Konyunktiva

Konyunktiva [lot. conjunctivus – biriktiruvchi] – koʻz shilliq pardasi. Yuqori va pastki qovoqlarning ichki (koʻz soqqasiga qaragan) sathini va koʻzning oqsil (oq) pardasini bekitib turadi.

Qovoqlar ust tomondan yupqa teri bilan, koʻzning ichki yuzasiga qaragan sathi esa shilliq parda – konyunktiva bilan qoplangan. Konyunktivalar ichkarida koʻz sohasiga yopishadi. Yuqori kovoqning shilliq kavatida 30—40, pastki qvoqning ichki yuzasida 20-30 ta mayda koʻz yoshi bezchalari joylashgan.

Ular ajratgan suyuqlik konyunktivani, shilliq parda sathini va koʻz muguz pardasini toʻxtovsiz namlab, koʻrib qolishdan saqlab turadi (yana k. Koʻz). konyunktivit – konyunktivatng yalligʻlanishi. Asosan, infeksiya (streptokokk, pnevmokokk va boshqa(lar)), fizik va kimyoviy moddalar tushishi (masalan, qovoklarni hadeb boʻyash – ekzgen omil), umumiy infeksion kasalliklar (qizamiq, skarlatina, allergik yoki meʼda-ichak yoʻli kasalliklari – endogen omil), shuningdek, alkogolizm va boshqa(lar) sabab boʻladi.

Oʻtkir va surunkali turlari farq qilinadi. Oʻtkir konyunktiva kelib chiqishiga koʻra infeksion boʻlib, odatda, toʻsatdan boshlanadi. Koʻpincha, ikkala koʻz baravar sanchib ogʻriydi, achishadi, yosh oqadi, qovoq shishadi, ogʻirlashib, yumilib qoladi, bemor yorukka karay olmaydi (q. Yorugʻlikka qaray olmaslik); koʻzdan yiring oqa boshlaydi, koʻz yorigʻi torayadi, koʻrish izdan chiqadi va h. k.

Baʼzan konyunktiva alomatlari roʻy-rost koʻrinmaydi, grippga oʻxshab kechishi ham mumkin. Koʻpincha, mikroblar va viruslar qoʻzgʻatadigan konyunktiva yuqumli boʻladi. Shu bois, kasallik alomatlari paydo boʻlganda darhol koʻz vrachiga koʻrinish zarur.

Surunkali konyunktiva asta-sekin rivojlanadi. Unga Turmushda, ish joyida sanitariya-gigiyena sharoitining yomon boʻlishi (chang, tutun, xonaning yaxshi shamollatilmasligi, kimyoviy moddalar hidi), kamqonlik, qandli diabet, moddalar almashinuvining buzilishi, tish, tomoq, burun kasalliklari, koʻzning gipermetropiya yoki astigmatizm tufayli zoʻrikib ishlashi, qovoq va koʻz yoshi yoʻli kasalliklari sabab boʻladi.

Bunda bemorning koʻzi achishadi, yosh oqadi, qovogʻi kichishadi, sanchib ogʻriydi, goʻyo koʻziga qum qadalayotgandek boʻladi. Kasallik uzoq choʻziladi, dam bosilib, dam zoʻrayib turadi. Bemor faqat koʻz shifokori buyurgan dorilar bilan davolanishi kerak. Uning oldini olish uchun shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish zarur.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.