilib kelayotganini his qiladi, optimist kabi fikrlay boshlaydi, juda ko‘p narsalarni amalga oshirishni istaydi.

Bolaning hayoti yuzasidan xavotirlar ortda qoldi: ikkinchi uch oylikda bola tushishi kam kuzatiladi.

To‘yimli nonushta, yengil kechki ovqat

Bu vaqtga kelib, ayol 2—2,5 kilogramm vazn to‘playdi. Biroq vaznning tezkorlik bilan ortishi hali kuzatilmaydi. Kuniga 4—5 marta ovqatlanishga harakat qiling, porsiyalar kichik bo‘lsin. Nonushtadan hech qachon voz kechmang: u to‘yimli va foydali bo‘lishi kerak. Kechki taom esa yengilgina bo‘laversin. Ovqatga qo‘shiladigan tuz miqdorini ancha cheklash lozim.

16-haftadagi hissiyotlar

Bu bosqichda ayolning qorni sezilarli ravishda oldinga chiqib qoladi. Ikkinchi homiladorlikda u yanada ko‘proq seziladi, chunki muskul va paylar cho‘zilgan bo‘ladi.

Qorinning kindikdan qov supachasigacha bo‘lgan chizig‘i nihoyat darajada qorayib ketishi mumkin. Peshona, yonoqlar, qanshar, ko‘z atroflarini dog‘ bosishi mumkin. Terida melanin pigmenti to‘planadi, biroq bu hech ham xavfli emas, tug‘ruqdan so‘ng ushbu o‘zgarishlar yo‘qoladi.

Ko‘krak kattalashgan, ich kiyim qulay bo‘lishiga, tor bo‘lmasligiga e’tibor bering. Tish va milklaringizga ham e’tiborli bo‘ling, qandaydir muammolar tug‘ilsa, tish shifokoriga borishni kechiktirmang, zero shu davr buning uchun ayni mosdir.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.