Sistit

Sistit [yun. kystis – qovuq] – qovuqning yalligʻlanishi. Qovukka turli infeksiyalar tushishi oqibatida roʻy beradi. Paydo boʻlishiga koʻra, birlamchi va ikkilamchi, kelib chiqishi boʻyicha spetsifik (soʻzak, sil sistiti) va nospetsifik sistit farqlanadi. Kasallik oʻtkir va surunkali kechadi. Birlamchi sistit boshqa aʼzolardagi infeksiya yuqori siydik yoʻllari yoki uretrart qon va limfa yoʻllari orqali qovukka oʻtishi natijasida paydo boʻladi.

Bunga, shuningdek, sovuq ketish, spirtli ichimlik ichish, qabziyat, nerv-psixikaning buzilishi ham sabab boʻladi. Ayollarda sistit aksari homiladorlik yoki tugʻruqdan keyingi davrda kuzatiladi.

Ikkilamchi sistit (koʻpincha surunkali kechadi) qovuqda tosh, yot jismlar, oʻsma boʻlganda, qovuq sili, prostata bezining oʻsmasi oqibatida yuzaga keladi. Shuningdek, baʼzi dorilar, zaharli moddalar ichilganda ham S. kuzatilishi mumkin.

Sistitda bemor tez-tez (har 10-15 minutda) siyadi, siyganda ogʻriq sezadi, ogʻriq ayniqsa, siygisi kistaganda va siygandan keyin zoʻrayadi, lovullash, achishish, baʼzan siydikda qon va yiring paydo boʻladi. Yalligʻlanish qoʻshni aʼzolarga oʻtganda (piyelonefrit, uretrit va boshqa(lar)) tana harorati koʻtariladi. Oʻtkir S. ning oldi olinmasa surunkali tus oladi. Kasallikni aniqlashda siydik tahlili, sistoskopiya, sitografiya, ultratovush tekshiruvlari oʻtkaziladi.

Davosi: bemorning umumiy ahvoli va kasallik belgilariga qarab olib boriladi (ogʻriq qoldiruvchi dorilar, antibiotiklar, koʻp suyuqlik ichish, vanna, fiziomuolajalar buyuriladi).

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.