Laringit [laringo… yun. itis – yalligʻlanish] – hiqildoq shilliq qavatining yalligʻlanishi. Oʻtkir va surunkali xillari bor.
Oʻtkir laringit, koʻpincha, katar, gripp, qizamiq, skarlatina, koʻkyoʻtal va boshqa(lar), shuningdek, butun organizmning sovqotishi, ovoz boylamlariga zoʻr kelishi (baqirib gaplashish), muzdek yoki juda issiq ovqat isteʼmol qilish, tamaki chekish, spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish natijasida roʻy beradi.
Oʻtkir laringitda bemor tomogʻi koʻrib, kirilishi, tirnalishidan shikoyat qiladi; yoʻtal tutadi, tovushi boʻgʻiq, doʻrillagan yoki butunlay chiqmay qoladi, baʼzan yutinganda ogʻriq paydo boʻladi. Oʻtkir laringitning kataral, diffuz, gemorragik, flegmonoz va boshqa(lar) shakllari farq qilinadi.
Koʻpincha, bolalarda (xususan, 6-8 yoshgacha boʻlgan bolalarda) oʻtkir laringitning soxta krup (boʻgʻma) shakli uchraydi. Bu, odatda, ekssudativ diatez va boshqa(lar) allergik kasalliklarga moyil bolalarda kuzatiladi.
Oʻtkir kataral laringit tezda tuzalib ketishi, diffuz-gemorragik shakli esa ogʻirroq kechib, uzoq davom etishi mumkin. Flegmonoz laringitda bemorning ahvoli mushkullashadi, x-rati koʻtariladi, hiqildoq sohasida ogʻriq paydo boʻlib, yutish qiyinlashadi va x. k.
Oʻtkir L. ning bot-bot qoʻzib turishi va uni yaxshi davolamaslik, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ovozni zoʻriktirib qoʻyish (oʻqituvchilar, lektorlar, ashulachilarda) va boshqa(lar) surunkali L. ga sabab boʻladi. Surunkali L. bilan ogʻrigan bemorning tovushi xirillab boʻgʻladi, tez tolikadi, koʻpincha, yoʻtalib turadi.
Davosi: kasallikning xili va kechishiga qarab fizioterapevtik muolajalar, dorivor modalardan ingalyatsiya buyuriladi, organizmni chiniqtirish, kasbga oid zararli moddalarni yoʻqotish tavsiya etiladi.