Ovqat hazm qilish

Ovqat hazm qilish – odam va hayvonlar organizmida ovqatning mexanik va kimyoviy qayta ishlanish jarayoni, bunda oziq moddalar soʻrilib hazm boʻladi, parchalanish mahsulotlari va hazm boʻlmay qolgan moddalar esa organizmdan chiqariladi. Ovqat hazm qilish natijasida murakkab kimyoviy moddalar organizm oson oʻzlashtira oladigan oddiy moddalarga aylanadi. Ovqat hazm qilishning hujayra ichida va hujayradan tashqarida sodir boʻladigan xillari bor.

Hujayra ichida ovqat hazm qilish (I. I. Mechnikov kashf etgan) bir hujayralilar, ayrim tuban koʻp hujayralilar, yuksak koʻp hujayralilarning ayrim hujayralari (leykotsitlar, mononuklear fagotsitlar va boshqalar) uchun xos. Bu jarayonda hujayra oziq moddalarni faol yutib, sitoplama fermentlar yordamida hazm vakuolalari ichida parchalaydi.

Hujayra tashqarisida o.h.q. odam va koʻpchilik hayvonlar uchun xos boʻlib, asosan, oshqozon-ichak tizimi boʻshligʻida sodir boʻladi. Hujayra tashqarisida o.h.q. membranada, yaʼni ichak devorida va ichak boʻshligʻida roʻy beradi, membranada o.h.q odamlar, barcha umurtqalilar va koʻpchilik umurtqasizlar uchun xos boʻlib, ichak vorsikalari hujayralari membranasida joylashgan fermentlar yordamida amalga oshiriladi.

Hujayradan tashqari (boʻshliqlarda), hujayra ichida va hujayra membranasida (hujayra tashkarisi bilan hujayra ichi oʻrtasidagi chegarada) ovqat hazm qilish farq qilinadi.

Aksariyat hayvonlarda 2 xil (hujayra ichida va hujayra tashqarisida) hazm bir-birini toʻldiradi. Koʻpchilik umurtqali hayvonlar va Odamda o.h.q ogʻiz boʻshligʻidan boshlanadi. Bu yerda ovqat chaynalib maydalanadi, soʻlak bilan aralashtiriladi va hoʻllanib, oziq luqmasi hosil boʻladi. Asosiy ovqat hazm qilish suyuqliklar (soʻlak, meʼda, meʼda osti bezi va ichak shirasi, safro) fermentlari taʼsirida ovqatlar kimyoviy ishlanadi. Ayrim hayvonlarda soʻlak tarkibidagi fermentlar (Odamda amilaza) taʼsirida ovqat tarkibidagi karbonsuvlar parchalanadi. Ovqat yutilib, tomoq va qiziloʻngach orqali meʼdaga tushadi.

Meʼdada ovqatning maydalanishi va karbonsuvlarning parchalanishi davom etadi; protolitik fermentlar taʼsirida oqsillarning parchalanishi boshlanadi. Ayrim hayvonlar va qushlarda oziq meʼda (oshqozon)ga tushishdan oldin jigʻildonda yigʻiladi. Yaxshi ezilgan va qisman hazm boʻlgan oziq oshqozondan oz-ozdan ingichka ichakka oʻtadi. Ingichka ichakdagi o.h.q jarayonida oziq moddalar oshqozon osti bezi va ichak shirasi hamda oʻt suyuqligi ishtirokida hujayradan tashqarida, yaʼni vorsinkalar membranasida parchalanib, hazm qilish va soʻrilish tugallanadi.

Yoʻgʻon ichakka ingichka ichak fermentlari, yoʻgʻon ichakning oʻzi va bakteriyalar ishlab chiqaradigan fermentlar taʼsirida karbonsuvlar bijgiydi, oqsillar chiriydi; suv va unda erigan moddalar qonga shimilib, axlat massasi shakllanadi. Yoʻgʻon ichakda axlatning toʻplanishi defekatsiyaga olib keladi.

Ovqat hazm qilish neyro-gumoral regulyatsiya orqali amalga oshadi. Hazm jarayoniga ovqat yeyiladigan sharoit, ovqatning koʻrinishi, miqdori, tarkibi va boshqa(lar) omillar taʼsir qiladi. Hazm fiziolgiyasini ishlab chiqishda rus olimi I. P. Pavlov va uning shogirdlari katta hissa qoʻshgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.