Nafas qisishi — hansirash

Nafas qisishi, hansirash – nafas olish tezligi, chuqurligi va maromining buzilishi, odatda, havo yetishmasligi bilan kechadi. Fiziologik va patologik xillari tafovut qilinadi.

Fiziologik nafas qisishi jismoniy ish qilayotganda organizmning kislorod ehtiyoji oshishi natijasida paydo boʻladi. Nafasning chuqurlashuvi va tezlashuvi tufayli organizmga oʻpka orqali kiradigan kislorod miqdori nafas qisishida 2-3 barobar koʻpayadi.

Ayni vaqtda organizmdan nafas bilan ortiqcha karbonat angidrid gazi ham chiqariladi. Havodagi kislorod miqdori odatlardan ancha kam boʻladigan balandlikka koʻtarilganda, tashqi muhit harorati oshganda va sh. k. hollarda nafas qisishi roʻy beradi. Odam oʻz ixtiyoriga koʻra, yaʼni ongli ravishda nafasning tezligi va chuqurligini oʻzgartirishi mumkin.

Patologik xansirash ayrim kasallik holatlarida yuz beradi. Markaziy nafas qisishi nafasning idora qilinishi buzilganda (q. Nafas) yoki bosh miyadagi nafas markazi zaharlanganda, organizm, masalan, uxlatadigan dorilar yoki narkotik modalardan zaharlanganda sodir boʻladi. Oʻpkaga aloqador hansirash koʻkrak qafasi shikastlanganda, oʻpka kuchli zaharlanganda (oʻpka yalligʻlanishi, sil, bronxial astma, oʻpka emfizemasi va boshqalar) kuzatiladi. Nafas qisishining bu turi nafas chuqurligi va tezligining buzilishi, aksari nafas chiqarishning qiyinlashishi, teri va shilliq qavatlarning koʻkarib ketishi (q. Sianoz), boʻyin venalarining boʻrtib chiqishi, yuz koʻkrishi bilan oʻtishi mumkin.

Oʻpkadan boʻladigan n.q. hatto ozgina jismoniy harakat qilganda ham kuchayadi. Yurakka aloqador hansirash yurak yetishmovchiligida roʻy beradi, bunda teri koʻkarib ketishi, oyoq-qoʻllar sovub ketishi mumkin. Jismoniy ish qilganda bunday n.q. keskin kamayadi. Odatda, boʻgʻilib kolishgacha olib keladigan nafas qisishi bronxial astma va yurak astmasida kuzatiladi. Nafas qisishi avj olganda bemorning koʻkragini qisib turgan kiyimini yechish, nafas olishini yengillatish uchun oʻrniga oʻtkazib qoʻyish, u yotgan xona derazasini ochib, zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak.

Oʻpkaga bogʻliq holda N. q. bilan kechadigan kasalliklarning oldini olishda organizmni muntazam chiniqtirish, jismoniy mashqlar va nafas gimnastikasi bilan shugʻullanish, nafas yoʻllarining yuqumli va allergik kasalliklarini oʻz vaqtida davolatish, toʻgʻri ovqatlanish, semirishga yoʻl qoʻymaslik lozim.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.