Zamburugʻlar

Zamburugʻlar [Fungi yoki Mycetes] – eukriot organizmlar dunyosi (boʻlimi). Zamburugʻlar tayyor organik moddalar hisobiga yashaydi, yaʼni getrotrof organizm hisoblanadi. Odatda, oʻsimliklarda, tuproqda, suvda, hayvonlarda yoki ularning qoldiqlarida hayot kechiradi. Oziqlanish usuliga qarab ular parazit va saprofit turlarga boʻlinadi. Ularning odamlar va hayvonlar uchun zararli va foydali yuz mingdan ortiq turi uchraydi. Zamburugʻlar haqidagi fan mikologiya deb ataladi.

Tuzilishi. Koʻpchilik zamburugʻlarning (baʼzi hujayra ichki parazitlaridan tashqari) vegetativ tanasi mitseliy koʻrinishida, yaʼni oziqlanish substrati sirtiga yoki ichiga tarapib, uyidan oʻsadigan ingichka ipcha – gifalardan iborat.

Koʻpayishi. Z. vegetativ va reproduktiv (jinssiz va jinsiy) koʻpayadi. Vegetativ koʻpayish mitseliy ipchalarining boʻlinishi yoki sklerotsiyalar bilan amalga oshadi. Bu boʻlachalar har xil yoʻl bilan tarqalib, qulay sharitga tushganda yangi mitseliysi hosil boʻladi.

Jinssiz koʻpayish mitseliyning maxsus shoxchalarida hosil boʻladigan sporalar orqali roʻy beradi. Sporalar hosil boʻlishiga qarab endogen va ekzogen boʻladi. Endogen sporalar, odatda, gifa (sporangiy yoki zoosporangiy) ning sharsimon uylarida koʻp miqdorda rivojlanadi. Ekzogen sporalar (konidiyalar) mitseliyning maxsus shoxlarida yakka, guruh boʻlib, koʻpincha, zanjirsimon rivojlanadi.

Jinsiy koʻpayish ikkita har xil jinsiy hujayraning koʻshilishidan hosil boʻladigan zigotalar orqali roʻy beradi.

Bu organizmlar hamma joyda keng tarqalgan. Aksari zamburugʻlarning tabiatda umri qisqa. Ularning mitseliysi bir necha sutkada rivojlanib, spora hosil qilgach, oʻsishdan toʻxtab, nobud boʻladi. Mitseliysi koʻp yil yashaydigan turlari ham bor. Jumladan, patogen va parazit zamburugʻlar mitseliysi bir necha yillab yashaydi. Shuningdek, sklerotsiylari va turli-tuman sporalari bilan uzoq vaqtgacha saqlanadigan zamburugʻlar ham boʻladi. Koʻp sporalar quruq holatda hayotchanligini oʻn yillab saqlashi mumkin.

Muhim fiziologik xususiyatlari. Z. rivojlanishi uchun kislorod zarur boʻlib, aerob organizm hisoblanadi. Lekin ayrim turlari, masalan, achitqi zamburugʻlar iga ozgina kislorod ham yetarli. Koʻpchilik turlari (spirtli, limonli) achitish xususiyatiga ega. Ular 20-25° da yaxshi oʻsadi, baʼzilari 2-4° da ham oʻsaveradi. Zamburugʻlarning oʻsishi uchun yorugʻlik zarur emas, lekin quyosh nuri ularning oʻsishi va spora hosil qilishiga salbiy taʼsir etadi.

Tabiat va inson hayotidagi ahamiyati. Tuproqda yashaydigan zamburugʻlar oʻsimlik qoldiqlari (jumladan, qiyin parchalanadigan sellyuloza va lignin)ni yemiradi va minerallashtiradi. Yogʻochlarni, asosan, poʻkak zamburugʻlar yemiradi. Bu mikroorganizmlarning koʻpchilik turlari oʻsimliklarda turli kasalliklarni koʻzgʻatadi. Odamlardagi qator kasalliklar: kal, kirma temiratki va boshqalarlarni ular koʻzgʻatadi. Foydali zamburugʻlar ham koʻp.

Penicillium va Aspergilius turkumiga mansub zamburugʻlardan vitaminlar, antibiotiklar, limon kislota va steroid dori vositalar olishda foydalaniladi. Achitqi zamburugʻlar vino, non, pivo tayyorlashda ishlatiladi. Ulardan koʻnchilik, toʻqimachilikda va sanoatning boshqa tarmoqlarida qoʻllaniladigan turli fermentlar olinadi. Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida zamburugʻlar ovqatga ishlatiladi; isteʼmol qilinadigan Z. ning turi 100 dan ortadi. Bulardan koʻplari qimmatli boʻlib, tarkibida oqsil moddalari, vitaminlar va fermentlar bor. Ular, asosan, konservalab (kuritib, tuzlab, ziralab) isteʼmol qilinadi.

Zamburugʻlar tasnifi: I sinf – tuban zamburugʻlar yoki fikomitsetlar (Phycomycetes); II sinf – xaltali zamburugʻlar yoki aksotsimelar (Ascomycetes); III sinf – bazidiomitselar (Basidiomycetes); IV sinf – takomillamagan zamburugʻlar (Deuteromycetes yoki Fungi imperfecti).

Ular oʻsimlik, hayvon va odamlarda kasallik qoʻzgʻatish xususiyatiga ega, oziq-ovqat mahsulotlarini buzadi. Gʻoʻzada vilt va chirish kasalliklarini paydo qiladi (yana q. Zamburugʻli kasalliklar). Baʼzi Z. hasharotlar sonini hamda kasallik tugʻdiruvchi (patogen) mikroorganizmlarni rivojini susaytirishda ijobiy ahamiyatga ega. Vertsillyoz soʻlishni qoʻzgʻatuvchi Z. kushandasi (antagonist) Trichoderma Iignoram Hars., Aspergilius sp., Penicillium sp. va boshqa(lar) kiradi.

Zamburugʻlar tuproqda bakteriyalar, aktinomitsetlar va Mikroorganizmlar bilan birgalikda organik moddalarni parchalab, sanitarlik vazifasini bajaradi va tabiatda moddalar aylanishida ishtirok etadi. Shu bilan birga, tuproqda oʻsimlik kasalliklarini qoʻzgʻatuvchi Z. toʻplanib ham qoladi. Monokultura natijasida oʻsimliklarning maʼlum turlarigagina ixtisoslashgan Z. yigʻiladi. Aspergilius, Penicillium, Mucor, Trichothecium, Rhizopus va boshqa(lar) turkumga mansub baʼzi tur Z. urugʻlik materialning mogʻorlashiga sabab boʻlib, ularning unuvchaligini pasaytiradi.

Koʻpgina mogʻor Z. xomayoni saqlash davrida paxta tolasi sifatini buzadi. Baʼzi turlari isteʼmol qilinadi (jumladan, qoʻziqorin). Ularning fermentativ, antibiotik, toksik va parazitlik xususiyatlridan veterinariyada hamda oʻsimliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda, shuningdek, yengil sanoatda, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida foydalaniladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.