Sil, tuberkulyoz – turli aʼzolar, asosan, oʻpkada oʻziga xos yalligʻli oʻzgarishlar roʻy berishi bilan tavsiflanadigan yuqumli surunkali kasallik. Odamlarda uchraydigan silni Ftiziatriya oʻrganadi. Nemis mikrobiologi Robert Kox (1882-y.) sil koʻzgʻatuvchisini aniqlagan (bu qoʻzgʻatuvchi uning sharafiga Kox tayokchasi deb nomlandi). Sil kasalligi qadimdan maʼlum. Kasallik belgilari Gippokrat, Ibn Sino asarlarida ham taʼriflangan.
Sil bilan odamlardan tashqari, uy hayvonlari (asosan, qoramol), uy parrandalari (tovuq, kurka)kasallanadi.
Odamlarda kasallikning asosiy manbai oʻpka sili bilan ogʻrib, mikobakteriyalar aralash balgʻam tashlab yuradigan bemorlardir. Tuberkulyoz hammadan koʻp havo-tomchi yoʻli bilan tarqaladi: yoʻtalganda, aksirganda mikobakteriyali balgʻam va shilliq zarralari havoga tarqalib atrofidagi buyumlarga tushadi. Sil mikobakteriyasi, asosan, nafas yoʻllari orqali kiradi. U boshqa mikroblarga nisbatan tashqi muhitning turli taʼsirlariga juda chidamli boʻlib, oʻzining yashash va koʻpayish xususiyatlarini uzoq muddat davomida saqlab qoladi.
Quruq holdagi sil mikobakteriyasiga 36° haroratda taʼsir etilsa, u 180 kungacha, +70° qizdirilsa 7 soat davomida, oqar suvlarda 150 kun, koʻcha chagida 10 kun ichida hayot kechirish va koʻpayish xususiyatlarini yoʻkotmaydi. Ayniqsa, quyosh nuri tushmaydigan zax yerlarda uzoq muddat saqlanib qoladi.
Sil mikobakteriyalarining atrof-muhitda uzoq vaqt saqlanishi sil kasalligining idish-tovok, kiyim-kechak, oʻrin-koʻpa va boshqa(lar) orqali yuqish ehtimolini tugʻdiradi. Kasallikning ochiq va yashirin shakli farq qilinadi. Kasallikning ochiq shaklida bemor balgʻamida sil mikobakteriyalari topiladi; bemor gigiyena qoidalariga rioya qilmasa, boshqalarga kasal yuktiruvchi boʻlib qolishi mumkin. Kasallikning yashirin shaklida mikobakteriyalar balgʻamda topilmaydi, bunday bemorlar atrofidagilar uchun yuqumli boʻlmaydi.
Sil bilan ogʻrigan bemor barcha gigiyena qoidalariga rioya qilsa, amalda atrofdagilar uchun xavfli boʻlmaydi. Sil mikobakteriyalari faqat oʻlkani emas, balki organizmda soch va tirnoqdan boshqa boʻgʻimlar, suyaklar, miya pardalari, buyraklar va boshqa(lar) aʼzolarni zararlaydi.
Sil kasalligiga aksari yosh bolalar (chunki ularda hali immunitet sust rivojlangan boʻladi), balogʻatga yetish davridagi oʻsmirlar (nerv-endokrin boshqaruvining beqarorligi tufayli), shuningdek, organizmning infeksiyaga chidami susaygan yoshi katta odamlar chalinadi. Oʻpka siliga xos belgilar kasallik shakliga, yoshga va boshqa(lar)ga bogʻliq.
Birlamchi silda kasallik alomatlari yaqqol namoyon boʻlmaydi. Biroq teri ostiga tuberkulin yuborib oʻtkaziladigan Mantu sinamasi musbat chiqsa va bemorda kasallikning umumiy belgilari (rang ketishi, quvvatsizlik, uyqu va ishtaha buzilishi, tez toliqish, tana haroratining koʻtarilishi, tunda terlash) paydo boʻlsa, bu sil intoksikatsiyasidan darak beradi.
Yosh bolalarda kasallik maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga qaraganda ogʻirroq oʻtadi, aksari asoratlar kuzatiladi. Sil intoksikatsiyasi bolalarda roʻy-rost namoyon boʻladi; bolaning rangi siniqadi, injiq boʻlib qoladi, ishtahasi yoʻqolib, tez-tez shmollab turadi. Shifokorga oʻz vaqtida borib, bolani toʻgʻri parvarish qilinsa, odatda, butunlay sogʻayib ketadi.
Ikkilamchi sil – oʻpka silining hammadan koʻp uchraydigan shakli. U oʻpkada va limfa tugunlarida saqlanib qolgan infeksiya “koʻri”dan kelib chiqadi; noxush sharoitlarda kasallik qoʻzgʻatuvchisi faollashib, jarayonni zoʻratiradi (faol shakli). Sil mikobakteriyasi bor bemor bilan uzoq vaqt muloqotda boʻlganda sil qaytalanishi ham mumkin.
Bunga organizmning zaiflanishi, sifatsiz ovqatlanish, stresslar, zararli odatlar (chekish, ichkilikbozlik, giyohvandlik), surunkali kasalliklar, oʻpkaning nospetsifik kasalliklari, qandli diabet, gastrit, meʼda-ichak yaralari, OITS, shuningdek, homiladorlik va tugʻruqdan keyin organizm himoya qobiliyatining kamayishi va boshqa(lar) sabab boʻladi. Odatda, ikkilamchi sil yoshlikda va oʻrta yoshda paydo boʻladi, oʻz vaqtida davo klinmasa, kasallik asta-sekin, lekin toʻxtamay rivojlanadi.
Aksari oʻpkaning yuqori boʻlklarida mayda oʻchoklar paydo boʻladi (Silning oʻchoqli shakli), baʼzan yiringli infiltralar (Silning yalligʻlangan shakli) kuzatiladi.
Kasallik baʼzan uzoq vaqtgacha hech qanday alomatlarsiz kechadi, biroq, oʻpka sili rivolanganda, yaʼni sil mikobakteriyalari koʻpayishi boshlanganda organizmda zaharlanish alomatlari paydo boʻladi: holsizlik, tez charchash, tunda terlash, ozib ketish va boshqa(lar), bora-bora bemorda yoʻtal zoʻrayadi, hansiraydi, nimjon boʻlib qoladi.
Zoʻr berib davolanish kasallik rivojlanishining oldini oladi. Oʻpkadan tashqaridagi S. (hiqildoq, ichak, buyrak, teri, suyak, boʻgʻim va boshqa(lar)) oʻpka siliga qaraganda ancha kam uchraydi. Silni barvaqt aniqlash kasallikni toʻla-toʻkis davolash imkonini beradi.
Davosi. Davolash, asosan, kasalxona sharoitida, shifokor nazorati ostida olib boriladi. Kasallikka qarshi ishlatiladigan zamonaviy dori-darmonlardan kasallikning turi va ogʻir-yengilligiga qarab tayinlanadi. Odatda, bu dorilar uzoq vaqt davomida (bir necha oylab) qoʻllanadi. Kasallikni davolashda foydalaniladigan kimyoterapevtik dorilar maʼlum bir guruhlarga boʻlinadi: izoniazid va uning analoglari, rifampitsin; etambutol, protionamid, etinamid, tizamid (pirazinamid), streptomitsin, kanamitsin, florimitsin va boshqa(lar)
Oldini olish ijtimoiy, sanitariya, kimyoviy va maxsus tadbirlarni oʻz ichiga oladi. Aholi yashaydigan joylarni obodonlashtirish moddiy hayot sharoitini yaxshilash, aholining umumiy madaniyatini oshirish va sanitariya bilimlarini targʻib qilish, jismoniy tarbiya va sportni keng rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Shifokor buyurgan kun tartibiga amal qilish, toʻla-toʻkis ovqatlanish, iloji boricha ochiq havoda boʻlish, xonani bobot shamollatib turish lozim. Sil bilan ogʻrigan bemorlarni kasallikning ilk bosqichlarida aniqlash maqsadida aholini ommaviy tekshirish, yaʼni flyuorografiya tekshiruvidan (kamida 2 yilda 1-marta) oʻtkazish ijobiy natija beradi. Silni bolalarda barvaqt aniqlash uchun bolalar poliklinikalarida, bogʻchalarida, maktablarda tuberkulin sinamasi oʻtkaziladi.
Oʻzbekistonda barcha yangi tugʻilgan chaqaloqlar shifokorning moneligi boʻlmasa, S. ga qarshi vaksinatsiya qilinadi; vaqt-vaqti bilan (7, 12 yoshda) revaksinatsiya oʻtkaziladi.