Leykotsitlar [leyko… va yun. cytus – hujayra], oq qon tanachalari – odam va hayvonlar qonidagi rangsiz hujayralar; qonning yadroli shaklli elementlari.
Yadrosining shakli har xil, shunga koʻra, tayoqcha yadroli, segment yadroli va monotsitlarga ajratiladi. Leykotsitlar koʻmik, limfa tugunlari va taloqda hosil boʻladi. Donali leykotsitlar (granulotsitlar) va donasiz leykotsitlar (agranulotsitlar) farq qilinadi.
Qonni tekshirganda leykotsitlarning boʻyalish xususiyatiga qarab, ularni eozinofillar (kislotali boʻyoeozin bilan boʻyaladi), bazofillar (asosli boʻyoq – metilen koʻki bilan boʻyaladi) va neytrofillaga (neytral boʻyoqlar bilan boʻyaladi) boʻlinadi, ularning har biri maʼlum bir funksiyani bajaradi.
Leykotsitlar qon tomir oʻzanidan chiqib hujaralararo boʻshliqda oʻzicha harakat qila oladi. Ular organizmning yot jismlar kirgan joyiga yetib kelib, mikroorganizmga yaqinlashgan, soxta oyoqlar chiqarib, uni hamma tomondan oʻrab oladi va yutib yuboradi (q. Fagotsitoz).
Organizmni mikroorganizmlardan himoya qilishda qon yaratuvchi aʼzolarning roli katta, bu vaqtda ular koʻplab leykotsit ishlab chiqaradi. Fagotsitozda faqat L. gina emas, balki organizmdagi boshqa hujayralar ham ishtirok etadi. Bunday hujayralar makrofaglar deyiladi.
Leykotsitlar, makrofaglar, qon va toʻqimalardagi boshqa faol moddalar faqat bakteriyalar hamda kasallik qoʻzgʻatuvchi agentlarni yutib yubormay, balki organizmni jarohat yoki kasallik tufayli nobud boʻlgan hujayralardan, toksinlardan ham tozalaydi. Shu bois turli kasalliklarda qonda L. soni ancha oshib ketadi (q. Qon yaratilishi). 1 mkl qonda, odatda, 4000-9000 leykotsit boʻladi. Ular soni kun boʻyi oʻzgarib turadi, masalan, ertalab L. kam boʻlsa, tushdan keyin koʻpayadi.
Leykotsitlarning ayrim turlari protsent jihatdan muayyan nisbatda boʻladi (ahyonda oʻzgarishi ham mumkin), bu nisbat leykotsitar formula deb ataladi. Leykotsitlar sonining ortib ketishi (9000 dan ortiq) leykotsitoz, kamayishi (4000 dan kam) peykopeniya deyiladi. Limfotsitlar va monotsitlar ham L. ning bir turi – agranulsitlarga (donasiz L. ta) kiradi.
Immunitet vujudga kelishida limfotsitlarning roli katta; ular toksinlarni zararsizlantiradi va antitelolar hosil boʻlishida qatnashadi.