rak

Rak

Rak [yun. lot. cancer – qisqichbaqa], kanser, saraton kasalligi – epiteliy toʻqimasidan rivojlanadigan xavfli oʻsma. Epiteliy hujayrasi bor barcha aʼzolar – teri, shilliq qavatlar, qiziloʻngach, oʻpka, meʼda-ichak yoʻllari, siydik-tanosil aʼzolari, shuningdek, miya va h. k. da paydo boʻladi. Rak hujayralari juda tez boʻlinadi va rivojlanadi hamda atrofdagi sogʻlom hujayralarni yemirib boradi.

Boshqa xavfli oʻsmalar kabi, rak ham, odatda, oʻzi oʻrnashgan joydagi toʻqimani yemirishi, retsidiv, metastaz berishi va organizmning umumiy holatiga taʼsir koʻrsatishi, kaxeksiya (qoq suyak boʻlib ozib ketish) bilan xavfsiz oʻsmalardan farq qiladi.

Rak alohida viruslar faoliyati, shuningdek, turli fizik, kimyoviy va biologik omillar, kanserogen moddalarning odam organizmiga taʼsiri hamda organizmning oʻzida sodir boʻladigan endogen (ichki) kanserogen moddalar, radioaktiv nurlar taʼsirida vujudga kelishi mumkin.

Rak toʻsatdan paydo boʻlmaydi, koʻpincha, rak nishonasi deb atalib, surunkali kechadigan patologik oʻzgarishlardan soʻng rivojlanadi, shuningdek, teri, meʼda, bachadon boʻynidagi uzoq vaqt bitmaydigan yaralar, poliplar, sut bezlari fibroadenomatozi va h. k. oqibatida ham paydo boʻladi. Ammo shu kasalliklardan keyin, albatta, rak rivojlanadi deb boʻlmaydi, chunki saratonga sabab boʻladigan kasalliklar oʻz vaqtida uzil-kesil davolansa, uning oldini olish mumkin.

Rakning xarakterli xususiyatlaridan biri shuki, toʻqimada oʻsma hosil boʻlib rivojlangandan keyingina kasallik belgilari yuzaga chiqadi va oʻsma oʻsayotgan aʼzo faoliyati keskin buziladi.

Erkaklarda koʻproq meʼda, bronxlar, teri, pastki lab, ogʻiz boʻshligʻi, halqum, oʻpka (xususan, kashandalarda), tanosil aʼzolari saratoni uchraydi; ayollarda esa bachadon, ovqat hazm qilish aʼzolari, sut bezlari va teri raki kuzatiladi.

Rak boshlanayotganda, u tananing qaysi qismida rivojlanishidan qati nazar, qattiq ogʻriq bermaydi. Shu sababli, bemor shifokorga, koʻpincha, kech murojaat qiladi, natijada kasallik ancha zoʻrayib ketadi. Rakni davolash imkoni boricha erta boshlansa, yaxshi natijalarga erishish mumkin.

Pastki lab raki, koʻpincha, pastki lab qizil hoshiyasi ustida uzoq vaqt bitmaydigan yara va qon sizib turadigan yoriqchalar, oq dogʻlar (leykoplakiya) boʻlishi natijasida vujudga keladi. Oʻsmaning oldini olish uchun pastki lab va ogʻiz boʻshligʻi kasalliklarida, albatta, chekishni tashlash lozim.

Qiziloʻngach saratoni (“qiltomoq” kasalligi) aksariyat rak oldi kasalliklari oqibatida kelib chiqadi. Qiziloʻngach saratonida bemor dastlab quyuq, keyinchalik suyuq ovqatlarni ham yuta olmay qoladi. Koʻpincha, toʻsh orqasida, baʼzan koʻkrak pastida va qorin sohasida ogʻriq sezadi. Ovqat yutganda salgina qiyinchilik sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Meʼda raki koʻp uchraydigan va aksariyat surunkali meʼda yarasi, polipi, shuningdek, surunkali gastritning baʼzi shakllari oqibatida kelib chiqadi. Meʼda raki bilan ayollarga nisbatan erkaklar koʻproq ogʻriydi; odatda, 40-60 yoshli kishilar oʻrtasida koʻp uchraydi.

Kasallik boshda sezilmaydi, bemorning darmoni quriydi, mehnat qobiliyati susayadi, ozib keta boshlaydi, rangi siniqadi; keyinchalik ishtaha yoʻqolishi, koʻngil aynishi, jigʻildon qaynashi, hiqichoq tutishi, kekirish, baʼzan qusish alomatlari, shuningdek, meʼdada qattiq ogʻriq paydo boʻladi. Bunday alomatlar roʻy berganda darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

Toʻgʻri ichak raki koʻproq ichakdagi polidan paydo boʻladi. Bunda soxta hojat qistashi, shilliq yoki qon aralash ich kelishi kuzatiladi, kasallik avj olgandan soʻng ichakdan qon oqadi. Qon ketishi, koʻpincha, bavosirda ham roʻy beradi, shuning uchun qon ketishi sababini faqat vrach aniqlashi mumkin.

Oʻpka raki oʻpkaning surunkali kasalliklari (oʻpka sili, zotiljam, bronx poliplari, pnevmokonioz) bilan tez-tez ogʻrib turish va h. k. oqibatida vujudga kelishi mumkin. Oʻpka saratoni koʻproq kashandalarda uchraydi; koʻkrakda ogʻriq (ayniqsa, yoʻtalganda zoʻrayadi), baʼzan qon tulash kuzatiladi. Kasallikka xos alomatlar paydo boʻlganda darhol shifokorga murojaat qilish lozim.

Sut bezlari raki koʻproq sut bezlarida hosil boʻladigan qattiq, ogʻriqsiz tugunchalar, rak oldi oʻsmasi (xavfsiz oʻsma), fibroadenomatolarni oʻz vaqtida davolamaslik natijasida rivojlanadi. Sut bezlarida arzimagan tuguncha borligi sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Ayollarda koʻp uchraydigan bachadon raki bachadondan surunkali kasalliklar – eroziya, polip va oq dogʻlardan paydo boʻladi. Tugʻruq va abortda bachadonning jarohatlanishi, uni oʻz vaqtida davolatmaslik ham bachadon rak iga sabab boʻladi.

Kasallik hech qanday belgisiz kechadi, keyinchalik avj olganidan soʻng bemorda oqchil koʻpayib, hayz sikli buziladi, qon ketadi va, nihoyat, ogʻriq paydo boʻladi. Shu bois har bir ayol jinsiy hayot kechira boshlagan kundan boshlab kamida bir yilda 2-marta (klimakteriya davrida 4-marta) ginekolog koʻrigidan oʻtib turishi shart.

Teri raki, odatda, kemalarda (50-70 yoshli erkak va ayollarda) kuzatilib, koʻpincha, yuzda (burun qanotlari, qovoq, burun-lab burmalari, ogʻiz burchaklarida), baʼzan terining kuygan, jarohatlangan joyida, shuningdek, ayrim tugʻma va turli jarohatlar oʻrnida paydo boʻladi.

Rak va boshqa xavfli oʻsmalar, asosan, operatsiya qilinadi, radioaktiv moddalar va rentgen nurlari, saratonga qarshi maxsus kimyoviy preparatlar, gormonlar, biopreparatlar qoʻllanadi.

Kasallikning oldini olish uchun organizmga zararli taʼsir etadigan kanserogen moddalarni yoʻqotish, shuningdek, saraton oldi kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash va davolash, aholini ommaviy profilaktik koʻrikdan oʻtkazib turish, baʼzan dispanserizatsiya qilish lozim.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.