Dam olish

Dam olish, hordiq chiqarish – charchoqni yozadigan (q. Charchash), kuch-quvvatni joyiga keltiradigan, ish qobiliyatini tiklashga yordam beradigan faoliyat yoki orom holati.

Mehnat va dam olish odamning oʻqish, i. ch. va boshqa(lar) faoliyatlari bilan uzviy bogʻlangan. Yetarli dam olmaslik – ish qobiliyatining pasayishi va hatto yoʻqolishi, organizmning himoya kuchi susayishi, turli kasalliklar paydo boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin.

Mehnat va dam olishni toʻgʻri tashkil etish salomatlik va ish qobiliyatini uzoq vaqt saqlab qolishga imkon beradi.

Fiziologik maʼnoda dam olish – faoliyatning alohida holati boʻlib, bunda ishlamay turgan hujayralar oʻz normal tarkibini tiklaydi. Uyqu dam olishning eng taʼsirli turi boʻlib, uyqu paytida birinchi navbatda miya hujayralarida tiklanish jarayoni jadal boradi.

Bir xil ishdan boshqasiga oʻtish, aqliy faoliyatni yengil jismoniy mehnat bilan navbatlash charchokni yoʻqotadi; bu ham dam olishning oʻziga xos turi hisoblanadi.

Ogʻir jismoniy yoki aqliy mehnadan keyin ish qobiliyatini mumkin qadar tezroq tiklash uchun passiv hordiqni (tamomila tinch holatda) aktiv dam olish bilan navbatlash lozim.

Dam olishning 3 turi (kundalik, bir haftalik va yillik) mavjud. Kundalik hordiqqa ish kuni davomida qisqa muddatli tanaffuslarda bajariladigan i. ch. gimnastikasi kiradi.

Ovqatlanishga ajratilgan vaqtning bir qismini toza havoda oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Kundalik charchoq yozish tiniqib uxlash bilan yakunlanadi. Haftada 5 kun ishlab 2 kun D. o. sof havoda uzoqroq boʻlish, sport bilan shugʻullanish imkonini beradi.

Yillik D. o. taʼtil davomida taʼminlanadi. Yillik mehnat taʼtilida tabiat quchogʻida boʻlish, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda nihoyatda foydali. Oqilona hordiq. tartibi koʻpgina omillar, xususan, mehnat sharoitlari, kishining yoshi va boshqa(lar)ga qarab tanlanadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте как обрабатываются ваши данные комментариев.