Siydik haydovchi dorilar

Siydik haydovchi dorilar [diurtikpar], peshob haydovchi dorilar – organizmdan siydik chiqarilishini kuchaytiradigan dorilar. Siydik haydovchi dorilar toʻqima va tana boʻshligʻidagi suyuqlik miqdorini kamaytiradi, shuning uchun ular organizmda suv toʻplanib shish paydo qiladigan ayrim yurak, buyrak va jigar kasalliklarida hamda qon bosimini tushirishda qoʻllanadi.

Siydik haydovchi dorilar siydik hosil boʻlishiga taʼsir koʻrsatib diurezni oshiradi. Taʼsir qilish mexanizmiga koʻra, ularni 2 guruhga boʻlish mumkin:

1) bevosita buyrakning siydik hosil qiluvchi vazifasiga taʼsir koʻrsatuvchi; 2) siydik hosil boʻlishining gormonal nazoratiga taʼsir koʻrsatuvchi.

Birinchi guruhga mansub dori vositalari buyrak naylari epiteliysiga taʼsir koʻrsatib, ularning reabsorbsiya qilish (qayta soʻrilish) vazifasini susaytiradi yoki naychalar ichidagi osmotik bosimni oshiradi, natijada natriy, xlor, kaliy ionlari va u bilan bogʻliq suvning reabsorbsiyasi kamayadi (dixlotiazid, klopmid, furosemid, etakrin kislotasi, mannit, mochevina va boshqa(lar)).

Ikkinchi guruhga mansub dori vositalari aldosteronning antagonisti hisoblanadi (spironolakton). Buyrak usti bezining gormoni – aldosteron natriy ionlarining qayta soʻrilishini va kaliy ionlarining sekresyasini boshqaradi. Spironolakton esa buyrak nefronlariga aldosteronga qaraganda qarama-qarshi taʼsir koʻrsatadi, yaʼni gormon taʼsir qiluvchi retseptorlarni toʻsib, siydik bilan natriy, xlor ionlari va shunga mos miqdordagi suvning chiqib ketishini taʼminlaydi.

Har xil oʻsimliklar (boʻtakoʻz, dalachoy, limonoʻt, sariqchoy, togʻrayhon, qariqiz, chuchukmiya va boshqa(lar)) tarkibiga kiruvchi moddalar ham siydik haydovchi vosita sifatida qaynatma yoki damlama shaklida azaldan xalq tabobatda qoʻllanib kelingan. Bundan (behi, tarvuz, piyoz, sarimsoq, uzum va boshqa(lar)) tashqari, maʼlum bir meva-sabzavotlar ham shunday xossaga ega siydik haydovchi dorilarni qabul qilganda siydik bilan boshqa ionlar (xlor, kaliy ionlari) ham tashqariga koʻp chiqib ketadi, bu – organizm baʼzi faoliyatlarining buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida siydik haydovchi dorilar bilan davolashda tarkibida kaliy koʻp boʻlgan oʻrik, sabzi va boshqa(lar)ni ham isteʼmol qilish buyuriladi.

Siydik haydovchi dorilarni faqat shifokor koʻrsatmasiga koʻra qoʻllash lozim, chunki bu dorilarning bir qancha nojoʻya taʼsirlari mavjud (gipo- va giperkaliyemiya, giper-urikemiya, alkaloz, atsidoz, yurak aritmiyalari, ginekomastiya, allergik reaksiyalar, nefrotoksiklik va boshqa(lar)).

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.