Klimaks

Klimaks [yun. Klimakter – zinapoya], klimakteriya davri – jinsiy faoliyatning susayib, keksaya borish davriga oʻtish pallasi. Ayollarda xam, erkaklarda ham kuzatiladi. Klimaksning yuzaga kelishi jinsiy bezlar faoliyatining susayishi bilan birga organizmda vaqtincha roʻy beradigan oʻzgarishlarga asoslangan.

Klimaksda ayollarning hayz koʻrishi oʻzgaradi; gipotalmus — gipofiz – tuxumdon parda funksional oʻzgarishlar vujudga keladi. Hayz qoni toʻtab-toʻxtab keladi, baʼzan koʻp va uzoq ketib, nihoyat, butunlay toʻxtaydi (menopauza).

Yurak-tomir va nerv tizimining faoliyati buziladi: boshiga qon koʻp kelib, yuzi qizaradi, badani avval qizib, keyin junjiydi va sovuq ter bosadi, halloslaydi, qulogʻi shangʻilladi; ayol salga qoʻzgʻaluvchan yoki mayus boʻladi, xotirasi pasayadi, sababsiz betoqat boʻladi, boshi ogʻriydi, uyqusi buziladi va h. k. Baʼzan yuragi oʻynaydi, yurak sohasida ogʻriq seziladi. Klimaksda paydo boʻladigan alomatlar organizmning umumiy holatiga bogʻliq.

Koʻpchilik ayollarda sezilarsiz oʻtishi, bu ularning umumiy ahvoliga taʼsir etmasligi ham mumkin. Bu davr ogʻirroq kechganida qalqonsimon bez faoliyati (yurak oʻynashi, qoʻl qaltirashi) va moddalar almashinuvining buzilishi (ayol semirib yoki juda ozib ketadi), ruhiy iztirob, hayajonlanish, nevroz, psixopatiya va boshqa holatlar kuzatiladi.

Bu jarayon, odatda, 45-50 yoshlarda boshlanadi, u odatdagidan ertaroq (40 yoshgacha – erta klimaks) yoki kechroq (55 dan keyin – kechikkan klimaks) roʻy berishi ham mumkin. Bu mehnat, turmush tarzi, iqlim sharoiti hamda irsiy xususiyatlarga, shuningdek, ayolning yetuklik davri qanday oʻganligiga (abort, tutish, jinsiy hayoti va boshqa(lar)) bogʻliq. Klimaks davrini oʻtkazayotgan ayol baʼzan boʻyida boʻlib tutishi ham mumkin.

Erkaklarda klimaks bir kadar kechroq – 60 yoshlarda kuzatiladi; neyro-gumoral oʻzgarishlar, yurak sohasida ogʻriq, xotira va ish qobiliyatining pasayishi, uyqusizlik va boshqa(lar) noxush alomatlar paydo boʻladi. Klimaks, erkak yoki ayol organizmida kechishidan qati nazar, unga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlishi bilan shifokorga uchrashish va tegishli maslahatlar olish zarur.

Davosi: mehnat va dam olishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, miriqib uxlash, suv muolajalri, badan tarbiya; dori-darmonlar – gormonlar, vitaminlar va boshqa(lar) buyuriladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.