ekzema

Ekzema

Ekzema [yun. ekzema – pufakcha, toshma], goʻsh – terining allergik kasalligi (q. Allergiya). Nerv va endokrin tizim faoliyatining buzilishi, organizmda surunkali infeksiya manbai boʻlishi (tonzillit, gaymorit va boshqa(lar)), shuningdek, meʼda-ichak kasalliklari oqibatida organizm sezuvchanligining ortishi va boshqa(lar) ekzemaga sabab boʻladi. Ekzema oʻtkir boshlanib, keyin surunkali tus olishi va kaytalashi mumkin. Ekzemaning oddiy (vulgar), surunkali, kontaktli, mikrobli va h. k. shakllari bor.

Oddiy ekzema oʻtkir kechganda kasallik toʻsatdan boshlanadi. Dastlab teri qilishadi, qizarib, biroz shishadi va unda tarikdek tugunchalar, doʻsti yupqa pufakchalar paydo boʻladi. Bemor qashinganda pufakchalar tez yorilib, ulardan tiniq suyuqlik chiqadi. Toshmalar suvlanishi natijasida yangi pufakchalar hosil boʻlaveradi (nam ekzema). Keyin suvlanish kamayadi, toshmalar usti kotib, 3-5 kundan keyin tushadi. Toshmalar oʻrni uzoq vaqt qipiqlanib, poʻst tashlab turadi. Ekzemada baʼzan zararlangan teri suvchirab, atrofida mayda tugunchalar, pufakchalar hamda qipiqlanadigan tangachalar vujudga keladi. Yalligʻlangan joyga infeksiya tushsa, yiringlaydi.

Surunkali ekzemada zararlangan teri asta-sekin qalinlashib koʻkaradi, poʻst tashlaydi, kpiqlanadi. Koʻpincha, (oʻtkir ekzema dagidan kamroq) mayda tuguncha va toshmalar ham kuzatiladi. Toshma aksari yuzda, qoʻl, oyoq barmoqlarida, boʻyin va tanosil aʼzolarida uchraydi. Bu xil ekzema qoʻzib, oʻtkir ekzemaga aylanishi, toshma butun tanaga tarqalishi ham mumkin. Kontaktli ekzema aksariyat terining turli omillarga taʼsirchaligidan kelib chiqadi, barmoqlar, bilak va yuz terisida uchraydi, dastlab toshma toshib, teri shishadi va suvsizlanadi.

Mikrobli E. koʻproq yuzaki piodermiya ikkilamchi yalligʻlanib, E. ga aylanganda, oqma yara, kuygan joy va chipqon atrofida yuzaga keladi. Bu E. tizza, barmoqlar, yuz terisi va sonda kuzatiladi. Ayrim hollarda (piodermiya va boshqa(lar) teri kasalligi bor bemorlarda) E. ning bu turi kichishib, usti kipiqlanadigan katta-kchik dumaloq yoki choʻzinchoq dogʻlar ekzematidlar shaklida yuzaga keladi.

Toshmalar angina, gripp, oʻtkir ichak kasalliklaridan soʻng ham paydo boʻlishi mumkin.

Seboreyali E. (moyli goʻsh) koʻproq soch, yuz, boʻyin, qoʻltiq, taqim va boshqa(lar) soha terisida boʻladi. Kasallangan terida moylangandek yaltiroq, usti qipiqli sargʻimtir-qizgʻish dogʻlar hosil boʻladi. Bosh qichiydi, kepaklanadi, koʻz millari qizarib, shishadi. Kasallik uzoq choʻziladi. Bolalar E. si ekssudativ-kataral diatez bilan ogʻrigan bolalarda kuzatiladi. Aksariyat chillasi chiqmagan goʻdaklarda uchrashi tufayli “chilla yara” ham deyiladi. Bolaning boshi, yuzi, koʻkragiga toshma toshib, suv ochadi, qattiq qichishadi, boshida qasmoq koʻpayib, terisi qizarib, yalligʻlanadi. Toshma sogʻ teriga ham tarqashi mumkin. Bolalar gushi, odatda, bolani notoʻgʻri ovqatlantirish natijasida kelib chiqadi.

Koʻpincha, E. bilan ogʻrigan bemor va uning ota-onalarida ayrim ovqat mahsulotlari: baliq, tuxum, sitrus mevalar, shuningdek, uy changi, gul hidi, kir yuvish poroshogi, biror doriga nisbatan oʻta yuqori sezuvchanlik aniqlanadi; bu xildagi omillar kasallik paydo boʻlishi yoki uning bot-bot qoʻzib turishiga sabab boʻladi.

Notoʻgʻri ovqatlanish, asabiylashish, ruhiy iztirob va boshqa(lar) noxush omillar taʼsirida kasallik zoʻrayishi va sogʻ teriga tarqalib ketishi mumkin.

Ekzemani shifokor davolaydi. Sut, oʻsimlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar tavsiya etiladi; shoʻr, achchiq, dudlangan ovqatlar va spirtli ichimliklarni cheklash, shuningdek, karbonsuvlarni imkoni boricha kam isteʼmol qilish lozim. Ekzema boʻlgan bemor vaqtincha kasallangan joyiga suv, sovun tekizmasligi kerak.

Ekzemasi bor kishilar vaqtida uxlab, vaqtida dam olishi, koʻproq sayr qilib organizmni chiniqtirishi va toʻgʻri ovqatlanishi zarur. Ekzemaning oldini olishda ovqatlanish tartibiga rioya qilish; E. paydo boʻlishiga olib keladigan omillarni bartaraf etish, ichki kasalliklar boʻlsa, vaqtida davolatish, ayniqsa, muhim.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.