Chekish – ayrim tutovchi oʻsimlik mahsulotlari (tamaki, afyun va boshqa(lar)) tutunidan nafas olish. Tamaki chekish keng tarqalgan zararli odatlardan boʻlib, chekuvchi va uning atrofidagi odamlar sogʻligʻiga yomon taʼsir etadi; yurak-tomir, meʼda, oʻpka kasalliklari rivojlanishiga olib keladi.
Tamaki chekkan odam unga oʻrganib, chekmasdan turolmaydigan boʻlib qoladi. Tamaki tarkibidagi nikotin odam organizmiga kuchli taʼsir etib, u markaziy va periferik nerv tizimiga vaqtincha qoʻzgʻatuvchi taʼsir koʻrsatadi, arterial qon bosimini oshiradi, mayda tomirlarni toraytiradi; nafasni tezlashtiradi va h. k.
Nikotin bilan birga tamaki tutunidagi yoyish mahsulotlari ham organizmni zaharlaydi. Tamaki tutunida kanserogen moddalar boʻladi. Tamaki tutunidan tish amali shikastlanadi, kariyes, stomatit, gingvit kabi kasalliklar vujudga keladi, u bronxlar shilliq pardasiga taʼsir etib, surunkali bronxit va oʻpka emfizemasiga, keyinchalik tuzatib boʻlmaydigan xavfli oʻsmalar rivojlanishiga olib keladi.
Surunkasiga uzoq vaqt chekish kishining tez qarishiga sabab boʻladi. Toʻqimalarning kislorod bilan yomon taʼminlanishi, mayda tomirlarning torayishi chekuvchilarning tashqi koʻrinishini oʻzgartirib yuboradi (koʻz oqi va teri sargʻimtir tusga kiradi, soʻlgʻinlik paydo boʻladi). Nafas yoʻllari shilliq pardasidagi oʻzgarish tovushga taʼsir etadi (tovush boʻgʻiqlashadi, odam xirillab nafas oladi).
Nikotin yoshlarga va keksalarga ancha salbiy taʼsir koʻrsatadi, chunki ularning nerv tizimi nikotin taʼsiriga oʻta sezuvchan boʻladi. Chekish homiladorlik davrida ayniqsa, zararlidir, bunda nikotin ona qoniga oʻtib, homilani zaharlaydi.
Chekish irsiyatni ham zaharlab, nimjon, nuqsonli farzandlar tugʻilishiga olib kelishi mumkin.
Chekish oʻta zararli boʻlgani uchun keyingi paytlarda qator mamlakatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda ham chekishga qarshi qaratilgan bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda, tamaki mahsulotlarini reklama qilish va uni bolalarga sotish, jamoat joylarida va transportda chekish taqiqlanadi va h. k. Koʻpchilik chekuvchilarning chekishni tashlagandan soʻng kishi xastalanib qolishi mumkin degan gapi asossiz, chunki zahardan oʻzini tiygan kishi hech qachon zarar koʻrmagan.
Kishi har qancha kashanda boʻlsa ham chekishdan qutulish mumkin. Buning uchun unda mustahkam iroda va chekishni tashlashga qatʼiy qaror boʻlishi kerak. Chekishni tashlagan kishida qandaydir noxushlik, jizzakilik, uyqu buzilishi, baʼzan bosh ogʻrigʻi kabi holatlar kuzatiladi. Lekin bular keyinchalik barham topadi. Chekishni tashlamoqchi boʻlganda vrach-narkologga uchrashish va tegishli maslahatlar olish lozim.