Tonzillit [lot. tonsilla – murtak bezlari] – murtakning yalligʻlanishi. Oʻtkir (q. Angina) va surunkali tonzillit farq qilinadi. Surunkali tonzillitga tez-tez angina bilan ogʻrish, shuningdek, burundan qiynalib nafas olish, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, chirigan tishlar (q. Tish chirishi) sabab boʻladi.
Bemor tomonga biror narsa kadalgandek sezadi, tomogʻi ogʻriydi, achishadi, baʼzan ogʻriq quloqqa oʻtadi. Surunkali tonzillitda isitma (37,3-37,5° gacha) uzoq (haftalab, hatto oylab) davom etishi, shu bilan birga, bemor lanj boʻlib, boshi ogʻrishi, ish qobiliyati pasayishi mumkin.
Tonzillitni faqat mutaxassis shifokor davolaydi: dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan tomoq chayiladi, murtak kanallari yuviladi, soʻng yodglitserin aralashmasi surtiladi va fizoterapevtik muolajalar buyuriladi. Surunkali T. tez-tez qoʻzib turadi.
Kasallikdan yurak va buyrak faoliyatlarining buzilishi hamda boʻgʻimlarda ogʻriq paydo boʻlishi kabi asoratlar qolishi mumkin. Bunday asoratlar yuz bermasligi uchun lozim boʻlganda operatsiyalar qilib, murtaklar olib tashlanadi.