Homiladorlik kalendari

Homiladorlik kaledari: 38-hafta

Tug‘ruq hozir ham, ertaga ham boshlanib qolishi mumkin. Yoki yana bir oy sabr qilishi mumkin. Bularning barchasi — normal holat. Agar siz qiz farzand tug‘ilishini kutayotgan bo‘lsangiz, aynan shu haftada ona bo‘lishingiz ehtimoli katta. Qizlar odatda dunyoga kelishga shoshiladi.

Uzoq vaqt yolg‘iz qolmaslikka harakat qiling. Agar yoningizda hech kim bo‘lmasa, doim o‘zingiz bilan telefoningizni olib yuring. 38-haftadagi tug‘ruq o‘z muddatidagi hisoblanadi.

Bola o‘zini qanday his qilmoqda

Bolaning og‘irligi allaqachon 3 kilogrammga, bo‘yi esa 48—50 santimetrga yetgan. U hamon yo‘ldosh orqali oziqlanmoqda. Bolaning tanasidagi tuklar yo‘qolib ketishi, smazkaning miqdori ham kamayishi kerak.

38-haftada bola bachadonda yanada siqilib qoladi va shu tufayli kamroq harakat qiladi. Ammo uning harakatlari ancha muvofiqlashadi, va u ona qornidan tashqaridagi hayotga deyarli tayyor.

Bolaning yurak urishi daqiqasiga 120—160 tani tashkil etadi, u boshi bilan tos suyagiga tig‘iz holda joylashib olgan. Tug‘ruqqa to‘liq tayyor.

Ona o‘zini qanday his qilmoqda

Endi yo‘ldosh 1—2 kg tosh bosadi, uning diametri 20 santimetrga tenglashgan. Bachadon kindikdan 16—18 sm, qov simfizidan 36—38 santimetrga uzoqlashgan. Ushbu davrda siz yanada ko‘proq noqulaylikni his qilasiz; shishish, yomon tushlar, shuningdek, yolg‘on dard bo‘lajak onani shu haftada bezovta qilishi mumkin.

Agar uxlab qolishga qiynalsangiz, uyquga yotishdan avval bir piyola iliq sut iching va chap yoningizda yotishga urinib ko‘ring; oyoqlar kamroq shishishi uchun uzoq vaqt tik turmaslikka yoki o‘tirmaslikka harakat qiling, sho‘r taomlardan voz keching, oyog‘ingizni teparoqqa ko‘tarib yoting. Agar sizni dard bezovta qilsa, va siz uning yolg‘on yoki rostligini tushunmasangiz, u boshlanganda xona bo‘ylab yurib ko‘ring — yolg‘on bo‘lsa, u harakat chog‘ida o‘tib ketadi.

Homiladorlikning 38-haftasida qorin

Ona qorni o‘zining maksimal kattaligiga yetdi. Teri tarang tortilgan va vaqti-vaqti bilan qichishib turibdi. Bundan qutulish uchun har kuni unga teri cho‘zilishlariga qarshi yog‘li krem yoki bodom yog‘idan suring. Shuningdek, ushbu haftada qorinning pastki qismi og‘rishi, kindik o‘z “in”idan chiqib, shishib qolishi mumkin. Bu borada biz beradigan maslahat bitta — umidsizlikka tushmang, tug‘ruqdan so‘ng barchasi o‘tib ketadi va avvalgi holatiga qaytadi.

Ikkinchi homiladorlik

Agar bu siz uchun ikkinchi homiladorlik bo‘lsa, 38-haftada tug‘ruqqa tayyorlanavering, u kutilmaganda boshlanib qolishi mumkin. Shuni bilish kerakki, ikkinchi va undan keyingi bolalarning tug‘ilishi tezroq va osonroq kechadi. Ammo og‘riqli hislar ba’zan ancha kuchliroq ham bo‘lishi mumkin.

38-haftada qorin tosh qotadi

Bu muddatda qorin tosh qotadi, ajralmalar keladi, qorin pastida og‘riqlar paydo bo‘ladi, bel tortishib og‘riydi — bularning barchasi tug‘ruq yaqinligidan darak beradi.

Agar bola sukut saqlasa

38—39-haftada bola jim-jit bo‘lib qoladigan holatlar ham kuzatiladi, bola tor joyda sho‘xlik qila olmaydi, o‘mbaloq osha olmaydi, shu tufayli, u uxlashni afzal biladi. Biroq ona qandaydir harakatlarni sezishi kerak.

Unga, o‘zingizga quloq tuting. Agar bola juda uzoq vaqt jimib ketsa, shifokorga murojaat qilib, zudlik bilan ko‘rikdan o‘ting.

O‘z “kulba”ngizga nisbatan mehr uyg‘onadi

38-haftada onaning kuchi va g‘ayrati oshib, uy ishlariga mamnuniyat bilan kirishib ketadi. Uy xo‘jaligi bo‘yicha bunday faollik oksitotsin ajralib chiqishi bilan bog‘liq, bu odatda bevosita tug‘ruqdan avval kuzatiladi.

Agar sizda o‘z “in”ingizni yog‘ tushsa, yalagudek qilib tozalash niyati tug‘ilgan bo‘lsa, o‘zingizga bunday xursandchilikni ato etishingiz mumkin. Ammo ehtiyotkor bo‘ling va homilador ayolning qo‘lidan kelmaydigan ishni qilmang.

Homiladorlikning 38-haftasi: tug‘ruq darakchilari

Organizm endi tug‘ruqqa to‘liq tayyor. Tana asta-sekinlik bilan tug‘ruq tez orada sodir bo‘lishi haqida o‘ziga xos signallar bera boshlaydi, bular quyidagilar:

  • qorinning pastga tushishi;
  • tortishish hissi;
  • qorin yuzasining vaqtinchalik tosh qotishi;
  • kuchli bachadon tonusi;
  • ajralmalar;
  • vaznning biroz kamayishi.

38-haftada tug‘ruq

Ushbu muddat normal tug‘ruq uchun to‘la mos tushadi. Agar sizda kesarcha kesish rejalashtirilgan bo‘lsa, tug‘uruqxonaga yotgan ma’qul. Shifokor operatsiya sanasini belgilayversa bo‘ladi.

Optimist bo‘ling va 38-haftada tug‘ruq oson va hech qanday asoratlarsiz o‘tishiga ishoning!

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.