Suvchechak – oʻtkir yuqumli kasallik; harorat koʻtarilishi, teri hamda shilliq qavatlarga serozli pufakchalar toshishi bilan kechadi. Filtrlanuvchi viruslar koʻzgʻatadi. Koʻpincha, 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi. Viruslar bemor yoʻtalganda, gapirganda, aksa urganda havo orqali sogʻ odamga oʻtadi.
Suvchechak bilan ogʻrigan bola takror ogʻrimasligi mumkin. Inkubatsion davri 10-21 kun (koʻpincha 14 kun). Dastlab bolaning darmoni quriydi, harorati 39-39,5° gacha koʻtariladi, yuziga, tanasining turli qismlariga toshma toshib, keyinchalik pufakchalarga aylanadi. Pufakchalar tiniq suyuqlikka toʻla boʻlib, atrofi qizarib turadi. Ular aksari boshning sochli qismi, yuz, badan va oyoq-qoʻlga tarqaladi. Keyinchalik pufakchalar yorilib oʻrnida poʻst hosil boʻladi, 1-3 haftadan keyin doʻstlar tushib ketadi, oʻrnida chandiq qolmaydi.
Suvchechak toshmasi badanning hamma qismiga bir vaqtda emas, balki 1-2 kun oralatib toshadi. Baʼzan ular ogʻiz, tomoq, burun-halqum shilliq pardasiga ham toshishi mumkin. Har gal toshma toshishi oldidan bemor isitmalaydi, toshmlar qurib bitgan, harorat meʼyorlashadi.
Suvchechak asoratlari kam kuzatiladi. Suvchechak tomalari koʻz muguz pardasida boʻlsa, keratit, tomonda boʻlsa, laringit, zaifroq bolalarda – asbsess, zotiljam, limfadenit, otit, saramas, flegmona paydo boʻlishi mumkin.
Bemor, koʻpincha, uyda shifokor nazoratida davolanadi. Bola qashinib, terisini tirnab yubormasligi uchun tirnogʻini olib turish, qoʻlini doim tozalab yuvib qoʻyish zarur. Toshmlarga kaliy permanganat eritmasi yoki brilliant koʻki surtilgan; ogʻzini dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan chayib turish tavsiya etiladi. Suvchechak juda yuqumli, shuning uchun bemor bolani alohidalab qoʻyish lozim.