Odam genetikasi

Odam genetikasi – genetika fanining bir boʻlimi; odam irsiyatining saqlanishi, nasldan-naslga oʻtishi va avlodda namoyon boʻlishini oʻrganadi. Odam genetikasi shartli ravishda inson genetikasi (antropogenetika) va tibbiyot genetikasiga boʻlinadi. Antropogenetika odam organizmi normal belgilarining irsiyligi va oʻzgaruvchanligini, tibbiyot genetikasi esa uning irsiy patologiyasini oʻrganadi.

Odam genetikasi 19-a. ning oxirlaridan rivojlana boshladi. Bu davrda hali irsiyatni oʻrganuvchi usullar kam boʻlganligi sababli, odam ayrim belgilarining nasldan naslga oʻtishini oʻrganishda egizaklar usulidan foydalaniladi. 20-a. ning boshlaridan odamning populyatsion genetikasi rivojlana boshladi.

Populyatsion genetika maʼlum bir chegaralangan guruh odamlardagi geografik, etnik, tabaqali va boshqa(lar) genlarning turlari va tarkibining oʻzgarishini oʻrganadi. Bundan tashqari, bu usul yordamida odamning tur sifatida evolyutsion shakllanishi, ularning sut emizuvchilardan irsiy farqlari, zamonaviy odam populyatsiyalaridagi irsiy oʻzgruvchanliklarni oʻrganish mumkin.

20-a. ning 20-30-y. laridan boshlab olamdagi mutatsiyalar oʻrganila boshlandi. Odam irsiyatini oʻrganishda uni xavfli mutatsiyalardan himoya qilish katta ahamiyatga ega, chunki texnika rivojlanishi va kimyoviy vositalar koʻp ishlatilishi tufayli odam organizmiga mutagen omillar taʼsiri oshib bormoqda.

20-a. ning oʻrtalariga kelib va radiatsion genetika rivojlanishi bilan odam genetikasini oʻrganish yana kuchaydi. 1956-y. Odamda 46 ta xromosoma (23 juft) borligi aniqlandi, 1959-y. da esa odamning birinchi xromosoma kasalligi (Daun kasalligi) kashf qilindi.

Odam genetikasi xromosomadagi har bir geniy, ularning xromosomada joylashishi, namoyon qiladigan belgilarini va bu belgilar yuzaga kelishida irsiyat va tashqi muhitning ahamiyatini, mutatsiyalarning yuzaga kelish sabablarini oʻrganadi. Izlanishlar natijasida irsiy xilma-xillik yoki polimorfizm kashf etildi. Masalan, gemoglobinning 200 ga yaqin turi borligi, fermentlarning turli-tuman shakllari va boshqa(lar) aniqlandi.

Irsiyatning xromosoma va genlarini oʻrganishda molekulyar biologiyaning bir necha usullari: sitogenetik, biokimyoviy, immungenetik, gen injeneriyasi va h. k. dan foydalaniladi.

Sitogenetik usullar odam xromosomalari soni, ularning tuzilishini oʻrganish imkonini berdi, natijada koʻpgina irsiy kasalliklarni aniqlash mumkin boʻldi. Biokimyoviy usullar yordamida gendan u nazorat qiladigan belgigacha boʻlgan yoʻl oʻrganilib, irsiy kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash usullari ishlab chiqildi. Immun javobning rivojlanish mexanizmlari oʻrganilganda bir guruh genlar (markaziy gistomoslik kompleksi genlari)ning ahamiyati juda katta ekanligi aniqlandi. Bu tizim omillari organizmning noyobligini taʼminlashda, hujayralararo reaksiyalarni amalga oshirishda, immun javob kuchini nazorat qilishda qatnashadi, yaʼni tizim donor – transplantatni tanlay bilishda, yangi immun tiklash usullarini ishlab chiqish, tugʻma kasalliklarni oldindan aniqlab olishda ahamiyati katta.

Immun javobning rivojlanish mexanizmlari oʻrganilganda bir guruh genlar (markaziy gistomoslik kompleksi genlari)ning ahamiyati juda katta ekanligi aniqlandi. Bu tizim omillari organizmning noyobligini taʼminlashda, hujayralararo reaksiyalarni amalga oshirishda, immun javob kuchini nazorat qilishda qatnashadi, yaʼni tizim donor – transplantatni tanlay bilishda, yangi immun tiklash usullarini ishlab chiqish, tugʻma kasalliklarni oldindan aniqlab olishda ahamiyati katta.

20-a. ning oxirida amerika olimlari odam genlari kartasini toʻliq oʻrganib chiqishga muvaffaq boʻlishdi. Bu kashfiyot endilikda gen injeneriyasi usullari yordamida irsiy kasalliklarni davolash usullarini ishlab chiqishga imkon beradi. Shu bilan birga, irsiy kasalliklarni homiladorlikning ilk davrlarida aniqlash (prenatal tashxis) usullari ishlab chiqilmoqda.

Gen injeneriyasi usullari yordamida bepusht ayolga probirkalarda chatishtirilgan homila implantatsiya qilinmoqda, natijada ular farzand koʻrish imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar.

Odam genetikasini oʻrganishdagi bilimlar asosida hoz. koʻp mamlakatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda genetik maslahatxonalar va genetik skrining markazlari ochilib, ularning kelajak avlodning sogʻlom tutilib, ulgʻayishida ahamiyati ortib bormoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.