Meningit [yun. meninx – miya pardasi] – bosh miya va orqa miya pardalarining yalligʻlanishi, Mikroorganizmlar qoʻzgʻatadi. Mustaqil kasallik sifatida paydo boʻladigan birlamchi va asoratlar tufayli yoki infeksiya yuqishi, masalan, oʻrta quloq, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, gripp, qizamiq, tepki, sil, zaxm oqibatida kelib chiqadigan ikkilamchi meningit farqlanadi.
Meningit qoʻzgʻatuvchilariga (virusli, bakterial, zamburugʻli; sil, zaxm meningiti va boshqa(lar)), kechishiga (oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali), orqa miya suyuqligi (likvor)ning oʻzgarishiga qarab (yiringli va seroz meningit) ajratiladi.
Chivin va kanalar yuqtiradigan infeksion kasalliklar (enseflit, meningoenefalit)da ham meningit kuzatiladi. Infeksiya meningit bilan ogʻrigan bemor yoki bakteriya tashib yuradigan “sogʻlom” kishilardan (ular bilan soʻzlashganda, oʻpishganda, bemor aksirganda, yoʻtalganda), aksari yuqori nafas yoʻllari yalligʻlangan bemorlardan yukadi. Kattalarga nisbatan yosh bolalar koʻproq kasallanadi.
Aksariyat kech kuz, qish va erta bahorda uchraydi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi, harorat 38-40°ga koʻtariladi, badan uvishadi, bemor tez-tez qayt qiladi (ovqat yesa-yemasa ham), bezovtalanadi.
Meningitning shakliga qarab klinik belgilari xima-xil boʻladi, lekin ularning barchasiga xos ayrim alomatlar mavjud; qattiq bosh ogʻrigʻi, bosh va boʻyin mushaklarining tortishishi natijasida bemornig boshi orqaga engashgan boʻlib, oldinga ega olmaydi, oyoqlari bukilib qoladi.
Baʼzan bemor alahlaydi, talvasa tutishi ham mumkin, tashqi taʼsirotlar (kuchli yorugʻlik, qattiq tovush va h. k.)ga taʼsirchan boʻladi.
Meningit hamisha shiddat bilan boshlanmaydi. Ikkilamchi M. asta-sekin avj oladi; darmon quriydi, bosh ogʻriydi. Agar biror yuqumli kasallik qoʻshilsa, bemorning umumiy ahvoli ogʻirlashadi va yuqorida sanab oʻtilgan klinik belgilar rivojlanadi.
Ksallikning hamma xilida bemorni darhol shifokorga koʻrsatib, albatta, kasalxonaga yotqizish kerak. Davo oʻz vaqtida boshlansa bemor batamom sogʻayib ketadi. Kasallik qoʻzgʻatuchisini tashib yuruvchilar topilsa, jamoadan ajratiladi va davolanadi.
Oldini olish uchun quloq, tomoq va burun boʻshligʻining yalligʻlanish va yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolash lozim.