Ovqatdan zaharlanish

Ovqatdan zaharlanish – mikroblar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilinganda vujudga keladigan kasallik. Aksariyat birdan koʻpchilik kasallanadi, lekin bemorlardan sogʻlom odamga yuqmaydi. Koʻpincha, stafilokokklar, enterokokklar, ayrim ichak tayokchalari, protey, sitrobakter, iyersiniya, klostridiya va boshqa(lar) mikroblar sabab boʻlishi mumkin.

Quyidagi 2 holat ovqatdan zaharlanish uchun umumiy hisoblanadi: 1) mikrob tushib koʻpaygan ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish oqibati; 2) bemor organizmiga mikrobning oʻzi va uning toksini taʼsiri. Ovqatdan zaharlanish yoz oylarida koʻp uchraydi.

Kattalarga nisbatan bolalar, ayniqsa, 3 oylikdan 2 yoshgacha boʻlgan bolalar koʻproq kasallanadi. Odam koʻproq urinib qolgan goʻsht va uning mahsulotlari, sut mahsulotlari (ayniqsa, tort va pirojnoye), baliq, tovuq goʻshtini isteʼmol qilganda zaharlanishi mumkin. Stafilokokklar sabab boʻlgan hollarda infeksiya manbai odam hisoblanadi. Angina yoki turli yiringli kasalliklar: sachratqi, chipqon, xasmol va boshqa(lar) yiringli yaralar boʻlgan kishilardan mikrob tayyor mahsulotga oʻtib, tez koʻpayadi. Uni bilmay isteʼmol qilgan kishi darhol zaharlanadi.

Kasallikning yashirin davri 2-3 soatdan 3 kungacha. Kasallik toʻsatdan koʻngil aynishi va qusish bilan boshlanadi, ich ketadi, qorinda tutash ogʻriq boʻladi. Qisqa vaqt ichida bemor organizmi suvsizlanadi, u holsizlanib qoladi. Yurak-tomir tizimi faoliyati buziladi. Ayniqsa, klostridiyalar sababli roʻy beradigan zaharlanish ogʻir kechadi.

Kasallikka tashxis qoʻyish uchun bemorning qusuq massasi, meʼdani chayilgan suvi strillangan bankaga yigʻilib lab. ga yuboriladi. Zaharlanishga sababchi deb gumon qilingan ovqat mahsulotlari ham lab. da tekshiriladi. Najasdan Myuller muhiti va tuzli eritmga ekma olinadi. Tekshirishga olingan turli ekmalardan bir xil mikrob topilishi, oʻsha kasallik sababchisi ekanidan dalolat beradi. Kasallikning 5-6-kunidan boshlab bemor qoni zardobi bilan ajratib olingan mikrob kultrasi aralashtirilib agglyutsinatsiya reaksiyasi qoʻyiladi.

Reaksiyaning 1 : 40 nisbatda va undan yuqori suyultirishda ijobiy natija berishi ushbu mikrob kasallik sababchisi ekanidan darak beradi. Ovqatdan boʻladigan toksikinfeksiyalar va intoksikatsiyalart ovqatdan zaharlanishdan farq qila bilish kerak. Davo kasallikning dastlabki alomatlari paydo boʻlganida tez yordam sifatida meʼdani 2 % li soda yoki nimrang kaliy permanganat eritmasi bilan chayish, ipakchi tozalashdan iborat.

Regidron, bektit preparat eritmasini ichirib turish kasallik ogʻirlashishining oldini oladi. Ogʻirroq hollarda disol, atsesol, trisol kabi suyuqliklar tomir orqali tomchilab qoʻyiladi. Zarurat boʻlganida yurak-tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydigan dorilar yuboriladi.

Oziq-ovqat tayyorlash korxonalari xizmatchilari ish jarayonida shaxsiy gigiyenaga qatʼiy rioya qilishlari, emizikli onalar goʻdakni emizishdan oldin qoʻli va koʻkragini sovunlab yuvishi kerak. Yoz kunlari goʻdaklar uchun ovqat faqat bir marta isteʼmol qilishga yetarli qilib tayyorlanishi lozim. Ovkatga ishlatiladigan idishlar avval yuvilib, soʻngra qaynatilishi, ustiga toza doka yopib qoʻyilishi lozim.

Roʻzgʻorda ishlatiladigan tez buziladigan mahsulotlar sovitkichda saqlanishi shart. Oshpazlar sanepidstansiya xodimlari tomonidan belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrik va lab. tekshiruvidan oʻtib turishlari kerak.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.