Stomatologiya

Stomatologiya [yun. stomatos – ogʻiz va ..logiya] – klinik tibbiyotning bir sohasi; ogʻiz boʻshligʻi aʼzolari: til, lab, lunj, ogʻiz shilliq pardalari hamda yuz-jagʻ tizimi va unga yondosh soha kasalliklarini, ularni keltirib chiqaradigan sabablarni va mazkur kasalliklarning oldini olish usullarini oʻrganadi.

Ogʻiz boʻshligʻi aʼzolari kasalliklari Gipokrat, Ibn Sino, Galen, Sels va boshqa(lar) olimlar tomonidan tavsiflangan. Ibn Sino asarlarida ilk bor tishlar qamashishi va ogʻriklarning tabiati bayon etilib, shunday hollarda nimalardan foydalanish koʻrsatilgan.

14-a. da fransuz shifokori Gide Sholak tish sugʻuradigan asbob ixtiro qildi. 1a. oxirida italyan shifokori J. D. Arkale tishni oltin, qoʻrgʻoshin va qalay folgasi bilan plombalash mumkinligini koʻrsatadi. 17-18-a. larga kelib stomatologiya klinik tibbiyotning mustaqil sohasiga aylandi. 19-a. da tishni plombalash va yasama tishlar tayyorlash texnikasi puxta ishlab chiqildi. 19-a. oxiri-20-a. ning 1-yarmida fiziologiya, anatomiya, patologiya, biokimyo va boshqa(lar) fanlarning taraqqiyoti stomatologik kasalliklar etiologiyasi, patogenezi, davolash choralari va profilaktika tadbirlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Oʻzbekistonda S. fani 1954-y. dan shakllandi, shu yili ToshTIda stomatologiya f-ti ochildi. 1956-y. da maxsus stomatologik kafedralar tashkil etildi. Keyinchalik bunday kafedralar Samarqand, Andijon tibbiyot in-tlarida, Toshkent vrachlar malakasini oshirish in-tda ham ochildi, 1994-y. Buxoro tibbiyot in-ti tashkil etilib, uning tarkibida stomatologiya fakultetining ochilishi S. fanining yanada ravnaq topishiga zamin yaratdi.

2014-y. Toshkent tibbiyot akademiyasi stomatologiya f-ti negizida Toshkent stomatologiya instituti tashkil etildi.

Oʻzbekistonda stomatologiya fani rivojiga A. G. Gʻlomov, M. V. Paradoksov, A. T. Busigin, M. V. Busigina, shuningdek, V. A. Yepishev, S. A. Zfarov, M. M. Miryoqubov, E. U. Mahkamov, T. X. Safarov, M. V. Begmetov va boshqa(lar) katta hissa qoʻshganlar.

Hoz. zamon stomatologiya fani terapevtik, xirurgik, ortopedik, bolalar stomatologiyasi kabi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi. Terapevtik stomatologiya tish (kariyes, pulpit, periodontit, nokariyes xastaliklar) hamda ogʻiz shilliq qavati (stomatit), lab, til kasalliklari diagnostikasi, Davosi va profilaktikasi bilan shugʻullanadi.

Xirurgik stomatologiya tish olishdan tashqari yuz-jagʻ va unga qoʻshni sohalardagi yalligʻlanishlar, oʻsmalar, shikastlanishlar, tugʻma va orttirilgan nuqsonlarni oʻrganadi, ogʻiz boʻshligʻi va yuz-jagʻ operatsiyalari, plastik operatsiyalarni amalga oshiradi. Ortopedik stomatologiya ortopedik va ortodontik usullar bilan birlamchi va ikkilamchi tishlar qatori hamda tugʻma va orttirilgan tishlar nuqsonlarini davolaydi, yasama tishlar bilan tish qatori nuqsonlarini tiklaydi.

Bolalar stomatologiyasi bola rivojlanishining turli davrlarida oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda terapevtik, jarrohlik, ortopedik-stomatologik yordam koʻrsatadi. Shu bilan birga, stomatologik kasalliklarning kompleks profilaktikasi chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.

Stomatologik kasalliklarni davolashda turli dori-darmonlar, lazer va infraqizil nur, ultratovush, fizioterapiya usullari va h. k. dan foydalaniladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.