Hayz

Hayz, hayz sikli, oy koʻrish, menstruatsiya – balogʻatga yetgan qiz bolada va bola tugʻish yoshidagi ayollarda har 26-29 kunda, baʼzan 21-24 kunda (qisqa sikl) sodir boʻladigan biologik jarayon; hayz siklida, asosan, tuxumdon va bachadonda oʻzgarish roʻy berib, bachadondan maʼlum miqdorda qon ketadi. Hayz koʻrish markaziy nerv tizimi (bosh miya poʻstlogʻi, gipotalamus, gipofiz) tomonidan boshqariladi.

Gipotalamus – bosh miyaning asosiy qismi, ichki aʼzolar ishini boshqarib, tartibga solib turadi, u ajratgan neyrogormonlar gipofiz faoliyatini kuchaytiradi. Gipofiz ham, oʻz navbatida, ichki sekretsiya bezlari, xususan, jinsiy bezlar (tuxumdon) faoliyatini kuchaytiradigan gormon ishlab chiqaradi.

Tuxumdonda gipofizdan ajraladigan gormonlar taʼsirida tuxum hujayrali follikula (Graaf pufakchsi) oʻsadi va rivojlanadi. Follikula yetilyotganida bachadonga bevosita taʼsir etadigan maxsus jinsiy gormonlar (estrogenlar) ajratadi. Follikula yetilgan yorilib, undan yetilgan tuxum hujayra chiqishiga ovulyatsiya jarayoni deyiladi. Yorilgan follikula oʻrnida sariq tana – ichki sekretsiya bezi hosil boʻladi; sariq tanadan progesteron ajraladi.

Progesteron va estrogenlar taʼsirida bachadon shilliq qavati kalinlashadi, uning qon tomirlari kengayib, qon bilan toʻladi. Agar ayolning boʻyida boʻlmasa, sariq tana nobud boʻladi, bachadon shilliq qavatining funksional qismi parchalanib koʻnadi va hayz koʻriladi. Keyinchalik shilliq qavat yuzasi asta-sekin bitib, asli holiga keladi. Shunday qilib, tuxum hujayra yetilishi davriy ravishda (har 21-25 kun, koʻproq 28 kunda) takrorlanib turadi.

Qiz bolaning birinchi hayz koʻrishi, unda ikkilamchi jinsiy belgilar (masalan, koʻkrak bezi toʻlishib, qov usti va qoʻltiqda tuk oʻsishi va boshqa(lar)) yetilganidan keyin boshlanadi (q. Balogʻatga yetish). Birinchi hayz koʻrish muddati qiz bolaning sogʻligʻi va turmush tarziga, shuningdek, turarjoyi va Iqlimga bogʻliq.

Qizlarning hayz koʻrishi kechiksa (15-16 yoshgacha), albatta, ayollar maslahatxonasiga urashishi va tegishli maslahat olishi lozim. Oylik qon kelishi ayol organizmining (qiz bolaning) xususiyatlariga bogʻliq. Hayz koʻrish muddati boshida oʻzgaruvchan boʻlib, keyinchalik aniq bir vaqtga toʻgʻri keladi. Koʻpchilik ayollarda hayz maʼlum kunlarda boshlanib, doim bir tekis, ogʻriqsiz kechadi, ayolning umumiy ahvoli deyarli oʻzgarmaydi, ular odatdagi yumushlrini bajaraverishlari mumkin, ammo ortiqcha toliqmasliklari, jismonan zoʻriqmasliklari, gigiyena qoidalariga rioya qilishlari kerak. Hayz koʻrish vaqtida baʼzi ayollarning kayfiyati buzilib turadi, boʻshashadi, sut bezlari dagʻallashadi.

Hayz koʻrish siklining oʻzgarishi organizmda biror-bir kasallik borligidan dalolat beradi. Shu bois har bir ayol maxsus hayz kalendari (oynomasi) tuzishi va unga oy kuni, muddati va boshqa(lar) maʼlumotlarni muntazam qayd qilib borishi lozim, shunday qilinsa, hayz koʻrish siklining buzilishini oʻz vaqtida aniqlash mumkin. Homiladorlik va baʼzan bola emizish davrida ayol hayz koʻrmaydi.

Ayolning boʻyida boʻlmagan davrida qon koʻrmay qolishi (amenoreya) yoki ahyonda biroz qon kelishi (gipomenstrual sindrom), bir necha kun koʻp qon kelishi (menorragiya), uning ogʻriqli boʻlishi (algomenoreya), shuningdek, hayz qonidan tashqari bachadondan qon ketishi (metrorragiya) biror kasallikdan darak beradi, uni oʻz vaqtida aniqlab davolash talab etiladi. Bundan tashqari, ayrim ayollarda oy koʻrish oldi xolati kuzatiladi; bunda ayol boʻshashadi, kayfiyati oʻzgaradi, sut bezlari dagallashadi, boshi aylanadi, uyqusi buziladi, yuragi oʻynaydi, baʼzan yurak sohasida ogʻriq paydo boʻladi.

Ayol organizmining normal funksional holati turmush tarzining bekamu koʻst boʻlishiga, qizlarni yoshligidan boshlab toʻgʻri tarbiyalash va parvarish qilishga bogʻlik. Bu gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, organizmni chiniqtirish, yaxshi ovqatlanish, mehnat va dam olishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, jismoniy mashqlarni bajarish, infeksion kasalliklardan saqlanish, agar kasallik roʻy bergudek boʻlsa, oʻz vaqtida davoltishdan iborat. Shuni nazarda tutish kerakki, qiz bola organizmi H. koʻrguncha unga asta-sekin tayyorlanib boradi, bunda organizmning bir-biri bilan bogʻlik boʻlgan aʼzo va tizimlari (ichki sekretsiya bezlari, yurak-tomir, nerv tizimi va h. k.) ishtirok etadi, bu murakkab jarayonning hammasi H.siklining meʼyoriy kechishida muhim rol oʻynaydi.

Qiz bola organizmi balogʻatga yetish davrida Hissiyotga toʻla, turli noxush omillarga nisbatan oʻta taʼsirchan boʻladi.

Asabiy va ruhiy buzilishlar, turmushdagi noxushliklar, jismoniy va aqliy jihatdan tolikish, shuningdek, ayrim infeksion kasalliklar H.siklining buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois bu davrda qiz bola bilan nihoyatda ehtiyot boʻlib muomala qilish, jajallashmaslik, oʻta toliqishga yoʻl qoʻymaslik zarur. Qizlar birinchi bor oy koʻrganida (bu haqda tasavvurga ega boʻlmasa) juda hayajonlnadi. Shu bois qiz bolani H. koʻrishiga oldindan tayyorlab borish lozim.

Hayz faoliyatining buzilishi va boshqa(lar) ginekologik kasalliklarning oldini olishda H. koʻrish vaqtidagi gigiyena qoidalariga amal qilish zarur. Vanna qilish, choʻmilish tavsiya etilmaydi, gigiyenik dush qabul qilish mumkin. Jismonan zoʻriqgiradigan mashqlar bilan shugʻullanmaslik kerak.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.