Och qolish

Och qolish (tibbiyotda) – oziq moddalarning organizmga butunlay yoki yetarli kirmay koʻyishi yoki tuzuk oʻzlashtirilmasligi sababli organizmda roʻy beradigan holat; o.q. sifatsiz ovqat isteʼmol qilganda yoki organizm biror sababga koʻra ovqatni singdira olmaganda ham vujudga keladi.

Och qolish tabiatda hayvonlar orasida fiziologik holat hisoblanadi (ular qishki uyquga ketganda). Bunda organizmda moddalar almashinuvi keskin pasayadi.

Odamda ochlik patologik hodisa boʻlib, ovqat yemaganda, yoyilgan ovqat hazm boʻlmaganda (masalan, meʼda-ichak kasalliklarida) yoki sifatsiz ovqat yeyilganda roʻy beradi. Bunday holat ayniqsa, bolalar uchun zararli, bunday bolalar jismoniy va aqliy jihatdan tuzuk rivojlanmay qoladi.

Toʻliq, mutlaqo (absolyut) va chala (toʻyib ovqatlana olmay) ochlik farq qilinadi. Bundan tashqari, ayrim oziq moddalar organizmga yetarli kirib turmasa, juzʼiy (sifat jihatdan) och qolish deb yuritiladi. Toʻliq va mutlaqo (absolyut) och qolishda organizmdagi zaxira oziq moddalar (ayniqsa, yogʻ) hisobiga u bir necha vaqt yashab turadi.

Odam uchun toʻliq ochlikning chegarasi 70 kungacha, bu kishining oʻziga xos jihatlari, yoshi, jinsi va boshqa(lar)ga bogʻliq. Ayollar ochlikka koʻproq chidamli; bolalar va keksalarga ochlik tez taʼsir etadi.

Yogʻ bosishni, baʼzan moddalar almashinuvining buzilishiga aloqador boʻlgan boshqa kasalliklar (podagra, qandli diabet va boshqa(lar)), shuningdek, allergik va ruhiy kasalliklarni davolash maqsadida toʻliq va juzʼiy ochlik tatbiq etiladi.

Och qoldirib davolash kursi 2 davrdan iborat: och qolish va tiklanish, bu davo usulini kasalxona sharoitida olib borish maqsadga muvofiq.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.