Maymoqlik

Maymoqlik – oyoq panjasining qiyshiq boʻlishi (deformatsiyasi). Maymoqlikning tugʻma va hayotda orttirilgan xillari farq qilinadi. Maymoqlik, koʻpincha, tugʻma boʻlib, aksari oʻgʻil bolalarda uchraydi, bunga bolaning ona qornidaligidayoq boldir mushaklarining rivojlanmay qolishi sabab boʻladi.

Turmushda orttirilgan maymoqlik oyoq panjasi va boldir suyaklarining sinib, notoʻgʻri bitishi, shuningdek, falaj, mushak va nerv tolalarining har xil kasalliklari oqibatida paydo boʻlishi mumkin. Maymoqlikda bir yoki ikkala oyoqning toʻpikdan pastki qismi bir-biriga qaragan, tovon yumaloq boʻladi.

Maymoq bola yoshiga toʻlib, yura boshlaganda avval teri va mushaklar, soʻng toʻpikdan pastki qismdagi mayda suyaklar shakli oʻzgaradi. Oqibatda bemor oyoq panjasining tashqi chekkagi, baʼzan ichki yuzasi bilan yuradi. Maymoqlikda pay va pardalar tortilishi natijasida choʻzilib kuchsizlanadi; boldir ham oʻsmay qoladi.

Maymoq odam silkinib-silkitib yuradi, odatdagi poyabzalni kiya olmaydi. Ikkala oyogʻi maymoq odam tik tura olmaydi, koʻpincha, gandiraklab, faqat kassa bilan yuradi.

Davosi. Tugʻma maymoqlikni davolashni bola hayotining dastlabki kunlaridanoq boshlash lozim. Buning uchun qiyshiq oyoqli toʻgʻrilaydigan maxsus harakatlar va bogʻlov (vaqti-vaqti bilan almashtirib turadigan doka yoki gipsli, gipshinali) tavsiya etiladi, oyoq mushaklarini mustahkamlash uchun massaj buyuriladi.

Bular yordam bermasa, operatsiya qilinadi. Bemor yoshlikda davolansa, hech qanday asorat qolmaydi, tuzalib ketishi mumkin. Orttirilgan M. da faqat jarrohlik usuli qoʻllanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.