Mitoz

Mitoz [yun. mitos – ip], kariokinez – eukariot hujayralarning boʻlinib koʻpayish usuli. Mitozdan oldin hujayra boʻlinishga tayyorgarlik davri (interfaza)ni oʻtadi.

Interfazda DNK, oqsil, ATF sintez boʻladi. Natijada xromosomalardagi DNK miqdori ikki hissa ortadi (q. Xromosomalar). Bu jarayon replikatsiya deyiladi. Mitoz 4 faza: profaza, metafza, anafaza, telofazadan iborat. Profazada xromosomalar spirallashib, yiriklasha boshlaydi; yadro membranasi va yadrocha yemirilib, xromosomalar sitoplazmaga tarqalib ketadi. Profaza oxirida sentrosomalar hujayra qutblariga joylashib oladi; ular oʻrtasida mikronaychalardan iborat axromatin ipchalar paydo boʻlib, boʻlinish duki hosil boʻladi.

Metafazada xromosomalarning spirallashib yoʻgonlashuvi davom etadi. Metafaza oxirida xromosomalar hujayra markazida boʻlinish oʻqi ekvatorida joylashib oladi. Bu fazada har bir xromosoma 2 ta xromatiddan iborat boʻlib, ular sentromerasi orqali oʻzaro birikkan, xromatidlar esa boʻlinish duki iplariga ilashgan boʻladi. Anafazada xromatidlar oʻrtasidagi bogʻlanish uzilib, har bir xromosoma 2 ta mustaqil xromatidga ajraladi. Axromatin ipchalarning qisqarishi tufayli xromosomalar qarama-qarshi qutblarga tarkala boshlaydi.

Telofazada xromosomalar qutblarga joylashadi; spirali yoyilib ular yana uzun ipchalar – xromatidlar shakliga kiradi va yorugʻlik mkroskopda koʻrinmaydigan boʻlib qoladi; yadrocha qayta tiklanadi; yadro membranasi hosil boʻladi. Sitoplazma oʻrtasida botiqlik paydo boʻlib, chuqurlasha borishi va hujayraning teng ikkiga boʻlinishi bilan telofaza tugallnib, yana qaytadan interfaza boshlanadi.

Mitozda sodir boʻladigan jarayonlar nerv tizimi hamda buyrak usti bezi, gipofiz, qalqonsimon bez, jinsiy bezlar va boshqa(lar) sekretsiya bezlari ishlab chiqaradigan gormonlar orqali neyrogumoral tizim tomonidan boshqariladi. Mitozning kcha-kunduzlik maromi muhitdagi kecha-kunduz davomida sodir boʻlib turadigan oʻzgarishlar va organizmlar faolligi bilan bogʻlik. Mitozning davomiyligiga hujayraning oʻlchami, yadroning ploidligi, atrof muhit sharoiti (xususan, harorat) taʼsir qiladi.

Mitoz hayvon hujayralarida 30-60 min., oʻsimlik hujayralarida 2-3 soat davom etadi. Mitozning biologik ahamiyati boʻlinishga kirishgan dastlabki ona hujayra xromosomalarining boʻlinishdan keyin hosil boʻladigan ikkita yangi qiz hujayralar oʻrtasida teng taqsimlanishidan va bitta hujayra boʻlinib, unga aynan oʻxshash ikkita hujayraning vujudga kelishidan iborat. Mitozda organizmning oʻsishi va rivojlanishi, shikastlangan hujayralarning tiklanishi, oʻlgan hujayralar oʻrniga yangi hujayralar hosil boʻlishi taʼminlanadi.

Baʼzan mitoz tugallanmay qolishi tufayli koʻp yadroli – poliploid hujayralar paydo boʻladi yoki politen xromosomalar vujudga keladi (yana q. Meyoz).

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.